Kitobxon nabiralar

Bolalik xotiralari kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ayniqsa, otamning beqiyos mehri, ajoyib fazilatlarini o‘ylasam, yuragim hapriqib ketadi. Bizni doim hayratga solgani u kishining kitobga bo‘lgan o‘zgacha mehri edi.

O‘qigan kitoblaridagi hikmatli so‘zlar, ibratomuz voqealarni erinmasdan daftarga qayd etib borardi. Shu bilan birga biz farzandlarga o‘zlariga ma’qul bo‘lgan kitobni tavsiya qilib, uni o‘qimaganimizga qo‘ymasdi. Otajonim ko‘z qorachig‘idek asraydigan bunday daftarlarning esa son-sanog‘i yo‘q edi. Shu daftarlar sabab biz ham yuzlab kitoblarni o‘qib chiqqandik. Oilamizdagi farzandlarning ko‘pchiligi o‘qituvchilik kasbini tanlab, kitoblar olamining shaydosi bo‘lib qolgani ham shundadir balki.

Saksonni qarshilab borayotgan otam mutolaada bizga hamon o‘rnak. Qachon u kishining ziyoratiga borsam, albatta, yangi nashrdan chiqqan asarlarni olishni unutmayman. Mehribonim esa o‘zim, bolalarim, nevaralarim nimalar o‘qiyotgani bilan qiziqadi. Kitob barcha jumboqlarning kaliti, bu noyob gavhar bolalarning qo‘lidan tushmasin, deb tayinlaydi.

Yaqinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev maktabimizga tashrif buyurganida beixtiyor, bolalik yillarim yodimga tushdi. To‘qson yoshni qarshilab borayotgan sevimli adibimizdan kitobxonlikka bag‘ishlangan tadbirimizda ishtirok etishini so‘raganimizda u kishi salqin ob-havoga qaramay, “labbay” deb javob berganidan ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi. Sahna ko‘rinishlari tayyorladik. Adabiy kechada zabardast yozuvchimizni xuddi bolajonlar kabi hayajonga tushgani, ular bilan tengdosh o‘rtog‘iday gurunglashganini alohida ta’kidlashni istardim. Bolaligi Ikkinchi Jahon urushi paytiga to‘g‘ri kelgan mehmonimiz bir burda non ilinjidagi sargardonliklari, egniga kiyim topsa, oyog‘iga topolmagani, qish-qirovli kunlarda ukalarini asrash uchun yelib-yugurganlari haqidagi xotiralaridan ta’sirlangan o‘quvchilar bugungi dorulomon kunlarga shukrona keltirayotganini guvohi bo‘lish nihoyatda maroqli edi.

O‘sha kuni muloqotimiz uzoq davom etishiga qaramay, o‘quvchilar va hatto, biz ustozlar ham sevimli yozuvchimizning suhbatiga to‘ymadik. Buni ilg‘agan ziyrak adibimiz “agar bolalar yana ham ko‘p kitob o‘qishga va’da bersa, tez kunlarda men ularning huzuriga yana kelaman”, dedi.

Eng qizig‘i shundan keyin boshlandi. Maktab kutubxonachisining aytishicha, hali biror marta qo‘liga kitob olmagan eng o‘yinqaroq bolalar ham kutubxonaga a’zo bo‘lib, badiiy kitoblar mutolaasiga kirishibdi. Yana bir quvonarli tomoni bolalarimiz biz ustozlarga qaysi kitobni o‘qishayotgani haqida to‘lib-toshib hisobot beradigan bo‘ldi. Aytish joiz bo‘lsa, o‘sha kunlar maktabimiz allaqanday nurga chulg‘angandek edi. Barchamiz kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi bejiz emasligini yana bir bor his etdik.

Yana o‘qing:  Sambochilarimiz shohsupaga ko‘tarildi

O‘z navbatida Xudoyberdi bobo ham o‘quvchilarni ko‘p intiq qilmadi. Ustoz adib yana bir bor aziz mehmonimiz bo‘ldi. Tantanali tadbirlar zali esa o‘quvchilar bilan to‘lib toshdi. Ularning barchasida sevimli yozuvchiga aytadigan gaplari bisyor edi. Yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lidagi harakatimiz samarasidan biz ham mamnun edik.

Erta-indin esa otamning ziyoratiga o‘taman. Fidoyi yozuvchimiz bilan uchrashuvimiz haqida so‘zlab beraman. Shu bilan birga kuni kecha mamlakatimiz o‘quvchi yoshlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi va unda g‘olib bo‘lganlarga hukumatimiz tomonidan qimmatbaho sovg‘alar taqdim etilganini bor tafsiloti bilan mehribon padarimga aytishni dilimga tugib qo‘ydim. Buni eshitgan kitobxon otamning ko‘zlari chaqnab, boshi ko‘kka yetadi, albatta.

 

Mohin OMAROVA,

Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi153-umumta’lim

maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: