Salomatlikka kamarbasta
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish” to‘g‘risidagi qarori asosida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro fondining tibbiy-ijtimoiy markazi ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yil ushbu markazning ko‘chma brigadalari yurtimizning olis va chekka qishloq va aholi punktlarida yashovchi oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va tibbiy ahvolini doimiy va rejali ravishda o‘rganib, monitoring olib bordi.
Xususan, fondning 14 ta ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari va Tibbiy-ijtimoiy markaz tomonidan Respublika bo‘yicha 302 ta qishloq va 917 ta mahalladagi 5 ming 724 ta oilaning ijtimoiy sharoiti, ayniqsa, tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar va o‘smirlarning sog‘ligi chuqur o‘rganildi.
Bundan tashqari aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borildi. Shu bilan birga oilalarga tibbiy va xayriya yordamlari ko‘rsatildi. Ko‘chma brigadalar tomonidan 72 ming 656 nafar aholi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ular orasida ayollar va bolalarning son jihatdan ko‘pligi, ayniqsa, ahamiyatli.
Jumladan, 21 ming 242 ta ultratovush, 4 ming 889 ta EKG tekshiruvi, mingdan ziyod audiometriya, 4 ming 483 ta ko‘rish o‘tkirligi va 2 ming 929 ta qondagi gemoglobin ko‘rsatkichini aniqlash tahlili o‘tkazilishi natijasida bemorlarda turli kasalliklar aniqlandi. Shuningdek, ayollarning 1 ming 321 nafari kolposkopiya tekshiruvidan o‘tkazildi. 2 ming 838 nafar turli guruhdagi nogironlarga xayriya yordami ko‘rsatildi.
Tekshiruvlar natijasida ayollarda kamqonlik kasalligi ko‘proq aniqlandi. Bu bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 27,2 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, xotin-qizlar orasida ginekologik, endokrin tizimi hamda organizmda moddalar almashinuvi buzilishi kasalliklari ham aniqlangan. Ushbu xastaliklar Toshkent shahri, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida ko‘proq uchragan.
Tibbiy tekshiruvdan o‘tgan bolalar va o‘smirlarda esa kamqonlik, infeksion va parazitar kasalliklar, endokrin tizimi hamda organizmda moddalar almashinuvi buzilishi xastaliklari aniqlangan. Bemor ayollar, bolalar va o‘smirlarga ambulator yoki kasalxona sharoitida davolanish tavsiya qilingan.
Ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir oila farzandlari va nogironlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tomonidan umumiy qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan dori-darmon, sanitariya va gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar hamda nogironlik aravachalari bepul tarqatildi.
Tibbiy ko‘rik davomida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bolalar, o‘smirlar va ayollarga tibbiyotdagi dolzarb muammolar haqida bukletlar tarqatilib, ular ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazildi. Zamonaviy multimedia texnologiyalari qo‘llanilgan holda slayd va videofilmlar namoyish etildi. Buklet va risolalar tarqatildi.
Shunisi ahamiyatliki, ko‘chma brigadalar hamda markaz tomonidan el salomatligi yo‘lida amalga oshirilgan ishlar tufayli minglab aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtiriladi.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri