Cuv, gaz, chiroqsiz 1 kun

Mehmon bo‘lib kelgan to‘rt yoshli Mushtariyni buvisi tishlarini tozalash uchun yuvinish xonasiga olib kirdi. Avval suvni oxirigacha ochib, so‘ngra tish chutkasini oldi-da unga tish pastasidan ozgina qo‘ydi. Jarayonni sinchkovlik bilan kuzatib turgan nevara buvisiga e’tiroz bildirdi.

– Buvijon, bu nima qilganingiz. Men tishimni yuvaman degunimcha bir dunyo suv oqib ketdi-ku. Oyim tish yuvayotganimda rasm chizadigan qalamim qalinligida suvni ochishni yoki kerakli bo‘lgan suvni biror idishga olishimni uqtirganlar. Agar shunday qilmasam yer yuzida suv tugab daraxtlar, gullar qurib qolar ekan. Nevarasining zukkoligini ko‘rgan buvi bu gaplardan mulzam bo‘lib qoldi.

Darhaqiqat, qush uyasida ko‘rganini qiladi. Yoshligidan atrof-muhit va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish kerakligi to‘g‘risida tarbiya olgan bola katta bo‘lganida ana shunday hayot tarzini davom ettiradi. Farzandlarimizda bunday tarbiyani shakllantirishimiz uchun avvalo, o‘zimiz bilimli bo‘lishimiz, sog‘lom va ekologik hayot tarzini oilamizdan boshlashimiz lozim. Bolalarga ekologik ta’lim-tarbiya berishni maktabgacha tarbiya muassasalaridan boshlagan maqsadga muvofiq. Mutaxassislar bolalarning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lish va bu borada ko‘nikma hosil qilish uchun ayrim tavsiyalarni beradilar:

7-9 yoshdagi bolalarga nima uchun suv omboridagi suv zahiralarini tejash zarurligini tushuntiring. Tish tozalayotganda kran jumragini berkitish kerakligini ayting, vanna va dushni 5 daqiqadan ko‘p qabul qilmaslikni o‘rgating.

10-12 yoshdagi bolalarga cho‘milganda, tish yuvganda, meva va sabzavotlarni yuvganda suvni kamroq ishlatishni uqtiring.

13-16 yoshdagi o‘smirlarga nafaqat shaxsiy gigiyenada, balki idish yuvishda ham suvni tejashni o‘rgating. Idishlarni yuvayotganda tabiiy tozalash vositalarini ishlatishni, rakovinani issiq suvga to‘ldirib olish, yuvgandan so‘ng suvni to‘kib tashlashni o‘rgating.

Elektr: Bolaga tungi yoritgichsiz uxlashni taklif etish kerak. Xonadan chiqib ketayotganda chiroqni o‘chirish kerakligini uqtiring.

7-9 yoshdagi bolalarga elektr toki nima ekanligini, u qayerdan kelishini va nima uchun uni tejash joiz ekanini tushuntiring. Kunduzi tabiiy yorug‘lik dars tayyorlash va o‘yin o‘ynash uchun yetarli bo‘lsa, chiroqni yoqmaslikni maslahat bering.

10-12 yoshdagi bolalarga «xonadan chiqib ketayotganda chiroqni o‘chiring» qoidasiga qo‘shimcha tarzda uyquga yotishdan avval televizor, kompyuter va elektr qurilmalarni quvvatdan uzib qo‘yishni an’ana tarziga kiriting. Farzandingiz ham bu jarayonda ishtirok etsin.

Yana o‘qing:  Odob-axloq – yoshlarning ko‘rki

Chiqindi: 10-12 yoshdagi bolalarga chiqindini qayta ishlash nima uchun kerakligini va bu jarayon atrof-muhitni toza saqlashga yordam berishini tushuntiring. Har birimiz keraksiz chiqindilarni qayta ishlashga berib undan yana yangi buyumlar ishlab chiqarishga ko‘maklashishimiz mumkinligini tushuntiring. Farzandingiz bilan birga oyna, kiyim, qog‘oz kabi chiqindilarni ajratib ularni qabul punktlariga olib boring.

13-16 yoshdagi o‘smirlardan keraksiz narsalarni tashlab yubormaslikni so‘rang. Agar o‘ylab ko‘rsa ularni bosh­qacha qo‘llash yoki do‘stlariga sovg‘a qilishi mumkinligini tushuntiring. O‘g‘lingiz yoki qizingizdan qog‘ozni tejab ishlatishni, o‘qish uchun kerak bo‘lsa hujjatlarni chop etish qurilmasida qog‘ozning ikkala tarafiga chop etish kerakligini tushuntiring. Uyingiz atrofini tozalashga farzandlaringizni ham jalb eting. Maishiy chiqindilar atrof-muhit va jonivorlarga zarar berishini tushuntiring.

Transport: 10-12 yoshdagi bolalarni ochiq havoda sport bilan ko‘proq shug‘ullanishga, velosiped haydashga, rolikda uchishga, do‘stlari bilan sayr qilishlariga ruxsat bering. 13-16 yoshdagi o‘smirlarga atrof-muhitga yetkazadigan zarari minimal bo‘lishi uchun mashinani qanday boshqarish kerakligini o‘rgatish kerak. Buning uchun moy va havo filtrlarini doimiy almashtirish, shinalar havo bilan yaxshi to‘ldirilgan bo‘lishi kerakligini ayting. Shuningdek, mashinani keskin va tez haydamaslik hamda yoqilg‘ini bekorga sarflamaslik, havoni ifloslantirmaslik uchun yoqilgan dvigatel bilan uzoq vaqt turib qolmaslik kerakligini ta’kidlab o‘ting.

Farzandingizga uyingiz atrofida, tuman va shaharingizdagi muammolarga befarq bo‘lmasligini uqtiring. Turli ekologik hamda rasm tanlovlarida, ekologiyaga bag‘ishlangan tadbirlarda faol ishtirok etishga undang, farzandingiz bilan birgalikda internet tarmog‘idagi ekologik saytlardagi ma’lumotlar bilan tanishib turing.

Bu farzandlarimizga atrof-muhitni himoya qilishni o‘rgatishning bir nechta usullaridir. Har birimiz kundalik hayotimizda ularni qo‘llasak, maktabgacha ta’lim muassasasi va maktablarda berilayotgan ekologik ta’lim-tarbiyaga qo‘shimcha sifatida bu maslahatlar o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi, degan umiddamiz.

Mayna HASANOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: