O‘zbekistonda yiliga mingdan ziyod murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkaziladi
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan uch qavatli yangi bino foydalanishga topshirildi.
Ushbu qulaylik kardiologiya sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin hozirlaydi. Endilikda bemorlar bitta binoning ichida barcha tekshiruvlardan o‘tish imkoniga ega bo‘ldi.
Yangi binoda yurak qon-tomir kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolash amaliyotlarini tizimli asosda amalga oshirish barobarida, yiliga 1000 dan ortiq bemorda koronarografiya va stentlash amaliyotini o‘tkazishi mumkin. Bunday usul bilan yurak qon-tomir kasalliklarining eng og‘ir turi hisoblangan miokard infarkti oldi olinadi. Ushbu ilg‘or texnologiyalarning tibbiyotimizga kirib kelishi tufayli keyingi 10 yil ichida miokardning o‘tkir infarktidan sodir bo‘layotgan gospital o‘lim holatlari 9-10 foizgacha kamaydi.