Olimning ibratli umri

Ilm ahlining hayot mazmuni o‘z ona Vatani va millati taqdirida qanday iz qoldirgani bilan belgilanadi. Agar bu qutlug‘ iz ilm-fan sohasidagi salohiyat bilan bezatilgan bo‘lsa, yosh avlodga namuna bo‘ladigan umr kitobi yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti bosh ilmiy xodimi, ustoz akademik Jaloliddin Azimov tavalludining 80 yilligi hamda ilmiy-pedagogik va ijtimoiy faoliyatining 60 yili ilm ahli uchun ibrat maktabi bo‘lishga arzirli mazmunga ega.

J. Azimov 1938 yilning 10 martida Andijon shahrida xizmatchi oilasida tavallud topdi. U o‘rta maktabni tugatgach, 1954–1959 yillar mobaynida Samarqand shahridagi O‘zbekiston qishloq xo‘jalik instituti (hozirgi Samarqand qishloq xo‘jalik instituti)ning Veterinariya fakultetida ta’lim olib, uni muvaffaqiyatli tamomladi. 1959 yildan O‘zbekiston Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida o‘z mehnat faoliyatini boshladi. 1961 yilda Moskvadagi akademik K. Skryabin nomidagi sobiq Butunittifoq gelmintologiya instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi. 1963 yilda “O‘zbekiston janubidagi qo‘ylar gelmintlari (gijjalari) va asosiy gelmintozlar dinamikasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ustozimiz 1964–1969 yillar mobaynida O‘zbekiston Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida, 1969–1978 yillarda O‘zR FA Zoologiya va parazitologiya institutida katta ilmiy xodim, 1978–1989 yillarda Respublika parrandachilik ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

1989–1991 yillarda serqirra olim O‘zbekiston Milliy universiteti professori, 1991 yildan 2009 yilga qadar O‘zR FA Zoologiya instituti direktori lavozimida ishladi. 2009 yildan hozirga qadar ustozimiz O‘zR FA Zoologiya institutida bosh ilmiy xodim va loyiha rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.

J. Azimov o‘z ilmiy maktabini yaratgan, taniqli zoolog va parazitolog olimdir. Uning ilmiy tadqiqotlari keng qamrovli bo‘lib, parazit-xo‘jayin munosabatlarini nazariy tahlil etish hamda biologik xilma-xillikni saqlashning ilmiy asoslarini yaratishga bag‘ishlangan. Salohiyatli ustozimizning bu boradagi tadqiqot natijalari jahon miqyosida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fundamental kashfiyotlar sirasiga kiradi. Hayvonlar organizmida yashab, ulardan odamlarga ham yuquvchi trematodalar keltirib chiqaradigan kasalliklar va ularning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar mamlakatimizning veterinariya sohasidagi amaliyotida keng qo‘llanilmoqda. Shistosomatidlar sohasidagi tadqiqotlar esa global ahamiyatga ega bo‘lib, hozirda shistosomoz muammosi BMT qoshidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus dasturiga kiritilgan.

Yana o‘qing:  Shprits qanday kashf etilgan?

Har bir millatning, xalqning umumjahon sivilizatsiyasidagi o‘rni asosan dunyo ilm-faniga qo‘shgan hissasi bilan belgilanadi. Fanning fidoyi kishilari timsolida bu fazilat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, akademik J. Azimov tadqiqotlarining xorijiy davlatlar ilmiy jamoatchiligi tomonidan ham katta e’tirof etilganligining siri ham shunda.

Ustozimizning serqirra ilmiy faoliyati uning respublika va xorijiy jurnallarda chop etilgan 785 dan ortiq ilmiy maqolalarida o‘z aksini topgan.

Akademik J. Azimov qator xalqaro konferensiya va simpoziumlarda (Germaniya, Angliya, Isroil, Fransiya, AQSH, Chexiya, Vengriya, Kanada, Rossiya, Ukraina, Gruziya, Armaniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va shu kabi davlatlarda) faol qatnashib, fan yutuqlarini keng ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etib kelmoqda.

Jonkuyar murabbiy sifatida ustoz ilmiy kadrlar tayyorlash masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda va uning rahbarligida tayyorlangan 20 nafarga yaqin fan doktorlari va 30 dan ziyod fan nomzodlari respublika va Hamdo‘stlik mamlakatlari ilmiy muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va iqtisodiyotning turli sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Jaloliddin Azimov 1991 yildan hozirga qadar O‘zR FA Zoologiya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

Tajribali, tinib – tinchimas olim 2006 yilda jahon fani yutuqlari darajasida e’tirofga sazovor bo‘lgan ilmiy tadqiqotlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar markazi tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

Mustaqillikning yigirma olti yilligi munosabati bilan akademik Jaloliddin Azimov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Oliyjanob inson, bag‘rikeng ustoz, yetuk murabbiy, o‘z sohasida ilmiy maktab yaratgan olim, intellektual salohiyat egasi va chin inson, ustozimiz Jaloliddin Azimovni qutlug‘ yoshi bilan barcha shogirdlari va ilmiy jamoamiz nomidan chin dildan qutlaymiz.

 

Erkinjon ShAKARBOYEV,

O‘zR FA Zoologiya instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, biologiya fanlari doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: