O‘z bolamizni o‘zimiz asraylik!

Yon qo‘shnimizning o‘g‘li Jahongir havas qilsa arzigulik bola. Maktabda a’lo baholarga o‘qiydi, jamoat ishlarida faol. Har o‘quv yili yakunida ota-onasiga maktab ma’muriyatining tashakkurnomasi e’lon qilinadi. Darsdan bo‘sh vaqtlarini sport va hunar o‘rganishga sarflaydi. Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadigan usta Xalil akaning qobiliyatli shogirdlaridan biri. Uning yurish-turishiga, o‘zini tutishiga barchaning havasi keladi. Bundan ota-onasi ham mamnun, davralarda savlat to‘kib o‘tirishadi. Negadir oxirgi paytlarda shu havas qilsa arzigulik bolamiz biroz o‘zgarib qoldi…

Dunyoga kelgan murg‘ak go‘dakning ongi va qalbi bamisoli oppoq qog‘oz o‘xshaydi. Bolaning beg‘ubor ongu shuuri muhit va tarbiya ta’sirida yo go‘zal bitiklar yoki xunuk yoziqlar bilan to‘lib boradi. Darhaqiqat, farzand tarbiyasi mas’uliyat va javobgarlikni talab etadi. Ayniqsa, hozirgi axborot texnologiyalari asrida bolaning ma’naviy-ruhiy dunyosini turli yot g‘oyalardan himoya qilish hayotiy zaruratdir. Binobarin, so‘nggi paytlarda internet tarmog‘idagi har xil saytlarda va xaridorgir bozor adabiyotida zo‘ravonlik, fahsh, qotillik, o‘z joniga qasd qilish, turli oqimlarga da’vat etuvchi, qo‘poruvchilik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi axborotlar uchramoqdaki, buning oldini olish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.

Shu munosabat bilan “Bolalar va ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni ishlab chiqildi va 2017 yil 8 sentyabrda Prezidentimiz tomonidan imzolandi. Joriy yilning mart oyidan kuchga kirishi belgilangan ushbu hujjat yosh avlodni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunning ahamiyatli jihati bolalarni buzg‘unchi, ruhiyatiga zarar yetkazuvchi g‘oyalar ta’siridan asrash, salomatligiga ziyon yetkazuvchi axborot tarqalishining oldini olish, cheklash va taqiqlash masalalari ifodalanganligida. Bolalar sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, ularning axborot olish kafolatlari ta’minlanishiga mon’yelik qilmaydi. Aksincha, ushbu yo‘nalishda huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutadi. Farzandlar tarbiyasida ota-onalar, ta’lim muassasalari va mutasaddi tashkilotlarning ushbu masalaga kompleks yondoshuvini ta’minlaydi.

Hujjatga muvofiq davlat organlari, fuqarolik institutlari, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalarining sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun qonunning 8-moddasida mas’ul vakolatli davlat organi etib O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi belgilangan. Bolalarni o‘z hayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga undaydigan, ularda narkotik vositalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, qimor o‘yinlarida ishtirok etish istagini paydo qiladigan axborot tarqatilishi to‘liq man etilgan. Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek, ota-onasi va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan, turli noqonuniy xatti-harakatlar, shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikni oqlaydigan axborot tarqatilishi taqiqlangan. Bu orqali sharqona ma’naviy qadriyatlarning farzand tarbiyasidagi o‘rni va zaruriyati bugungi kunda ham naqadar ahamiyatga ega ekanligini ko‘ramiz.

Yana o‘qing:  Kitobim – oftobim

Adabiyot va san’at inson ongiga ta’sir etuvchi eng kuchli vositalardan hisoblanadi. Shu tufayli ushbu qonunga ko‘ra bolalarga mo‘ljallangan turli film va multfilmlar, badiiy asarlarni maxsus ekspertlar guruhi ko‘rib chiqadi va ularga muayyan yosh toifasidan biriga tegishli ekanligi to‘g‘risidagi maxsus belgi qo‘yiladi. Bu tasnifning ahamiyati farzandlarimizning psixologik va fiziologik rivojlanish bosqichlari hisobga olinganligidadir. Yetti yoshli bolakayga yoshiga to‘g‘ri kelmagan adabiyot olib berilsa, u o‘zlashtirishga qiynaladi. O‘ziga nisbatan ishonchsizlik, ruhiy zo‘riqish holatlari kuzatilishi mumkin.

