Mehr ko‘ngillarni obod etadi
«Odamlarning yaxshisi odamlarga ko‘p foydasi tegadiganidir».
(Qazoiy rivoyati)
Momolarimiz duoga qo‘l ochar ekan, yurtga tinchlik, el ko‘ngliga xotirjamlik, tanga sihatlik tilaydi, so‘ngra farzandlari, nabiralarining kamolini so‘raydi. Tinchlik hukmron yurtda osoyishta hayot, obod turmush bunyod bo‘ladi. Ayyomlar ayyomlarga ulashadi, shodiyonalar olam-olam zavq beradi qalblarga. Barchasiga tayanch Vatan bo‘ladi. Quyoshi, suvi, havosi, tuprog‘i ham tanga rohat, har go‘shasi obod bu diyorning.
Bu yurtda, bu elda inson qadri hamisha aziz. Mehr bor joyda azizu mukarramlik bo‘ladi. Chehrasi munavvar ulug‘larimiz nonni nasiba, deb yuz-ko‘ziga suradilar. Dasturxon nozu ne’matlarga to‘ladi. Shukrona tilaklar aytiladi. Ayniqsa, ulug‘ ayyom kunlarida rishtalar mustahkamlanadi. Yo‘qsillar yo‘qlanib, bemorlar holidan xabar olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘ngillar obod, nurafshon bo‘ladi. Bu xislatu fazilat elning boqiy qadriyatiga aylangan.
Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin!