Polvon qadrini baland tutsin!
Bolalik chog‘larimda bo‘ladigan to‘ykurashlarning tasviri xotiramda, sururi qalbimda muhrlanib qolgan.
O‘sha vaqtlarda bunday tomoshalarni tashkil etish ancha muammo edi. Bir tomondan Sho‘rolar davrida xalqimizning milliy qadriyati hisoblanmish kurash musobaqasiga g‘ayri ko‘z bilan qaraydiganlar, uni eskilik sarqiti deb biladiganlar ko‘p bo‘lsa, ikkinchi tomondan paxta yakkahokimligi avj olgan, yilning to‘rt faslida ham dalada ish qaynaydigan bir davrda bunday o‘yinlarni tashkil etishga vaqt qani, deysiz. Biroq to‘ykurashlarni sevgan xalqimiz ana shunday sharoitda ham bu musobaqadan voz kechmas, qishloqda bo‘lib o‘tadigan aksariyat xatna to‘ylari so‘nggida kurash berilardi. “Falon kuni falonchinikida kurash bo‘lar ekan”, deb eshitsak, o‘sha daqiqadan boshlab butun xayolimiz, o‘y-fikrimiz o‘tkazilajak ana shu musobaqada bo‘lardi. Har davrada kurashga qayerdan qaysi polvon kelishidan tortib, kimlar o‘zini ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi bahs-munozaralar avj olardi. Xullas, bu o‘yinga yoshu qari birdek qiziqar, o‘sha kun kelishini kun sanab, orziqib kutardik. Bunga arzigulik sabablar ham bor edi.
Avvalo, kurash tushayotgan polvon qanchalik kuch sarflayotgan, g‘alaba uchun qanchalik tirishayotgan bo‘lsa, unga muxlislik qilayotganlar, ya’ni qishloqdoshlari, yaqinlari bundan-da qattiqroq hayajonda, yurak hovuchlab turardi. Chunki davraga tushgan polvon nafaqat o‘z obro‘si, balki qishlog‘ining, ovulining orini, g‘ururini, ishonchini ham zimmasiga olib tushardi. Davrada bir polvon yiqilsa, uning orini olish uchun shu qishloqlik ikkinchi polvon o‘rnidan irg‘ib turib, uni yiqitgan raqib bilan bel olishar, ana u davradagi hayajonni, shukuhni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi. Go‘yoki maydonda polvonlar emas, ikki qishloqning g‘ururi, ori bahsga kirishar, bunday vaziyatda sovrin degan narsa umuman chetga chiqib ketardi. Sovrin g‘olib polvonga mukofot, ishqibozlarning e’tirofi ramzi sifatida berilardi. G‘olib polvon sovrinni olar ekan, uni peshonasiga surtib qo‘yar, bu “ona sutiday halol qilib olayapman”, degani bo‘lardi. Mag‘lub polvon esa raqibining yelkasiga sekin qoqib, so‘ng maydonni tark etardi. Bu uning mardligi, raqibiga tan berganiga ishora edi. Oddiygina ko‘rinadigan ana shu jihatlar davra chetida o‘tirgan ko‘plab yoshlarning qalbida halollik, mardlik, tantilik tuyg‘ularini uyg‘otganiga shubham yo‘q.
Ayniqsa, to‘ykurashlarning yuqori nuqtasi sanaladigan “tovoq” uchun maydonga tushadigan polvonlar o‘zining har bir harakati, har bir amali, kuch va mahorati, yurish-turishi bilan yosh polvonlarga, umuman davra ahliga o‘rnak vazifasini o‘tagan. Qolganlar ana shu polvonlarga qarab, ular kabi bo‘lishga harakat qilgan.
To‘ykurashlarda bakovulga juda katta mas’uliyat yuklangan. Bakovullik uchun suyagi kurashda qotgan, kurashni juda yaxshi tushunadigan, shu bilan birga, katta davra ko‘rgan, xalqning e’tirofiga, hurmatiga sazovor bo‘lgan, adolatli, halollikni qadrlaydigan, bir so‘zli, o‘z o‘rnida qattiqqo‘l kishi tanlanib, davrani boshqarib borishga taklif etilgan. Bu borada ma’lum tajriba to‘plagan, odamlarning ishonchini qozongan kishilar uzoq yillar davomida shu hududdagi to‘ykurashlarga boshchilik qilgan. Ana u bakovulning davrada gapi gap, so‘zi so‘z bo‘lgan. Qachonki, yiqilgan polvonning har ikki kuragi yerga tegmasa, bakovul”halol” degan so‘zni ishlatmagan.
Hozir esa ayrim to‘ylarda boshqa sohalarda obro‘-e’tibor qozongan yoki to‘y egasiga yaqin bo‘lgan kishilarga bakovullikni topshirish holatlari ko‘p uchramoqda. Bu kishi o‘z sohasida zo‘r bo‘lishi mumkin, ammo katta davrani o‘ziga bo‘ysundirishi, adolat va tartib o‘rnata olishi qiyin. Shu bois, tajribasiz, to‘ykurashning asl mohiyatini tushunmagan odam boshchilik qilayotgan davrada muvozanat buziladi, mahalliychilik, tarafkashlik, nohalollik kabi illatlar avj oladi.
Qadim-qadimdan yoshlarimizni nafaqat jismoniy chiniqtirish, balki halollik, raqibga hurmat, yuksak g‘urur va oriyat ruhida tarbiyalash vositasi bo‘lib kelgan milliy to‘ykurashlarimiz bunday qusurlardan xoli bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun hammamiz birdek harakat qilishimiz, nohalollikka nisbatan murosasiz bo‘lishimiz kerak.
Bir vaqtlar bo‘lganidek, to‘ykurashlarda avvaliga kichik sovrin aytib, polvonning harakatiga, davrani qizdirishiga qarab, uning miqdorini oshirib borish, agar birinchi “tovoq”ni olgan polvonga talabgor chiqmasa, unga sovrinni berib, boshqa “tovoq” aytmaslik kabi rag‘batlantiruvchi, yaxshi kurashmagan juftlikka sovrinni bermaslik kabi ta’sir choralarini keng qo‘llash lozim. Shundagina har bir polvon kuchiga, harakatiga munosib bahoga ega bo‘ladi. Oriyat uning jismiga kuch bag‘ishlab turadi.
Sirojiddin SATTOROV,
Surxondaryo viloyati