“Tatuaj” va “boteks” nima yoxud “go‘zallik” qurbonlari xususida

Bu dunyoda barcha qiz go‘zal va maftunkor bo‘lishni istaydi. Tabiiy go‘zallik yaxshi, ammo bugun Yaratgan bergan bu ne’matdan ko‘ngli to‘lmay, turli yo‘llar bilan go‘zal bo‘lishga intilayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayollar va qizlar orasida “tatuaj”, “boteks”, “manikyur”, “pedikyur” hamda sun’iy yo‘llar bilan soxta qosh va kipriklar ektirish urfga aylanmoqda. Afsuski, bu borada oltin me’yorni bilmay, o‘ziga turli tashvishlarni orttirib olayotgan opa-singillarimiz kam emas. Keling, bugun shu haqida suhbatlashamiz.

 

Feruza ARIPOVA, dermatovenerolog:

Tatuaj – pergament pardoz, ya’ni yuzdagi a’zolar – lab, ko‘z, qoshni bir necha yilgacha o‘chmaydigan qilib bo‘yash. Bu jarayonda yuqoridagi a’zolar terisiga igna yordamida maxsus bo‘yoqlar yuboriladi. Bu pigmentlarning uzoq vaqt saqlanishini ta’minlaydi. Pergament muolajasi og‘riqli bo‘lib, bir-ikki soatgacha cho‘ziladi. Tatuaj pardoz buyumlaridan foydalanmay, lab, ko‘z va qoshga kerakli shakl berish, teri nuqsonlari bo‘lgan chandiq va pigment dog‘larni yashirish imkonini beradi. Lab tatuaj qilinganda og‘iz atrofida turli xil shishlar paydo bo‘lib, ular uzoq vaqtgacha bitmaydi. Infeksion kasalliklarga chalinish xavfi ortadi. Ko‘zda ko‘rish qobiliyatining pasayishi hamda teri sezuvchanligi, mimikaga salbiy ta’sir etadi. Yuzning asab tomirlarini jarohatlab, ba’zan surunkali allergiyani ham keltirib chiqaradi.

Boteks – mazkur preparat botulin toksinidan tayyorlanadigan kuchli zahar hisoblanadi. U yuz terisi ostiga yuborilgach, yuz mushaklari falajlanib, harakatdan to‘xtaydi, natijada go‘zalligimizga soya soluvchi ajinlar yo‘qoladi. Muolaja qisqa muddatda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, lekin takror-takror yuborilganda yuz sezgilari asta-sekin yo‘qola boshlaydi. Boteksdan so‘ng terida yanada ko‘proq ajinlar paydo bo‘ladi.

Shuningdek, kiprik va qosh ektirish amaliyoti asosan go‘zallik salonlarida amalga oshiriladi. Mavjud kipriklar orasiga sun’iy kipriklar tutami kiritilib, maxsus yelimga ekiladi. Kiprik belgilangan muddatidan oldin to‘kilishni boshlaydi. Qosh ham yakkam-dukkam bo‘lib qoladi. Keyin mijoz uni yana qo‘shimcha mablag‘ sarflab, muddatidan avval olib tashlashga majbur bo‘ladi. Buning natijasida tabiiy qosh va kipriklar tolasi nimjon bo‘lib, to‘kiladi.

 

Maftuna VALIYEVA, O‘zMU talabasi:

– Har bir zamonning o‘ziga xos muammo va kamchiliklari bor. Lekin hamma davrda ham bunday muammolar markazida biz kabi yoshlar turadi. Sababi, ayni qiziquvchan yoshda taqiqlangan narsalarga intilamiz.

Yana o‘qing:  G‘amxo‘rlik

Bugun qizlar va ayollar turli usullar bilan go‘zal bo‘lishga intilmoqda. Lekin bundan aziyat chekayotgan va turli kasalliklarga chalinayotganlar talaygina. Uning zararli oqibatlari haqida ma’lumotlarga ham egaman.

Bir kuni go‘zallik saloniga borganimda bir qizga boteks uchun ineksiyani yuborilganda unga allergiya berib, yuzida turli toshmalar paydo bo‘ldi. O‘sha kundan e’tiboran tabiiy vositalardan foydalanishga qaror qildim. Axir momolarimiz ham azal-azaldan o‘sma, surmalardan qosh-ko‘zlariga surib, qo‘l va oyoqlariga xina qo‘yib tabiiy go‘zallikka intilganlar-ku.

 

Sun’iy go‘zallikka qiziqish qayerdan paydo bo‘lmoqda?

 

Bu savollar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Javobni esa atrofimizdan izlaymiz. Bu borada tengdoshlarimning fikrlarini o‘rganib chiqdim. Buni qarangki, “yoshlik eliksiri”ning zararli ekanligini bilsada, go‘zallik qurbonlariga aylanishga tayyor “qahramonlarimiz” soni ko‘pchilikni tashkil qilar ekan. Ammo, vaqtinchalik chiroy nima uchun kerak?

Buni aytishim qanchalik to‘g‘ri bilmayman-u ammo qizlarning borgan sari chehralari bir xil bo‘lib bormoqda. Kino aktyorlarga taqlid avj olib, o‘zligini yo‘qotayotganlar ham bugungi jamiyatimizda ko‘plab topilyotgani kishini ranjitadi. Kimlardir nikoh to‘yida kechaning malikasiga aylanishni istab, bunday usulda go‘zal bo‘lishga rozi bo‘lsa, yana kimdir mashhur xonanda, aktrisalarga taqlid qilib, ularga o‘xshashga harakat qilmoqda. Ko‘rib turganingizdek, asosan tengdoshlarimiz orasida bu kabi kosmetologik amaliyotlarga intilish kuchli. Xo‘sh, ota-onalarning bu haqda fikri qanday?

 

Fotima ULUG‘MURODOVA, uch qizning onasi:

– O‘smir yoshida bo‘lgani uchun katta qizim Noilaning yurish-turishini doimo nazorat qilaman. Uning muammolarini eshitib, birgalikda bartaraf etishga harakat qilaman. Lekin shu bilan birga, biroz qattiqqo‘lman. Unga bo‘lgan bunday munosabatim yaxshi natija berdi. Hozirda qizim rus va ingliz tillarini mukammal biladi. Bo‘sh vaqtini unumli tashkil qilganman. Haftasiga ikki kun tikuvchilik to‘garagiga boradi, qolgan kunlarda esa darslari va uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Qizimni boteks yoki tatuaj qilishiga ruxsat bermayman. Nafaqat men, balki uch akasi ham bunga yo‘l qo‘ymaydi. Maqtanishga yo‘ymang-u qizim bu kabi vositalarsiz ham maftunkor.

 

Nigina PARPIYEVA, uy bekasi:

– Yoshim o‘ttiz ikkida. Shunga qaramay, atrofdagilar yoshimga nisbatan kichikroq ko‘rinishimni ko‘p aytishadi.

Bir kuni singlimning to‘yiga borish uchun sochimni turmaklatish uchun uyimiz yonidagi go‘zallik saloniga kirdim. Sochimni tarar ekan sartarosh qiz yuzimdagi ajinlarni sanay ketdi. Bir daqiqada o‘zimni o‘ttiz yoshga qarigandek his qildim. So‘ngra bu ajinlardan qutilishning yo‘li osonligini va o‘z xizmatini taklif etdi. Aytishicha, bor yo‘g‘i, bir ineksiya va men yigirma yosh qizga aylanar ekanman. Bu meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Ammo, xo‘jayinimdan so‘roqsiz o‘zim qaror qabul qila olmayman. Shuning uchun u kishiga qo‘ng‘iroq qildim. Lekin turmush o‘rtog‘im bunga ruxsat bermadi.

Yana o‘qing:  Reproduktiv salomatlik – barqaror hayot kafolati

Buni qarangki, bugun ayollar va qizlar orasida “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Ko‘r-ko‘rona taqlid orqali o‘zligini unutib, jamiyatda kemtiklar paydo bo‘lishiga zamin yaratishyapti. Shunday ekan atrofdagilarga va yaqinlarimizga buning zararli va keraksiz ekanligini uqtirishimiz lozim. Unutmang, tashqi go‘zallik emas, qalb pokligi muhim.

 

Dilfuza JAMOLOVA,

O‘zMU talabasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: