Ta’lim tizimi: 146 nafar rahbarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun barcha darajalardagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbar va o‘qituvchilarining ish vaqti me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish asosida ortiqcha hisobotlarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bilimlar bellashuvi hamda ta’lim sifati monitoringi jarayonlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda vazirlik rahbariyati, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari hamda ijro intizomiga mas’ul xodimlar, ta’lim sifati bo‘limi inspektor-metodistlari va kadrlar bo‘yicha mutaxassislar hamda ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident va hukumat qarorlari va hujjatlarini bajarilishi bo‘yicha hududiy xalq ta’limi boshqaruv idoralarida ijro intizomi holati monitoringi natijalari, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tahlili, ularning kelib chiqish sabablari hamda bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada rahbar va xodimlarning shaxsiy javobgarligi masalalari muhokama qilindi.
Vazirlikka shu kunga qadar jami 399 ta hujjat, shundan O‘zbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 41 ta farmoni, 125 ta qarori, 13 ta farmoyishi hamda hukumatning 218 ta qarorlari va farmoyishlari kelib tushgan bo‘lib, hujjatlar ijrosi bo‘yicha vazirlikning tegishli hujjatlari qabul qilingan va ijroga yo‘naltirilgan.
Ushbu hujjatlar ijrosi bo‘yicha vazirlik tomonidan 53 ta maqsadli va kompleks o‘rganishlar amalga oshirildi. O‘rganish natijalari 35 ta majlislarda muhokama qilindi. Yig‘ilishlarda tizimdagi 146 nafar rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, shundan 18 nafari lavozimidan ozod etildi. Ularning 109 nafariga hayfsan e’lon qilindi, 19 nafariga esa nisbatan oylik ish haqidan ushlab qolish bo‘yicha jarima jazosi qo‘llanildi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p intizomiy jazo choralari Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridagi rahbarlarga nisbatan qo‘llanilgan.
Yig‘ilish yakunida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Dono FAYZULLAYEVA,
poytaxtimizdagi 203-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi