O‘quvchilar ko‘ngliga yo‘l topish – yutuqlar zaminidir

O‘quvchilarimiz mumtoz shoirlarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlab boshlang‘ich sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan “Nazm va navo” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida birinchi o‘rinni egallashdi.

Ayniqsa, alloma bobolarimiz yozgan g‘azal va ruboiylarni ifodali yod aytishda ularga teng keladigan o‘quvchi topilmadi. Hal qiluvchi 3-chorakni ham yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlashga harakat qilayotgan sinfimiz uchun bu juda quvonarli bo‘ldi. Bunday yutuq o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q, albatta.

Ma’lumki, boshlang‘ich sinf bilimning asosiy poydevori hisoblanadi. Men har bir mashg‘ulotda ana shu talabga amal qilaman. Har doim o‘quv yili boshida ota-onalarga “Bolangizni sizga yoqqan fazilatlari hamda siz bartaraf qilishga qiynalayotgan kamchiliklari” degan anketa varaqasini tarqataman. Bu narsa menga sinfimdagi 39 o‘quvchining har biriga o‘ziga xos yondashish imkonini beradi. Zero, o‘quvchini tushunish ustoz uchun yarim muvaffaqiyat degani.

Bolalarni badiiy kitoblarga qiziqishini orttirish ham yutuqlar garovi. Sinfda, har bir oilada mo‘jazgina kutubxona tashkil qildik. Bunda menga sinf ota-onalar qo‘mitasi raisi Soliha Abdunazarova ko‘makdosh bo‘ldi. Ota-onalar bilan bola hayoti, uning tafakkuri va dunyoqarashi, nutqining boyishida badiiy asarlarning o‘rni haqidagi suhbatimizdan bir hafta o‘tar-o‘tmas, sinfimiz kutubxonasi 100 dan ortiq badiiy kitoblar bilan boyidi. Darsdan so‘ng tarbiya va odobnoma darslarida ana shu kitoblardagi turli rivoyat, ertaklarni bolalar bilan birgalikda o‘qiymiz. Bahslar uyushtiramiz. Bu munozaralar bolalarni mustaqil fikrlashga undabgina qolmasdan yozuvchi va shoirlarning hayoti va faoliyatini ham chuqur o‘rganishlariga omil bo‘lyapti. Maktab bo‘yicha sifat ko‘rsatkichining yuqori bo‘lishi, birinchi navbatda bolalarning she’riyatga, kitobga bo‘lgan qiziqishi, qolaversa,”Ifodali o‘qish” to‘garagidagi mashg‘ulotlarimiz samarasi, desam xato qilmagan bo‘laman. Har bir oiladagi muhit, shart-sharoit bilan tanishtirgan Mohinur nomli mahalla raisi Zaynab G‘aniyevadan ham minnatdorman. Vatanimiz kelajagi bo‘lgan bolalarni har tamonlama yetuk, vatanparvar va mehnatsevar bo‘lib kamol topishida mahalla – maktab – oila hamkorligi dilimizdagi ezguliklar ro‘yobiga zamin bo‘lishi, shubhasiz.

 

Mingjahon XOLMATOVA,

Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi 282-maktab o‘qituvchisi

Yana o‘qing:  Imperator vorisiga tahdid solgan xastalik

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: