O‘zgaga atalgan o‘rindiq
Soat tungi uch. Har kungidek bugun ham barvaqt uyg‘ondim. Tezroq otlanmasam, daromadim kamroq bo‘ladi. Bozorga mollar yarim tunda kirib keladi. Ularni do‘konga olib borib, joylash kerak. Ulgurji savdo ham avjiga chiqadi. Nimchamni yelkamga ilib, eshikni ochishim bilan ostonada savat to‘la atirgullar turibdi. Xayollarim tarqab ketdi. Bir zum nima bo‘layotganini anglolmay qoldim. Birdan yodimga tushdi. Bugun tug‘ilgan kunim, axir.
Gullarni ko‘rib, juda sevindim. Ro‘zg‘or tashvishi, deb doim tug‘ilgan kunim yodimdan ko‘tariladi. Ammo o‘g‘lim Muhiddinjon bu kunni unutmaydi. Deyarli hamma bayramda ostonamga turfa xil sovg‘alar olib kelishni kanda qilmaydi. Suyanganim, to‘ng‘ich farzandim! Kichkina o‘g‘lim ham akasidan o‘rnak olib, maktabdan qaytishda bir dona gulmi yoki shokoladmi ko‘tarib keladi.
Muhiddinjonimga har safar “Pulni ortiqcha narsalarga sarflama bolam, gullarsiz ham tug‘ilgan kunim o‘tadi” desam, “Onajon siz uchun gul olmasam, pulni nima qilaman”, deydi.
O‘g‘lim Sergeli tumanidagi tibbiyot kollejida tish shifokorligi bo‘yicha tahsil olgan. Institutga topshirdi, lekin biroz ball yetmay, kirolmadi. Sohasi bo‘yicha ish topdi-yu, o‘rta ma’lumotning oyligi ham shunga yarasha bo‘larkan. Topgan oyligi yo‘lkirasiga ham yetmasdi. Bu yog‘da ro‘zg‘or deganlaridek…
Men tun qorong‘usidan ishga otlanaman, quyosh botganida uyga qaytaman. Topganim yeyish, kiyish, uyning kommunal to‘lovlaridan ortmaydi. Hali o‘zimiz uchun uy olishimiz kerak. Muhiddinimni uylantirishim, kichik o‘g‘lim Azimjonni o‘qitishim kerak. Bu tashvishlarni o‘g‘lim Muhiddin ham o‘ylaydi: “Qiynalib ketdingiz ona. Hali keng hovlimiz bo‘ladi. Darvozamizni tong sahardan ochib qo‘yamiz. Mehmonlar kelib turadi. Hovlimizdan siz yaxshi ko‘rgan rayhon ifori taraladi. Keliningiz suv sepib, supuradi, siz esa so‘rida choy ichib o‘tirasiz”. Oh, qanday beg‘ubor orzular. Niyatinga yetgin, deb duo qilaman.
O‘g‘lim oshpazlikka qiziqadi. Shuning uchun uyimizga yaqin joydagi “Jiz-biz” oshxonasiga ishga kirdi. Bosh oshpazga shogirdlikka tushdi. Kasbiga chin ko‘ngildan mehr qo‘ygani sabab tez orada qo‘li shirin oshpaz sifatida tanildi. Poytaxtimizda o‘tkazilgan 8 tonnali osh bayramiga mahoratli oshpazlar qatorida o‘g‘limni ham taklif qilishdi. Xullas, uning topish-tutishi yaxshilandi. Ukasini qo‘shimcha repetitorda o‘qita boshladi. Sport to‘garagiga a’zo qildi. “Ukamning yaxshi o‘qishi, kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lishi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilaman” derdi u. Shu tariqa turmushimiz bir zayilda o‘tardi.
Bir kuni o‘g‘lim gap topib keldi: “Ona, oshpaz ustozlarim Qozog‘iston shahriga ishga ketishyapti. U yerda oshpazlarga yaxshi haq to‘lasharkan. Men ham borsam maylimi?” Kutilmagan gapdan nima deb javob berishni bilmay qoldim. Jontomirimdek bo‘lgan o‘g‘limni qanday qilib quchog‘imdan yulaman? Qozog‘istonga boraman, deydi. Men umrimda u yerlarni ko‘rmaganman. Qanday yurt? Odamlari qanaqa? Yo‘q, yo‘q aslo yubormayman.
O‘g‘lim xavotirimni bilib, “Onajon, yosh bola emasman endi. 22 yoshdaman. Bu yurishda qachon uy olamiz? Ko‘rpani har tarafga tortgan bilan yo bosh, yo oyoq ochilib qolaveradi. Borib ishlay, boshpanali bo‘laylik. Tun qorong‘usida ishlashingizni ko‘rib, vijdonim qiynaladi. Sog‘lig‘ingiz ketyapti. Siz bizga keraksiz axir, onajon!”. O‘g‘lim mehribon yigit edi. U tengilarning ayrimlari voyaga yetsa ham ota-onasining topgan puliga yashaydi. O‘g‘lim Muhiddin oqibatli, mas’uliyatli farzand bo‘lib ulg‘ayganidan sevinaman. Mahalladagilar ham uni maqtab, duo qilishardi. Chunki o‘g‘lim mahallaning barcha hasharlari, to‘y-tantanalarida kamarbasta, xizmatga shay edi.
Uning so‘zlarida jon bor. Sog‘lig‘im yomonlashyapti, uy-joy qilishga kuchim yetadimi-yo‘qmi, bilmayman. Ishonchli sheriklari bor ekan, borib ishlab kelsin, mayli, deb ruxsat berdim. Buning uchun o‘zimni haligacha kechirolmayman…
Hammasi shu kundan boshlandi. O‘g‘lim ishlash uchun Qozog‘iston Respublikasiga ketdi. Ikki oy ishladi. Mo‘may daromad topdi. Uyga pul yuborardi. Yangi yil bayramini o‘sha begona yurtda o‘tkazdi. Bu yilgi bayramda ostonamda gul yo‘q edi.
Oradan bir haftacha vaqt o‘tib, o‘g‘lim uyga qaytayotganini aytib qoldi. Biram sevindim. Ammo o‘g‘lim xursand emasdi. “Endigina topishim yaxshi bo‘lgandi. Kafeni ta’mirlashar ekan. Bahorda qaytib kelasizlar, deb hozircha ruxsat berishdi” deya achinib gapirardi. “Onajon, bir do‘stim Rossiyada ishlaydi. Oshxonasiga oshpaz kerak ekan, meni chaqiryapti. Uning yoniga bormoqchiman. Qishda bekor o‘tirmay, uch-to‘rt so‘m pul topib kelay” deb qoldi. Men g‘aflatda qolgan ona “Mayli, boraqol o‘g‘lim” debman. Undan ko‘ra “Uyga qayt. Shu yerda ham topishing yomon emas, boriga shukr” desam bo‘lmasmidi. Shayton yo‘ldan urdimi meni, bilmayman. Guldek bolamni muz bosgan yo‘llarga yubordim.
“Dushanba kuni yo‘lga chiqaman”, degandi o‘g‘lim. Seshanba kuni ham yo‘lda emasdi. Bu orada o‘zimning ishlarim ham ko‘payib, qay tarafni o‘ylashni bilmay andarmon bo‘lib qoldim. Bolamdan tuzukrok hol-ahvol ham so‘rolmadim. Seshanba kuni kechki payt o‘g‘lim bilan gaplashdim. “Ona havoning sovuqligi sabab Moskvaga ketolmayapman” dedi. Oradan ikki soatlar vaqt o‘tdi. U yana telefon qildi. “Onajon, men yo‘lga otlanayapman. Duo qiling” dedi. Duolarim hamisha o‘g‘lim bilan. Kechki payt savdoning “hovuri bosiladi”. Biroz tin olib, o‘g‘limga telegram tarmog‘i orqali “sms” yubordim. U javob yozdi. O‘ylab qoldim, samolyotda bir zumda yetib borsa kerak. Tun qorong‘usida ham “yo‘ldaman” degan xabar keldi. Ajablandim.
– O‘g‘lim, qanday transportda ketyapsan?
– Avtobusda onajon.
– Nega samolyotda uchmading?
– Chipta narxi qimmat ekan. Ololmadim.
– Ikki kun avtobus kutganmiding?
– Ha. Yo‘llar muzlagani uchun chipta olgan avtobusim kelolmadi. Chiptamni boshqa avtobusnikiga almashtirdim. Ikki qavatli, ichi issiq ekan. Yonimda hamshaharim bor. Suhbatlashib ketyapmiz.
– Sheriklaring qani? Oshpaz ustozlaringni aytyapman.
– Ular O‘zbekistonga qaytishgan.
– Senchi?
– Men bir o‘zim ketyapman.
Bu gapni eshitib, karaxt holatga tushdim. Begona yurtlarga bolam bir o‘zi ketayaptimi? Nega avvalroq so‘ramadim, kim bilansan deb? Bechora bolam. Shu sovuqda, muz yo‘llarda ketayapti ekan. Ichimga chiroq yoqsa yorishmaydi. Tomog‘imdan luqma o‘tmay qoldi. O‘g‘lim bilan kecha-yu kunduz “sms” xabar yozishdik. Payshanba kuni tongda yana unga xabar yubordim. Tushlik paytigacha kutdim, javob kelmadi. Rossiya hududiga o‘tishgan bo‘lsa, aloqa uzilgan, deb o‘yladim. Kechki payt kichik o‘g‘lim Azimjon bilan dasturxon yoniga kelib o‘tirgan edik, telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni o‘g‘lim ko‘tardi. “Ona kimdir avtobus yonib ketdi, deyapti”, dedi. Ichim muzlab ketdi. Go‘shak oldiga qanday yetib kelganimni bilmayman. O‘g‘limning oshpaz ustozi Qozog‘iston hududida qandaydir avtobus yonganini, ichida mening o‘g‘lim ham bo‘lishi mumkinligi taxminini aytdi. Ustozi o‘sha yurtdagi tanishlari orqali surishtirib bilishicha, Muhiddin kutgan avtobus kelmaganligi sabab bolam boshqasida, o‘zganing o‘rnida ketgan. Yonayotgan transportning ortidan kelib, tez yordam ko‘rsatgan avtobusda esa o‘g‘lim kelishi kerak bo‘lgan. Yana ikki soat kutganida u o‘zi uchun atalgan joyda bo‘lar ekan.
O‘sha paytdagi ahvolimni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Yongan avtobus-u o‘lgan men bo‘ldim. Kimga, qayerga murojaat qilishimni bilmayman. O‘g‘limga tinimsiz telefon qilaman, xabar yuboraman. O‘sha tun hayotimdagi eng uzun kecha bo‘ldi. Ilohim, o‘g‘lim o‘sha avtobusda bo‘lmasin. Ertasi kuni notanish odamlar keldi. FVV xodimlari ekan. DNK tahlili uchun qon topshirishim kerakligini aytishdi. Ularning ortidan aytilgan joyga bordim. Oyoqlarim o‘z-o‘zidan yurardi. Ruhim, xayolim allanechuk joylarda.
Meni oq xalatda bir ayol qarshiladi. “Bu opadan qon oling va ichkaridagi bilan solishtiring” dedi meni olib kelgan odam. Ichkarida kim bor? O‘zimga savol beraman.
– Ichkaridagi odamni bir ko‘ray?
– Mumkin emas opa. Ko‘rganingiz bilan foydasi yo‘q, tanib bo‘lmas daraja…
– Taxmin qilayotganingiz mening bolam bo‘lsa, taniyman. Uning tishlaridan taniyman, gavdasining tuzilishidan taniyman, go‘daklikdagi iforidan taniyman!!!
Qon olishgach, meni uyimga olib kelishdi. Dod, dod men axmoq, men go‘l jigargo‘shamni bag‘rimdan uzoqlashtirdim. Tirikchilik deb bolamni muz yo‘llarda ketishiga sababchi bo‘ldim. Boshpana kerak emas, ko‘chalarda yotib yurmaymanmi bolalarim bilan. Endi menga kim xabar beradi. Qani bolam? Tekshiruvlar qancha paytgacha davom etadi? Tirnoqlarimgacha titroqdaman.
Daf’atan bir voqea yodimga tushdi. 18 yanvar ertalabki nonushta paytida eshigim taqilladi. O‘g‘lim Azimjon eshik yoniga borib, “Kim?” dedi. Tashqaridan Muhiddinjonimning “Menman” degan ovozi eshitildi. Azimjon “Ona, akam keldi” deb eshik ochdi. Dahlizdan chopib bordim. Eshik oldida hech kim yo‘q edi. O‘g‘lim ikkimiz bir-birimizga hayron qarardik. Birgina men emas, o‘g‘lim ham eshitdi-ku kattamning ovozini. Nega bunday bo‘ldi ekan? Bu nimadan darak beradi? Bolam joni uzilib men tomonga yugurdimikan?!! Xudo asrasin. Nimalarni o‘ylayapman. Undan ko‘ra duo qilay, bolam bag‘rimga qaytsin. Uy ajinasidek tonggacha uyqu bilmay, xonama-xona izg‘idim.
Ertasi kuni tekshiruv natijasi aniq bo‘lmaganini, u mening farzandim bo‘lmasligi mumkinligini aytishdi. Aytdim-ku mening bolam emas u! Muhiddinim boshqa avtobusda manziliga yetgan. Hali zamon qo‘ng‘iroq qilib, “Onajon, men yetib keldim” deydi. Ovozlaringga ko‘ztumor bo‘lay bolam. “Tez ortingga qayt” deb chaqirib olaman. Yurtimizda ko‘ngil xotirjamlikda yurganga nima yetsin. Nasib qilsa, uylik ham bo‘lamiz. To‘ylar qilaman. O‘g‘limning yoqtirgan qizi bor edi. O‘shani kelin qilaman. Bir to‘ylar qilay…
Kechga yaqin opam keldi. Negadir boshqacha alfozda. “Mum” tishlagandek jim yuribdi. O‘g‘limning do‘stlari xabar olishdi. Voqeadan xabar topib, bir do‘sti Moskvadan uchib kelibdi. O‘g‘lim odamshinavanda-da o‘ziyam. Do‘stlariga oqibatli. Mana hammasi mendan ko‘ngil so‘rash uchun, do‘stimiz tirik deb yupatish uchun yonimda jamuljam bo‘lishgan. Biroz suhbatlashganimizdan so‘ng ketishdi. Kechga yaqin akalarim va boshqa qarindoshlar yig‘ilishdi. Oshxonada kuymalanib yurgan opamning yoniga bordim. “Opa nega hamma kelayapti biznikiga? Ularni siz chaqirdingizmi? Nega?”. Opam uvvos solib yig‘ladi. Aytishicha, mening qonim bilan aniq tahlil olisholmagach, kenjatoyimdan qon olib ketishgan ekan. Aka-ukaning qoni bir-biriga mos kelibdi. Shanba kuni tongda o‘g‘limni olib kelishar ekan.
Nega yubordim, nega? Nimam kam edi? Bolalarimning usti but, qorni to‘q edi. Qiyinchilikdan charchadimmi? Nuridiydamdan ajraldim, bundan ortiq azob bormi? Dod, dod. Bolalarim endigina qanotimga kirib ro‘zg‘or yukini tortishayotgan edi. Endigina ko‘ksimga shamol tekkandi. Shayton vasavasiga uchdim. Bolam pul olib kelaman, desa yo‘q demadim. Bolam azoblanib yondi, “ona” deb yig‘ladimikan, meni chaqirgandir? Men g‘aflatda qoldim. Nafsim mening balodir…
Erta tongdan uyimning oldida olomon yig‘ildi. Butun bir tuman odamlari kelgandek, go‘yo. Farzandim yaxshi inson edi. Shuning uchun ham uning do‘stlari, birodarlari ko‘p edi. Diniy tashkilot vakillari kelib tasalli berishdi. O‘sha kezda ko‘nglimdan bir so‘z o‘tdi: Prezidentimizga rahmat!
O‘g‘limning tanasi o‘zga yurtlarda xor bo‘lib qolmadi. Urf-odatlarimizga xos tarzda dafn etildi.
Oyoqlarim tik turganiga o‘zim ham hayronman. Yog‘och quti ichida o‘g‘ling bor deb olib kelishdi. Bir bora ko‘ray, desam ruxsat berishmadi. Men arosatda qoldim. Axir bolamni ko‘rmadim, u rostdan ham mening farzandimmi? Balki bir kuni “Onajon men keldim” deb ostonamdan mo‘ralar…
Dildora FAYZIYEVA oqqa ko‘chirdi.