Bayram shukuhi

Saodat KARIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi chaqaloqlar bo‘limi neonatologi:

Ayol zoti ajoyib xilqat. Uning unvonlari cheksiz, chegarasiz. U qalbi quyosh buvi, mehridaryo ona, vafodor rafiqa, suyukli singil… Bularni uzoq davom ettirish mumkin. Bugun hayotimizni muhtarama ayollarimizning faol ishtirokisiz tasavvur etish qiyin. Ular san’at, madaniyat, sport, ilm-fan, tibbiyot kabi bir qancha sohalarda ilg‘or, peshqadam.

40 yildan beri tibbiyot tizimida mehnat qilaman. Kun sayin rivoj topib borayotgan ushbu sohaga nazar tashlar ekanman, dilimda bir olam quvonchni his etaman. Tibbiyot muassasalarining kechagi va bugungi holatini taqqoslash mushkul. Tug‘ruq muassasalari, ayniqsa, tumanlardagi ana shunday maskanlarning mustaqillikdan oldingi ayanchli ahvoli, eskirgan jihozlar, sovuq va sanitariya talablariga javob bermaydigan xonalar… O‘sha kezlarda chiroq deyarli har kuni o‘char, kechasi homilador ayollar sham yorug‘ida tug‘dirib olinardi. Ayniqsa, qish kunlari, sovuq havoda tug‘ilgan chaqaloqlarning ahvolini tasavvur qilavering. Shu sabab ko‘pchilik ayollarimiz sharoit mavjud bo‘lmagan shifoxonaga borishdan, uyda tug‘ishni afzal ko‘rib, buning oqibati ayanchli yakun topgan holatlar ko‘p uchrardi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar parvarishidagi nomaqbul yondashuvlar haqida gapirmasa ham bo‘laveradi.

Shukrki, endilikda barchasi o‘rgatilgan. Tug‘ruq kompleksimizga zamonaviy tibbiy uskunalar, chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilishda qo‘l kelmoqda. Yangi tibbiy jihozlar avtomatik ravishda bola tana haroratini nazorat qiladi. Ayrim holatlarda davolash vazifasini ham bajaradi.

Neonatalogiya sohasidagi bir necha yillik mehnat faoliyatim davomida shunga amin bo‘ldimki, o‘zbek onalaridek, bag‘rikeng, jonkuyar, mehridaryo, farzandi uchun boridan kechuvchi ayol dunyoda yo‘q. Shu bilan bir qatorda ushbu nozik xilqat vakillari jamiyatimizning har bir jabhasida faol. Bejiz ayolga bir qo‘li bilan beshikni, yana bir qo‘li bilan dunyoni tebratadi deb ta’rif berishmagan.

 

Subiniso BOYMATOVA,

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Musurmon ota” fermer xo‘jaligi raisi:

Bu yilgi ayollar bayramini har galgidanda o‘zgacha qarshi oldim. Boisi, kamtarona mehnatlarim yurtboshimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Nexia” avtomashinasi bilan taqdirlandim. Bu nafaqat men, balki butun fermer xo‘jaligimiz a’zolarining fidoyi mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Yana o‘qing:  Shifoxonadagi navbatning “navbati” o‘tmadimikan?

Bugun shu narsaga amin bo‘ldimki, astoydil mehnat qilgan, izlangan odam, albatta, uning rohatini ko‘rar ekan. Bunga dalalarimizdagi paxta, g‘alla, bog‘larimizdagi sarxil, shirindan-shakar mevalarimiz ortidan topayotgan daromadimiz bir misol.

Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha opa-singillarimizni, onaxonlarimizni bahor bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin-sochin bo‘lsin!

 

Zaynab DAYIBEKOVA,

Qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionati bronza medali sohibasi:

Fasllar kelinchagi bo‘lmish bahorni yoshlikka qiyos etishadi. Bu bejiz emas, albatta. Boisi, inson umrining ushbu faslida ekilgan har bir nihol, shaksiz kelajakka bo‘y cho‘zadi.

Bolaligimdan sportning qilichbozlik turiga mehrim bo‘lakcha. Mana bir necha yildirki, sportning ushbu turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqdaman.

Nufuzli musobaqalarda sovrindor bo‘lish, yurt bayrog‘ini baland ko‘tarish, har bir sportchi uchun yuksak baxt, ta’riflab bo‘lmas hayajondir. Ammo yana shunday quvonch borki, u hamma sportchiga ham nasib etavermaydi. Bu – kindik qoning to‘kilgan Vataning, mehribon xalqing, Prezidenting tomonidan senga bildirilgan yuksak ishonchdir.

Shukrki, yurtimizning eng baxtli sportchilari safidaman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning 15-16 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilgan tashrifi davomida menga yuksak ishonch bildirib, “Nexia” avtomashinasi bilan taqdirlagandi. Yurtboshimizning bu g‘amxo‘rligi meni yanada yangi marralar sari chorladi. Shu yili 22 fevral – 5 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida sportning qilichbozlik turi bo‘yicha kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etib, yakunda bronza medalini qo‘lga kiritdim. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olingan terma jamoamiz a’zolari orasida qoraqalpog‘istonlik 3 sportchi va 1 murabbiyimizga O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan “Spark” avtomashinalari topshirildi. Bu ham bo‘lsa, biz yosh sportchilarga yaratilgan shart-sharoit, bildirilgan ishonch samarasidir.

Oldinda bizni bundan-da nufuzli va mas’uliyatli bellashuvlar kutib turibdi. Navbatdagi manzilimiz esa Jakarta. Biz sportchilar davlatimiz, Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlab, davomiy g‘alabalarni jonajon Vatanimizga tuhfa etamiz.

Fursatdan foydalanib, bahor ayyomi, onajonlar, opa-singillar bayrami barchaga muborak bo‘lsin, deyman.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: