Osiyo polvonlari Puna shahrida gilamga chiqadi
Joriy yilning 22-25 mart kunlari Hindistonning Puna shahrida Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining (KSAO) taqvimidan joy olgan nufuzli musobaqa – kurash bo‘yicha X Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Musobaqalar erkaklar o‘rtasida 7, ayollar o‘rtasida 8 vazn toifasida o‘tkaziladi. Shuningdek, chempionat doirasida Osiyo-Okeaniya kurash konfederatsiyasining ijroiya qo‘mitasi majlisi va kongressi tashkil etiladi. Kongress kun tartibiga konfederatsiya vitse-prezidentlari va qo‘mita rahbarlari hisobotlarini tinglash, yangi federatsiyalarni a’zolikka qabul qilish, kurashni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish va boshqa masalalar kiritilgan. 2017 yil yakuniga turli nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan bir guruh sport vakillarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Kurash bo‘yicha Osiyo chempionatlariga shu paytgacha Toshkent, Shahrisabz (O‘zbekiston), Dehli, Kerala (Hindiston), Tehron, Mashhad (Eron), Qobul (Afg‘oniston), Ulan-Bator (Mo‘g‘uliston), Bayrut (Livan) shaharlari mezbonlik qilgan.
Osiyo Olimpiya kengashining 2017 yil 20 sentyabrdagi Bosh Assambleyasida sportning kurash turi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilgan.
T. ORTIQOVA