Xususiy bog‘chalarni qurish uchun yer uchastkalari tekin beriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2018 yilning 5 aprel kuni “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra endilikda nodavlat bog‘chalarni qurish uchun tekinga yer uchastkalari taqdim etiladi.
Xabarda yozilishicha, Prezident qarori bilan maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy hamkorlikning quyidagi shakllari joriy etildi:
– nodavlat bog‘chalar binolarini qurish uchun, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatuvchi davlat bog‘chalari hududida tekinga doimiy foydalanish uchun yer uchaskalarini taqdim qilish;
– mavjud davlat maktabgacha ta’lim muassalarini jihozlash va rekonstruksiya qilish sharti bilan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ob’yektlari qurish uchun tekinga yer uchastkalarini berish;
– bo‘sh turgan davlat mulk ob’yektlarini, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat bog‘chalarni “nol” qiymatda sotish;
– davlat bog‘chalarining foydalanilmayotgan binolari va korpuslarini tekinga uzoq muddatli foydalanishga berish.
– Davlat-xususiy hamkorlik shakliga qarab xususiy hamkorga quyidagi investitsiyaviy majburiyatlar yuklatiladi:
– ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalardan bo‘lgan muayyan miqdordagi tarbiyalanuvchilarga imtiyozli ota-ona pulini belgilash (mazkur hududdagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari uchun belgilangan miqdordan oshmagan holda);
– xususiy hamkorga biriktirilgan bog‘chalarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish.
– Davlat-xususiy hamkorlikda tashkil qilingan nodavlat bog‘chalar quyidagilardan ozod etildi:
– ikki yil muddatga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kirilayotgan jihozlar, inventarlar, o‘quv qo‘llanmalari va o‘yin maydonlari uchun bojxona to‘lovlaridan;
– faoliyatni boshlagan kundan boshlab o‘n yil muddat davomida davlat maqsadli jamg‘armalariga barcha majburiy to‘lovlar va majburiy ajratmalarni to‘lashdan.
Shuningdek, 2018 yil 15 apreldan xodimlarining o‘rtacha yillik soni 100 nafargacha bo‘lgan bog‘chalar kichik tadbirkorlik sub’yektlari toifasiga kiritildi.