Azamat ishonchni oqladi

Biz hikoya qilayotgan Azamat polvonning bobosi Nuftilla Sattorov haqida gap ketganda, nafaqat Qashqadaryo vohasi, balki bu yog‘i Buxoroyu, u yog‘i surxondaryolik kurash ishqibozlari “Yelkasi yer ko‘rmagan maymanoqlik polvon” deya esga olishadi.

Yillar o‘tib, Nuftilla polvonning shogirdlari davra aylandi. Polvon degan nom oldi. O‘g‘illari Bobonazar, Otanazar, Xayrullo, Qahramon va Ortiqlar ham polvon sifatida elga tanildi.

 

Polvonlar sulolasi bo‘lganimiz uchun farzandlarimiz orasidan sportning biror turi bo‘yicha chempion chiqishini orzu qilardik, Xudoga shukur, niyatlarimiz amalga oshdi. O‘g‘lim Azamat Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi, – deydi Maymanoq sanoat kasb-hunar kolleji direktori, texnika fanlari nomzodi Bobonazar Sattorov.

 

Ha, “Oqqan daryo oqaveradi” deganlaridek, polvonlar sulolasining vakili Azamat Nuftillayev bobo va buvisi, ota-onasi orzularini ro‘yobga chiqarishga harakat qildi. Inson orzuga shunchaki erisha olmaydi. O‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari intilish, qunt, sabot, izlanish, ustozlar sabog‘iga amal qilib, mashaqqatlarni yengib o‘tish iste’dodni ro‘yobga chiqaradi. Bu sportchilar uchun juda muhim.

Azamat kurashchilar ichida o‘sdi. Esini tanibdiki, yigitlarlarning o‘zaro kuch sinashishlariga guvoh. Bobosining hovlisida mo‘jazgina kurash maydonchasi bor. Bu yerda Nuftilla polvonning shogirdlari mashg‘ulot o‘tkazardi. Ustozlaridan o‘zbek kurashi sirlarini o‘rganishga intilardi. Oiladagi gurunglar ham asosan to‘ylardagi kurash musobaqasi, chempionatlar xususida bo‘lar, polvonlar hayoti haqidagi hikoyalar yosh Azamatning beixtiyor, sportga ishtiyoqini oshirardi.

Maymanoqdagi 6-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Azamat Nuftillayevning tuman va viloyat miqyosida o‘tkazilgan kurash musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani tezda atrofga ovoza bo‘ldi. Do‘stlari uni maqtashga tushdilar. Ammo, yosh polvon maqtovlarga uchmadi. Ustozlari sabog‘iga quloq tutib, tinimsiz mashqlarga vaqt ajratdi. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi. Maktabni tugatib, Maymanoq sanoat kasb-hunar kollejida ta’limni davom ettirdi. Bu yerdagi zamonaviy sport zalining zarur jihozlar bilan ta’minlanganligi, sportchi yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. O‘quvchilar fanlarni chuqur o‘zlashtirish, o‘zlari istagan kasb-hunarni egallash bilan birga, sport to‘garaklarida ham faol qatnasha boshladi. U yoki bu sport turi bilan shug‘ullanadigan o‘g‘il-qizlar kollej direktori Bobonazar Sattorovning e’tiborida bo‘ldi.

 

Otam – qattiqqo‘l ustoz. Ta’lim-tarbiyamizni ham, sport bilan shug‘ullanishimizni ham vaqt topib kuzatadi. Tuman va viloyatda sportning bir necha turi bo‘yicha g‘olib bo‘lganimda “Bularing hech narsa emas, yanayam yuqori pog‘onalar bor. O‘shalarni zabt etishing kerak!” deya o‘z ustimizda ishlashga undadi. Bugungi muvaffaqiyatlarim yaqinlarim, ustozlarim e’tiborining natijasi, – deydi Azamat Nuftillayev.

 

Yana o‘qing:  BOBO VA NABIRALAR SOG‘LOM TURMUSH TARZINI TANLAYDI

Yosh polvon kollejni tugatgach, bir olam orzular bilan poytaxtga yo‘l oldi. O‘zi orzu qilgan Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filialiga hujjatlarini topshirdi. Unga omad kulib boqdi. Talabalar safidan o‘rin oldi. Sohaga oid bilim va tajribalarni o‘rganish bilan birga, sport bilan jiddiy shug‘ullanishda davom etdi. 2014 yil Toshkentda dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

 

– Hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashimda ustozlarimning hissasi katta. Shu yilning 9-fevralida Toshkent shahrida o‘tkazilgan professional-universal jang bo‘yicha musobaqada qatnashib, og‘ir vaznlilar orasida Osiyo chempioni sifatida oltin kamarga ega bo‘ldim. Barcha ustozlarim meni ushbu yutug‘im bilan chin dildan qutladi. Bu menga qanot bag‘ishladi. Yanada kuchlirorq bo‘lishga undadi, – deydi qahramonimiz.

 

Bir vaqtning o‘zida sportning boks, kikboksing, sambo, dzyudo va professional-universal jang turlarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishish juda qiyin. Serqirra sportchi Azamat Nuftillayev buni uddalab kelayapti. U o‘zini shu darajaga yetishi uchun fidoiylik ko‘rsatgan ustozlari – boks bo‘yicha Osiyo chempioni Davron G‘afurov, boks sirlarini o‘rgatgan murabbiy, xalqaro musobaqalar g‘olibi Qahramon Husanov, kikboksing bo‘yicha murabbiylik qilgan Dilshod Yakubovdan minnatdor.

Azamat Nuftillayev uchun vaqt nihoyatda qadrli. U hamma narsaga ulgurishi kerak. U O‘zbekiston bayrog‘ini yanada yuqoriga ko‘tarishi zarur. Ustozlar ishonchini oqlashi darkor. Chunki Azamat yurtimizning har jihatdan yetuk, sog‘lom va baquvvat, ma’naviyati yuksak, bir so‘z bilan aytganda, eng baxtli avlodi sanaladi. Shunday yoshlarimiz safi kengayaversin!

 

Abdulla AYIZOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: