Barvaqt qo‘yilgan tashxis ko‘krak saratonining oldini olishda juda muhim

Hozirgi davrda o‘sma kasalliklari butun dunyo bo‘yicha global muammo bo‘lib hisoblanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra ko‘krak bezi saratoni o‘sma kasalliklari ichida eng ko‘p uchraydigan xastalik bo‘lib, xotin-qizlarda o‘lim holati yuz berishiga sabab bo‘lmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha ushbu dardning erta bosqichlarida uni aniqlash bemorning sog‘ayishiga zamin yaratadi.

Barvaqt tashxis qo‘yish xastaning kasallikdan butunlay sog‘ayib ketish ehtimolini 94 foizga oshiradi. Buning uchun xotin-qizlar o‘zlarida kuzatilayotgan har qanday o‘zgarishlarga bee’tibor bo‘lmasliklari lozim. Ma’lumki, 40 foiz o‘sma kasalliklarining oldini olishda zararli odatlar (ya’ni, kashandalik)dan voz kechish, to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish, faol bo‘lish hamda saraton kasalliklarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish zarur.

Ko‘krak bezi saratoni kasalligida sut bezining normal bez hujayralari o‘sma xujayralariga aylanadi. Xastalik yuzaga kelishida bir qancha xavf omillari farqlanadi:

— Irsiy omil, ya’ni kasallangan ayolning onasi, xolasi va opalarida ushbu dardning mavjudligi, ichki gormonal omil – estrogen gormonining (11 yoshgacha bo‘lgan davrda erta hayz ko‘rish), hayzning kech to‘xtashi (55 yoshdan so‘ng), birinchi tug‘ishning kechikishi, ayolning tug‘masligi yoki tug‘ishdan keyin bolani ko‘krak suti bilan emizmaslik, chekish (kashandalik), giyohvandlik, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, ko‘krak bezining shikastlanishlari.

Bu kasallikdan himoyalanishning eng yaxshi usuli unga erta tashxis qo‘yishdir. Har oyda bemorning o‘zi ko‘krak bezini tekshirib ko‘rishi va mutaxassis ko‘rigidan o‘tishi lozim. O‘z-o‘zini tekshirish oyda 1 marta hayz siklini 1 chi kunida va 5-12 kunida o‘tkaziladi.

 

Bunda quyidagi xastalik belgilariga e’tibor berish kerak:

Ko‘krak bezi uchining shakliga diqqat qaratish muhim. Agar u ichkariga kirib ketgan bo‘lib, kichraygan bo‘lsa, bu holat o‘sma kasalligi ehtimoli borligini bildiradi.

Sut bezining shakli saqlanganligi, unda notekisliklar yo‘qligiga e’tibor berish shart. Chunki shu tarzda tekshirilib ko‘rilganda aniqlik yuzaga kelishi mumkin.

Uning qattiqlashib qolgan joylari bor – yo‘qligini tekshirish lozim.

Qo‘ltiq osti limfa tugunlarining hajmiga e’tibor berish ham muhim. Ularning kattalashuvi – o‘sma kasalliklaridagi asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.

Ushbu a’zo terisining rangini kuzatish ham zarur hisoblanadi.

Ko‘krak bezida og‘riq kuzatilishi, hayz sikli davomida noxush o‘zgarish sezilishi yuqoridagilardan tashqari yana boshqa klinik belgilar ham ahamiyatga ega.

  1. Toshoyna oldida turib, bemor qo‘llarini pastga tushirgan holda ko‘krak bezi shakli va ko‘krak uchi terisi ko‘rinishini ko‘zdan kechirishi kerak. So‘ngra qo‘llar boshning orqasiga uzatiladi. Bunda ko‘krak bezlari shakli va hajmi o‘zgarishi, tortilishi, teri rangining o‘zgarishi kuzatiladi.
  2. O‘ng qo‘l boshning orqasiga qo‘yiladi va o‘ng ko‘krak bezi paypaslab ko‘riladi. Odatdagidan boshqacha o‘zgarishlarga e’tibor beriladi. Xuddi shunday ko‘zdan kechirish chap ko‘krak bezida ham takrorlanadi.
  3. Bosh va ko‘rsatgich barmoqlar yordamida ko‘krak uchi bosib ko‘riladi. Unda qandaydir ajralma bor yoki yo‘qligi tekshiriladi.
  4. Yotgan holatdagi tekshiruvda kurak sohasi tagiga yostiq qo‘yiladi. O‘ng qo‘l bosh ostiga qo‘yiladi va o‘ng ko‘krak bezi paypaslab ko‘riladi.
  5. O‘ng va chap qo‘ltiq osti sohasini qo‘lning aylana xarakati bilan paypaslab ko‘rish darkor.
Yana o‘qing:  Kasallik chaqiruvchi zamburug‘lar inson organizmiga qanday o‘tadi?

 

Bundan tashqari har bir ayol o‘z vaqtida mutaxassis ko‘rigidan o‘tishi lozim. Ularga quyidagilar kiradi.

  1. 40 yoshdan oshgan ayollar yilda 1 marta mammolog-mutaxassis ko‘rigidan o‘tishi shart.
  2. 20 yoshdan oshgan barcha xotin-qizlar 2 yilda 1 marta ko‘krak bezi UTT-ultratovush tekshiruvidan o‘tishi muhim ahamiyatga ega. Bu tekshiruv hayz siklining 5 – 12 kunlari o‘tkaziladi.
  3. Mammografiya – ko‘krak bezi rentgenografiyasi ham amalga oshiriladi.

 

Kasallik xavfini kamaytirish uchun foydali tavsiyalar:

Tibbiy tekshiruvlardan muntazam ravishda o‘tib turish zarur. Jismoniy mashqlarni bajarish kerak. Tana vaznini me’yorda ushlashga harakat qilish sog‘ayib ketishga zamin yaratadi. Zararli odatlar, ya’ni chekishdan voz kechish zarur. Chunki chekish o‘sma kasalliklari kelib chiqishiga turtki bo‘ladi. Onalar o‘z farzandlarini ko‘krak suti bilan boqishi muhim. Taomnomani turli-tuman mahsulotlar bilan boyitish darkor. Meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Yog‘li, qovurilgan ovqatlarni kamroq tanovul etish lozim. Spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik shart. Yoz mavsumida tik tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, ya’ni tanani quyosh nurlaridan himoyalash vositalaridan foydalanish zarur. Kimyoviy moddalar bilan ishlashda ehtiyot choralariga e’tibor berish muhim.

 

Hurmatli xotin-qizlar, o‘zingiz haqingizda hozirdanoq qayg‘uring va salomatligingizni asrashga xarakat qiling.

 

Dilobar MIRRAHIMOVA,

tibbiyot fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: