G‘amxo‘rlik

Ko‘pdan beri hammaning ko‘zi osmonda edi. Emishki, qish-qishligini qilmayapti. Bugun Bobur hazratlarining tavallud ayyomlari kuni. Kuni bilan yomg‘ir tinmadi. Nazarimda Bobur hazratlarining ohu zorlarini osmon ko‘z yoshlari bilan so‘zlayotgandek edi.

Adiblar xiyoboniga mushoiraga bordim. U yerda ijodkorlar uchun qilingan g‘amxo‘rliklarni ko‘rib, boshim osmonga yetdi. Adabiyot ahliga bundan ortiq yana qanday g‘amxo‘rlik qilish kerak. Endi Yurtboshimizning duoi jonlarini qilib ijod qilsang arziydi.

Mushoira boshlandi. Uyushma raisi hamma shart-sharoitlar yaratilgan shunday muhtasham binolarda ijodkorlarning faolligi sezilmayotganidan kuyindi. Keyin she’r o‘qishga kirishdik. Bobur bobo haqida jo‘yali fikr aytishga qiynaldim. Baland odamlar haqida so‘zlayotganda oldi-qochdi so‘zlardan ehtiyot bo‘lish kerak. Negadir mushoira allaqachon avjiga chiqqaniga qaramay, men hech narsani anglamayotgandek o‘tiribman. Minbarga chiqishga navbatim ham kelmayapti. Balki tegirmon teskari aylanayotgandir. Hamma so‘zini, she’rini aytib bo‘ldi. So‘zlamagan to‘rt kishi qoldik. Qozoqboy Yo‘ldoshev, Luqmon Bo‘rixon, Bahodir Qobil va men. Uyushma raisi o‘tirganlarga salmoqlab qaradi. Keyin, – Endigi so‘z navbati Chorsha’mga… – dedi. O‘tirganlar hayron qolishdi. Negaki, zaldagilarning bari gapini aytib bo‘lgandi. Chorsha’m ismli shoirimiz bugungi mushoiraga kelmagan edi. Rais biz tomonga tikilgani uchun, men u kishi biz to‘rtovlonni balki chorsha’m degandir deya o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Keyin kutilmaganda aruziy ismim tilga olindi.

 

...Tilingan bir tilik qovun kabi

nozlansa chiqqan Oy,

Sezib yurt taftini

sog‘inchni sayhon aylagan Bobur.

 

Asov yo‘lbars kabi yo‘lboshchilikdan

tolmagan ul Zot,

Chiqib o‘zbekni olam ahliga

xon aylagan Bobur.

 

Asrlar qa’ridan Axtamquliga

bir nido kelgay,

Buyuk millatni nomin elga

doston aylagan Bobur.

 

Mushoiraga yakun yasab qaytdim. Ko‘nglim yorishgandek bo‘ldi. Telefonim vahimali chinqirdi. Go‘shakni oldim. Ishxonadan o‘zimizning Muzaffar. Savol bilan murojaat qildi.

– Ishxonaga qachon kelasiz?!

– Nima edi?

– So‘rayapmanda…

Ko‘nglim sezdi. Bu tinib – tinchimas bolaga hoynahoy mening oylik yo‘l chiptam kerak bo‘lib qolgan. Negaki “proyezdnoy” olganimdan buyon uning ham yo‘qlovi ko‘paydi. Lekin bu galgi o‘ylovim puch chiqdi. Meni Ashurali aka yo‘qlagan ekan.

Tushlikni birga qildik. Gurung qizidi. Ashurali Jo‘rayev, Abdumajid Azimov, Muzaffar Ahmedov va yana men, demak, Chorsha’m…

Yana o‘qing:  SPORTDA TOBLANGAN IQTIDOR

Kechga borib yomg‘ir avjiga chiqdi. Oylik yo‘l chiptam bo‘lsada avtobusma avtobus yugurib yurishga erindim. Beminnat haydovchi do‘stim Bahrom Akbarovga telefon qildim. Axir yo‘limiz bir, uning ustiga “proyezdnoyim” ham bor. Bahrom aka savobtalab odam, u hech qachon so‘zimni rad etmaydi. Kitobxaltamni ko‘tarib ishxonadan chiqdim. Hovlida qadrdon birodarim Yusuf Abdullayev sovuqda qaltirab turibdi. Bekatgacha yetib borish chorasini izlayotgan bo‘lsa kerak. Boshida soyaboni ham yo‘q ekan. Mening esa ikki kishi bemalol sig‘adigan soyabonim bor. Uni panohimga oldim. Xadragacha Bahrom akaning mashinasiga olib borishimni aytdim. Yusuf aka ko‘zlarini pirpiratib: – Og‘a, yo‘l chiptangiz bor – ku! – dedi.

– Borlikka borkuya, yomg‘irda ivib yurishga arzimaydi, dedim.

Yusuf aka jonlandi.

– Ishlatmasangiz, nima qilasiz, bekorga uni hayf qilib, menga bering, yo‘lim uzoq, ertagacha ishlatib turay.

Yusuf akaning so‘zidan ta’sirlandim. Unga rahmim keldi. Ammo, hali kasalxonaga bemor ko‘rgani borishim kerakligi haqida o‘ylab, uning so‘zini rad etdim. Bahrom aka bizni mashinasiga mindirib yo‘lga tushdi. Yusuf akani Xadrada tushirdik. Yomg‘ir tinimsiz yog‘ayapti. Lekin uning yo‘li uzoq.

Hech bo‘lmasa, soyabonimni bersam bo‘larkan. Ha mayli, endi kech bo‘ldi… Uyga bordim. Bugun baxtga qarshi o‘g‘lim ham ishdan kechikib qaytdi. Bemorni ko‘rishga bormoqchi edim. To‘xtovsiz yog‘ayotgan yomg‘irdan erindim. Boshqa payt boraman, degan fikrga keldim. Televizordan avval hind serialini, keyin axborotni ko‘rib, yotoqqa kirdim. Bugun ertaroq dam olishga qaror qildim. Negadir uyqum qochdi. Yomg‘irning ostida ivib qolgan Yusuf akaning iltijoli nigohi ko‘z oldimdan ketmasdi. Qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Bekor qildim. Oylik yo‘l chiptamni bersam bo‘larkan…?

Soat kechasi ikki bo‘layapti hamki ko‘zimda uyqu kelmaydi. Tinimsiz ag‘anab yotibman. Bechora Yusuf akaning yomg‘irda holi nima kechdi ekan…

Kutilmaganda ichimdan bir ovoz keldi. Nega buncha o‘zingni qiynayapsan? Kim u Yusuf aka? Tilim kalimaga kelmay dovdirab qoldim. So‘roqqa zo‘rg‘a javob berdim. – Uzoq yillar birga ishlagan qadrdon birodarim. Ichimdagi ovoz kuchaydi. – Biron joyda ishlaydimi?

– Ha, nashriyotda ishlaydi.

– Qancha ish haqi oladi?

– Ikki yarim million…

Yana o‘qing:  Oqchilning oldini olish mumkinmi?

– Sen o‘zing qancha olasan?

– Yetti yuz ming…

– Unda nega buncha kuyinasan? U kerak bo‘lsa ishxonasidan uyigacha piyoda borib kelsa ham, Vatan oldidagi qarzini uzolmaydi. Endi uxla, behuda o‘ylovlaringni bas qil…

Shundan keyin qanday qotib uxlaganimni bilmayman. Telefonimning chinqirig‘i meni uyg‘otdi. Shoshilib go‘shakni oldim Bahrom Akbarovning muloyim ovozi yangradi.

– Do‘konning yoniga chiqib turing, mashina bilan o‘n daqiqada yetib boraman. O‘rnimdan sakrab turdim. Soat sakkizdan oshibdi. Apil – tapil kiyinib eshikka otildim. Hovlida men ko‘pdan beri orziqib kutgan oppoq qor yastanib yotardi…

 

AXTAMQULI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: