“Avatar”ning “xato”si
Odatdagidek, ertalab tiqilinch avtobusda ishga ketayotgandim. Asosiy bekatlardan birida ko‘p yo‘lovchi tushdi. Chiquvchi esa kam bo‘ldi. Avtobus judayam tirband bo‘lgani uchun ulardan bir-ikkitasi eshik oldida siqilib qoldi. Shofyor jig‘ibiyron bo‘ldi.
– Yigirmata odam tushdi, lekin bitta odam chiqolmaydi! Sal o‘rtaroqqa yurishinglar…
Shu payt yonimda siqilishib ketayotgan yigit “piq” etib kuldi. Uning hamrohi bo‘lgan yoshroq qiz “Nima gap?” deb so‘radi. Yigit shofyorning gapini aynan, ohangini ham moslab takrorlashga urindi: “Yigirmata odam tushdi, lekin bitta odam chiqolmaydi…” Uning bu gapni nima uchun kulgiga olayotganini taxmin qilgandek bo‘ldim. Qarangki, taxminim to‘g‘ri chiqdi. Shofyor “chiqolmaydi” dedi. Ya’ni, “chiqomidi” yoki “chiqomayapti” demagani uchun yoshlar o‘rtasida kulgi bo‘ldi. Ularni deyarli har kuni ko‘rganim uchun sirtdan taniyman. Yigit – institut talabasi, qiz – kollej o‘quvchisi. Bu holatga avvaliga e’tibor bermadim. “Qo‘yuvur, hozir hamma joyda “avatarla” tiqilib ketgan”. Yoshgina qizning so‘nggi gapi meni avvaliga o‘ylantirdi, so‘ng biroz jahlimni chiqardi. Ko‘pchilik bilsa kerak, Gollivud kinosi qahramoni bo‘lgan “avatar” hozirda poytaxtimizda oddiy va sodda odamlarga pisanda qilib aytilayotgan yangicha nom. Yo‘q, “avatar” degani uchun emas, balki oq-qorani taniydigan, mulohaza qila oladigan yoshga yetgan yigit va qizning o‘zbek adabiy tilining ustidan kulgani asabimni buzdi. Ehtimol, bu voqea haqida yozganim kimgadir erish tuyular. Bee’tiborlar “Nima, shunga shunchami? “Chiqolmaydi” dedimi, “Chiqomidi” dedimi, nima farqi bor?” der. Lekin nima bo‘lganda ham davlat tili haqidagi kuyunchak maqolalar, eshittirishlar va ko‘rsatuvlarni yanada ko‘paytirib, muntazam berib borish kerak. Toki ko‘pchilik yuqoridagi voqea kabi to‘g‘ri so‘z, to‘g‘ri gapning ustidan kulishga o‘rganib qolmasin, bunday holat odatga aylanmasin.
Darvoqe, o‘sha shofyorni yaxshi taniyman. Uning millati arman. Lekin o‘zbek tilida shunday yaxshi gapiradiki…
Jamshid MATYOQUBOV