Oq sochlar darddan darakmi?
Ko‘zgu qarshisida qolganimizda qaddi-qomatimiz, yuz-ko‘zimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, uni qanday bartaraf etsa bo‘ladi, deb hamisha bosh qotiramiz.
Yillar davomida paydo bo‘layotgan yuzimizdagi mayda ajinlar, sochimizda oralagan oq tolalar kishi ta’bini xira qilishi tayin.
Ammo biz ayollar yoshimizga qaramasdan hamisha go‘zal bo‘lishni istaymiz.Bevaqt sochimizga tushgan oq tolalar kishini o‘z husni borasida jiddiy bosh qotirishiga majbur etadi. Olimlarning ta’kidlashicha, 30-35 yoshdagi ayollarda oq sochlarning uchrashi normal holat ekan.
Sochlarga erta oq tushishi bir necha omillarga bog‘liq bo‘lib, birinchidan bunga notinch va asabiy hayot sabab bo‘lsa, ikkinchidan noto‘g‘ri ovqatlanish, organizmda bir guruh vitaminlar, kalsiy, mis moddasining yetishmasligi sabab bo‘lar ekan. Bundan tashqari yurak-qon tomir xastaligi, qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi, turli infeksion kasalliklar shuningdek, kamqonlik, moddalar almashinuvining me’yorida emasligi ham soch oqarishiga olib keladi.
Ko‘pgina qizlar soch turmagini asrash niyatida qish va yoz mavsumida bosh kiyimsiz yurishadi. Qish kunlarida boshni iliq tutish, yoz oylarida esa sochlarni quyoshning issig‘idan asrab, yengil bosh kiyimida yurish maqsadga muvofiq.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, kofe va spirtli ichimliklarning tarkibida ham sochlarni oqartiruvchi modda mavjud ekan. Yana organizmda biror bir vitaminning ortib ketishi yoki yetishmovchiligi ham sochlarning o‘z rangini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar sochingizda oq oralagan bo‘lsa, uni kimyoviy bo‘yoqlarda bo‘yashga, shuningdek, uni yulishga urinmang. Bu oq sochlarning yanada ortishiga sabab bo‘ladi.
Ammo bunday noxush holatlarning oldini olish mumkin. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanish zarur. Shu bilan birgalikda sochingizni tabiiy bo‘yoqlar (xina) bilan bo‘yashingiz va unga qarshi xalqona usulda kurashish ham mumkin. Masalan: kashnich, seldrey, pasternak(shirin ildizli xushbo‘y o‘t) ko‘katining 1-3 osh qoshiq miqdoridagi suvidan kuniga bir marta foydalanish, shuningdek, soch ildiziga olcha, o‘rik suvi, qichitqi o‘tdan tayyorlangan damlamani surtish foydali hisoblanadi. Bu usullardan foydalanish bilan birgalikda yiliga ikki marotaba terapevt huzuriga borish tavsiya etiladi.