Farzandlarimizni himoya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun davlat va nodavlat tashkilotlar tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda. Ammo ota-onalar ham dilbandlari uchun kitob va turli video mahsulotlari sotib olgunlaricha ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotning o‘zi nima ekanligini bilsa va ularni xarid qilgunlaricha ongli ravishda tanlasa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Afsuski, ayrim ota-onalar tomonidan olib berilgan kino, multfilm, o‘yin va turli kitob mahsulotlarini ko‘rish va mutolaa qilish oqibatida bolalarning sog‘lig‘iga ruhiy va jismoniy zararlar yetkazilgan. Bu kabi voqealar ota-onalarning o‘sha mahsulotlarning mazmuni bilan qiziqmaganligi va mohiyatini anglamaganliklari, eng asosiysi, e’tiborsizligi tufayli sodir bo‘lgan. Shuning uchun tegishli vakolatli organlarning ekspertiza xulosasiga ega axborot mahsulotini yoshga oid tasnifiga qarab xarid qilishlari bolalar uchun, kerak bo‘lsa, millat manfaati yo‘lida bir xizmatdir.

…Jahongirdagi o‘zgarishga “O‘smirlikdagi o‘tish davri ta’siri-da”, deya jiddiy qaramagan yon qo‘shnimiz Iroda opaning dod-faryodi yetti mahallani tutdi. Barcha qo‘shnilar, mahalladoshlar, maktabdagilar hayratda qotgan. Ma’lum bo‘lishicha “havas qilsa arzigulik” bola o‘z joniga qasd qilishga urinibdi. Og‘ir mehnat ko‘rmagan, yegani oldida, yemagani ortida bo‘lgan Jahongirni bunga nima majbur qilganiga hamma hayron. Keyin ma’lum bo‘lishicha telefonidan hudkushlikni targ‘ib qiluvchi o‘yinlar chiqibdi.

“Nega vaqtliroq e’tibor qilmadik!?” degan savol ko‘chada qaddini g‘oz tutib yurgan otaning yuragini nimtaladi. “NEGA?!!”, “NEGA?!!”, “NEGA?!!”…

Bu kabi savollar takror berilmasligi uchun ham mazkur qonunga ehtiyoj tug‘ildi. Zero, har qanday qonun ijrosi bilan muqaddasdir.

Ushbu hujjatning muhim jihatlaridan yana biri axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash va yosh toifalarini qo‘yish masalasidir. Bu orqali OAV, shu jumladan, internet tarmog‘idagi veb-saytlar, blogerlar, reklama vositalari hamda boshqa turdagi axborot tarqatish kanallari orqali tarqatilayotgan axborotlarda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotdan himoya qilish maqsadida 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ yozuvlari aks ettirilishi shart qilib qo‘yilgan.

Yana o‘qing:  Xolis ishning qo‘sh yutug‘i

 

Endilikda har bir axborot tarqatuvchi tarqatayotgan axborotga yosh toifasini o‘zlari yoki bu sohadagi ekspertlarning xulosasiga ko‘ra qo‘yishlari shart. Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, bu kabi mahsulotlarning ishonchliligini ta’minlaydi.

 

Ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchi tashkilotlarning javobgarlik va mas’uliyatini oshiradi. Ammo ota-onalar ham ushbu jarayonda faol ishtirok etsa, bu bilan farzandlarini xavfli axborotdan asragan bo‘ladi. Dilbandlari uchun kitob xarid qilayotganda ulardan ozgina e’tibor talab qilinadi, xolos.

Mazkur qonun aslida biz kattalar – keng jamoatchilik, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, mas’ul xodimlar yanada ogoh bo‘lishimiz, farzandlarimizni turli ma’naviy tahdidlardan asrashimiz uchun qabul qilindi. O‘z bolamizni o‘zimiz asraylik!

 

Dilafro‘z ChORIYEVA,

Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi muharriri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: