Shodlik ulashib yashash saodati
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, homiladorlik davrida ayollarning fe’l-atvori va salomatligida bir qancha o‘zgarishlar kuzatilib, bu davrda ular atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan nihoyatda ta’sirchan va ko‘ngilchan bo‘lib qolar ekan. Bu davrda ayol, vujudida ulg‘ayayotgan go‘dagining dunyoga kelish damlarini eslab yuragi entiksa, tug‘ruq jarayoni esa uning ko‘ngliga hadik solishi tabiiy. Ana shunday damlarda homilador ayolning atrofidagi yaqinlari, turmush o‘rtog‘i va ayniqsa, ayollar shifokori – akusher-ginekologning daldasi nihoyatda muhim va zarurdir.
Ma’lumki, homilador ayol homilaning ilk davrlaridan to oy kuni to‘lgunga qadar shifokor nazoratida bo‘lib, uning ko‘rigidan muntazam o‘tib turishi lozim. Bu pallada akusher-ginekolog yosh bo‘lajak onalar uchun mehribon do‘st, maslahatgo‘yga aylanib qoladi. O‘z-o‘zidan shifokor homilador ayolning nafaqat jismoniy holati, homilaning tuzilishi, balki bo‘lajak onaning ruhiyati va uni ayni davrdagi ichki kechinmalaridan ham boxabar bo‘lmog‘i darkor. Bemor ko‘ngliga yo‘l topa bilgan shifokorgina el orasida, qo‘li yengil, deya e’zozlanadi.
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan «DOKTOR PROFI» xususiy klinikasida ko‘p yillardan buyon faoliyat olib borayotgan akusher-ginekolog Ziyodaxon Shermuhammedovani ana shunday shifokorlar sirasiga kiritish mumkin. To‘g‘ri-da, xalqimiz e’tirofi bilan aytilganidek, shifokor avvalo, shirin so‘zi bilan bemorning og‘rig‘u jarohatiga malham bo‘ladi. Uning ochiq chehrasi, taklifu takallufi bilan xasta dillarning dardi forig‘ bo‘ladi. O‘z navbatida, shifokorning bilimdonligi va tajribasi hamkasblari orasida ham qadrini yuksaltiradi.
Ko‘plab xonadonlarni chaqaloqning yoqimli yig‘isi-yu, beg‘ubor kulgusi tutishida hissa qo‘shayotgan, ularning baxtli lahzalariga guvoh bo‘lib, bu shodon kunlarda o‘zining ulushi bor ekaniga dildan quvonayotgan Ziyodaxon opa shifokorlik kasbi mashaqqatlarini zumda unutadi-yu, yana kasbiga ishtiyoqi ortadi. Uning ayollar shifokori bo‘lishi ham bejizga emas, albatta.
«Elektromagnit to‘lqinining asab tizimiga salbiy ta’siri» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi) o‘qituvchisi Sobirjon Roziqovich qizalog‘i Ziyodaxonni hamisha o‘zining ilm dargohiga olib borib, laboratoriyada o‘tkazilgan turli amaliy mashg‘ulotlarni kuzatishiga, farzandining murg‘ak qalbida tibbiyot sohasiga nisbatan muhabbat uyg‘otishga harakat qilardi. Otaning istagi ijobat bo‘lib, Ziyodaxon padari buzrukvori niyat qilganidek shifokor bo‘ldi. Bundan tashqari u baxtiyor oila bekasi. Turmush o‘rtog‘i Botir aka bilan birgalikda farzandlari Shohruh va Javohirlarni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda.
Quyida oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Ziyoda Shermuhammedova sog‘lom oilani bunyod etishda yoshlar va bo‘lajak ota-onalar nimalarga e’tibor berishlari lozimligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Yosh oilalar o‘rtasida muammolarning kelib chiqish sabablari juda ko‘p. Ushbu muammolarga ko‘p hollarda oqu qorani tanigan ota-onalar, bobo-buvilar ham sababchi bo‘lib qolmoqda. Balog‘at yoshiga yetmagan qizlarni turmushga uzatish, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlash bahonasida quda-andachilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, bu albatta, kattalarning xatosi. Erta nikoh o‘z-o‘zidan erta homiladorlikka olib keladi. Homiladorlik natijasida yosh ayolda jismoniy zo‘riqish va turli ruhiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Sababi esa ayon, to‘liq voyaga yetmagan qizlarning organizmi hali homiladorlik va tug‘ruq jarayoni uchun tayyor bo‘lmaydi. Natijada esa bola nogiron tug‘ilishi yoki butunlay nobud bo‘lishi mumkin.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning ham xatarli rishta ekanini hanuzgacha anglab yetmagan ba’zi ota-onalar og‘a-inisi, opa-singlisi bilan qiz olib, qiz berishadi. Ming afsuslar bo‘lsinki, o‘ylamay tashlangan qadam ularning farzandlarida, yoinki kelgusi avlodlarida o‘z asoratlarini namoyon etmay qolmaydi.
Shu o‘rinda bir hayotiy voqeani misol qilib o‘tsam, tanish oilaning otasi o‘z ukasining qizini kelin qilayotganini aytib, meni to‘yiga taklif qildi. Shifokorlik yuzasidan bunday yaqin rishtaning xavfi haqida tushuntirganimda, jiyanim tarbiyali qiz-da, begona qo‘llarda emas, o‘z qaramog‘imda baxtli bo‘lsa deyman, deya javob bergandi. Tushuntirishlarimga qaramasdan to‘y o‘tdi. Oradan bir yil o‘tib o‘sha xonadonda chaqaloq yig‘isi eshitildi. Ammo, bu go‘dak ovozidan oila a’zolarining hech biri xursand bo‘lishmadi. Sababi, tug‘ilgan bola tug‘ma nogiron edi. Endi mudhish xato va vijdon azobini tasavvur qilavering. Xonadon kattasi o‘z farzandiga qo‘shib, yaxshi ko‘rgan sevimli jiyanini ham bir umrga baxtsiz qilib qo‘ydi.
Bunday misollar hayotimizda ko‘plab uchraydi. Unga chek qo‘yilmas ekan, qayta-qayta muammolar girdobida qolishimiz tabiiy. Qizlarni erta turmush berishning zararli oqibatlari, ularni tarbiyasi va biror kasb-hunarli bo‘lishlarida ota-onalar mas’ul ekanligi xususida Prezidentimiz I. Karimov ham o‘z ma’ruzalarida bir necha bor ta’kidlab o‘tganlar. Albatta bu mulohazalar jamiyat rivojida muhim o‘ringa ega.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti mutaxassislarining fikricha, turmush qurish uchun eng qulay davr bu – qizlar uchun 20-22 yosh, yigitlar uchun 23-25 yosh ekanligi ta’kidlangan. Ruhshunos olimlarning aniqlashicha, 21 yoshda bosh miya to‘liq rivojlanib, insonning jismoniy va ruhiy holati barqarorlashadi. Shuning uchun, 21-27 yosh oralig‘ida ona bo‘lish ayollar uchun qulay davr hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, bu borada yurtimizda keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, ko‘pincha yosh oila qurgan kelinlarimiz ginekolog-shifokorga murojaat etib, o‘z sog‘liqlaridan shikoyat qilishadi. Tibbiy tekshiruvlardan shu narsa ayon bo‘ldiki, aksariyat kelinlar qizlik darvida o‘z sog‘lig‘iga e’tibor bermasliklari natijasida bu xastalik keyingi hayotda o‘zining xatarli asoratlarini namoyon etadi. Buning uchun esa onalarimiz e’tiborli bo‘lishlari lozim. Ba’zida onalar o‘z qizlarining nozik nihol ekanligini unutib, moda ortidan quvib kiyinishlariga ko‘z yumishmoqda. Natijada, ular surunkali shamollash va shunga o‘xshash boshqa xastaliklarni orttirib olishadi.
Qiz bolaning eng birinchi sirdoshi bu – uning onasi. O‘z navbatida onalar qizlarida ro‘y berayotgan ruhiy va jismoniy o‘zgarishlardan boxabar bo‘lib turmog‘i lozim. Bu borada biz aholi o‘rtasida ko‘plab tushuntirish ishlari olib boramiz. Onalar balog‘at davri ostonasida turgan qizining ko‘ngliga qo‘l solib, ularda yuz berayotgan jarayonlar xususida dildan suhbat qurishi yoki ginekolog ko‘rigiga olib kelishi orqali kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olamiz.
Shukrki, o‘z salomatligi va farzandining sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lgan, tushungan ba’zi ota-onalar qizlarini ginekolog tekshiruviga muntazam olib kelishadi. Bu bilan esa ulardagi mavjud xastalikning surunkali tus olishini bartaraf etib, kelajakda sog‘lom oilaning poydevori mustahkam bo‘lishiga ko‘maklashgan bo‘ladilar.
Darhaqiqat, shifokor Ziyoda Shermuhammedova ta’kidlaganidek, ona va bola salomatligi – jamiyat rivojining tamal toshidir. Bunga tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda, ota-onalar bo‘lish arafasida turgan yoshlar ham birdek mas’ul bo‘lishlari shart.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri