Velopatronaj xizmati: masofalar qisqaradi, unumdorlik ortadi
Aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati va samaradorligini yanada oshirishda patronaj xizmatining alohida o‘rni bor. Zamonaviy tibbiyotning muhim yo‘nalishi bo‘lgan mazkur tizim nafaqat tibbiy-profilaktika, balki inson salomatligini muhofazalashga xizmat qiladigan ko‘plab tarmoqlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Hozirda mamlakatimizda kasallikni davolash emas, balki uning oldini olish – xastalikka sabab bo‘luvchi omilni oldindan aniqlab, bartaraf etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda. Buni esa tibbiy patronaj xizmati bilan oilalarga kirib borgan holdagina amalga oshirish mumkin. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani singari patronaj xizmati yurtimizning har bir chekka tumanini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Endilikda hamshiralarga vazifalarini to‘liq ado etishlari uchun kerak bo‘ladigan tibbiy vositalar bilan bir qatorda ularning uzog‘ini yaqin qiladigan transport vositalarining olib berilayotgani ularning ish samaradorligiga ijobiy ta’sir etmoqda.
Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi aholiga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish uchun velopatronaj xizmatini yo‘lga qo‘yilgani aholining tibbiy xizmatdan o‘z vaqtida foydalanishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Avvallari patronaj hamshiralarimiz har bir chaqiruvga bir, bir yarim soat vaqt sarflasa, hozirda bu vaqt 30-35 daqiqani tashkil etmoqda. Ma’lumki, patronaj xizmati homiladorlar, go‘daklar, yosh oilalar, keksalar, yangi farzand ko‘rgan ayollar va parvarishga muhtoj yolg‘iz keksa, nogiron hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uy sharoitida tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidir. Demak, bu soha butun mamlakat aholisi salomatligiga javobgar yo‘nalish ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, ko‘rsatilayotgan bunday tibbiy xizmat insonlar sog‘ligida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Quyi Chirchiq tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Sevara Ashirova.
Hududdagi patronaj hamshiralar ishi samaradorligini oshirish, ularning uzog‘ini yaqin qilish maqsadida tibbiyot muassasalariga tuman hokimligi tomonidan 22 velosiped taqdim etildi. Ularning 20 tasi QVPlarga, 2 tasi ko‘p tarmoqli poliklinikalarga berildi. Ayni paytda tuman tibbiyot birlashmasidagi 81 nafar patronaj hamshirasi 104 ming 248 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi.
– Bizga berilgan ushbu velosipedlardan foydalanayotganimdan juda xursandman, – deydi hamshira Dilnoza Tursunova. – Bu transport vositasidan foydalana boshlaganimdan beri, ishim samarasi oshdi. Mahallalarga borib kelishga vaqtim ancha tejaldi. Fertil yoshidagi ayollar, qariya otaxonu onaxonlar chaqiruvidan so‘ng bir zumda manzilga yetib borganimizni ko‘rib, judayam xursand bo‘lishadi. Aholining bizdan rozi bo‘lganini ko‘rish, o‘z faoliyatimizda yanada rag‘bat bilan ishlashimizda o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
Respublikamizdagi birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarida xizmatlar sifatini yaxshilash profilaktika tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida Quyi Chirchiq tumanidagi patronaj hamshiralari uchun birinchi bosqichda mavjud 11 ta hududga ikkitadan velosiped olib berildi. Bosqichli tadbirlar doirasida tuman hokimligi patronaj hamshiralarning barchasini mana shunday foydali transport vositasi bilan ta’minlashni rejalashtirgan. Sohada ro‘y berayotgan bunday yangiliklar tibbiy patronaj tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etishga mo‘ljallangan. Bu esa kasalliklarning o‘z vaqtida oldini olish, ayniqsa, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xurshida TOLIPOVA