Obodlik ko‘ngildan boshlanadi
Ayni vaqtda diyorimizning barcha jabhalarida eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ko‘cha va xiyobonlar, mahalla hamda guzarlar, turar-joylar atroflari yanada obodonlashtirilmoqda.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashga «Chuqursoy» mahallasida ham bu borada ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Turli millat vakillari istiqomat qilayotgan mazkur mahallada to‘y-hashamlar, bayramlar hamjihatlikda o‘tkaziladi. Mahalla-ko‘yning bir-biriga yelkadoshligi bois har bir ishda unum, baraka bor. O‘tkazilayotgan hasharlarda hamma bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilishadi. Mahalladagi nuroniy otaxon va onaxonlar ham el bilan birga, ularning dono maslahatlari yoshlarga ibrat maktabini o‘taydi. Mazkur mahalla hududida joylashgan ko‘p qavatli turar joylarning chor-atrofidagi ozodalikni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Ushbu uylar atrofini har tong chinniday supirilgani yo‘laklarda gurkirab bo‘y cho‘zib turgan anvoyi gullar ifori dilga xush kayfiyat baxsh etadi.
Har shanba tozalik kuni ekanligini mahalla ahli yaxshi bilishadi. Istiqlolimizning 22 yillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan hashar tadbiri ham Vatan ichra mo‘jaz vatan hisoblanmish mahalla ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish maqsadida tashkil etildi.
Anora G‘ULOMOVA