Nurotaning asriy an’analari

mohir qo‘llarda bugun yanada sayqal topmoqda

Mustaqil taraqqiyotimizning har bir yili biri-biridan salmoqli, tarixiy voqealarga boy bo‘lmoqda. Hayotimizga «Obod turmush yili» nomi bilan kirib kelgan yil Vatanimiz tarixida yangi bir zarvaraq ochdi. Muhtaram Prezidentimiz an’anaga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘n bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ilhombaxsh nutqida 2013 yilni «Obod turmush yili» deb e’lon qildilar. Prezidentimiz tantanali marosimda so‘zlagan nutqida «Obod turmush yili» deb nom olgan yilda davlat va jamiyat oldida turgan vazifalarning eng muhim dasturiy yo‘nalishini ham ravshan ko‘rsatib berdi. Hech shubhasiz, Yurtboshimiz ilgari surgan vazifalar shu maqsadda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga asos bo‘ldi.

– «Obod turmush yili» davlat dasturi tadbirlari bilan tanishib, odamlarimiz hayotida, bizdek tadbirkorlar turmush tarzida go‘zal mazmun-mohiyat bo‘lishini qalbga tuydik. Darhaqiqat, insonparvarlikka asoslangan milliy qadriyatlarimiz, jumladan, hunarmandchiligimiz ham mustaqillik sharofati bilan yanada rivojlanmoqda. Bugungi kunda hunarmand mehnati nihoyatda qadrlanayapti. O‘zbek xalqining milliy qadriyatlarini, o‘ziga xos go‘zal amaliy san’atini butun jahon ahli tan olmoqda. Zero, qadriyatlar, urf-odatlar avvalo oilada vujudga keladi, rivojlanadi, qanot qoqadi. U turmush obodligining timcoli bo‘lib, har bir oilaga farahli ruh baxshida etadi, – deydi nurotalik Gulnora Fayzullayeva.

Oliy toifali o‘qituvchi Gulnora Fayzullayeva bilan «Asrlar sadosi» festivalida tanishdim. Bahor nafasi ufurib turgan Sarmishsoy darasida festival munosabati bilan xalq sayli davom etayapti. Borliq kelinchakdek yasangan, rang-barang barqut tabiiy gilamlar ko‘zni quvontiradi, havo musaffoligi unga uyg‘unlashib dillarni yayratadi.

Hunarmandlarga atalgan ulug‘vor shiypon ko‘chma muzeyni eslatadi. Festival munosabati bilan uning qatnashchilariga ham ziyorat ham sayohat ham miriqib suhbatlashish imkoniyati tug‘ildi. Tadbir va uning ishtirokchilari timsolida ko‘z oldimizda Vatanimizning g‘aroyib kengliklari, qadimiy qadriyatlari, xalqimiz go‘zal fazilatlari namoyon bo‘ladi. «Asrlar sadosi» festivali xalqimiz obod turmushining bir ramzi bo‘lib ko‘z oldimizda gavdalanadi. Yilning go‘zal bir voqeasi bo‘lib yuz minglab kishilarning xotiralarida qoladi.

Sarmishsoydagi xalq sayli elimizning milliy qadriyatlarini, to‘kin-sochin xonadonlarini, ezgulikni, mehr-oqibat uyg‘unligini ko‘z oldimizga keltiradi. Zero, xonadon obod bo‘lsa, qadriyatlar yuksaladi, go‘zalliklar ulug‘lanadi. Uzoqqa borib yurmaylik: mustaqillik, davr kuchli ta’sir vositasi ekanligini Gulnoraning taqdirida yaqqol ko‘ramiz. Kasbi pedagog. Nurota san’at litseyida kashtachilik bo‘limi boshlig‘i bo‘lib faoliyat yuritadi. Qizlarga kashtachilikdan saboq beradi. Shu bilan birga yakka tadbirkor sifatida shaxsiy oilaviy jamg‘armasi ham mavjud.

Yana o‘qing:  Abituriyentlarga qulaylik

Nurota Navoiy viloyatidagi qadimiy va go‘zal shahar. Qutlug‘ manzilga kasbim taqazosi bilan ko‘p bora safar qilganman. Tuman o‘tgan chorak asr ichida yanada ravnaq topdi. Mustaqillik sharofati bilan bu o‘zgarish yanada kuchaydi. Qadimiy obidalar qayta ta’mirlandi, yangi mavzelar, ko‘chalar, mahallalar, maktab, kollejlar paydo bo‘ldi. Har borganimda yangi bir o‘zgarishni tuyaman. Eng asosiysi odamlar ongi-shuurida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, Gulnoraxonni oladigan bo‘lsak, u Navoiy pedagogika institutining umumiy texnika fanlari va mehnat fakultetini 1991 yili tugatib maktabda ishlay boshladi. Uning faoliyati mustaqillik bilan tengdosh. Istiqlol sharofati bilan litsey va kollejlar tashkil qilindi. San’at litseyida ishlab, hunarmandlik ustoz-shogirdlik an’analarini yo‘lga qo‘ydi. Mustaqillikning dastlabki yillarida viloyatda o‘tkazilgan san’at haftaligida ustoz va hunarmand sifatida o‘zi to‘qigan turli xil kashtalarini, kashtali kiyim-kechaklarini, quroqdan mohirona tikilgan uy anjomlari, ro‘zg‘or buyumlarini namoyish qilib, olqish oldi. Kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shu-shu u yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, tumanda bo‘lib o‘tadigan ko‘pgina tadbirlarda qatnasha boshladi.

– Kashtachilik bizda ming-ming yillar qa’ridan kelayotgan oilaviy go‘zal an’ana, milliy qadriyatdir. Uch qizim, ikki o‘g‘lim bilan san’atning tikuvchilik, to‘quvchilik, kashtachilik, quroq tikish yo‘nalishlarida ijod qilib kelyapmiz. Bu ishlar bizning ruhiyatimizni yuksaltiradi. Qolaversa, oilamizga qo‘shimcha daromad. Shuningdek, farzandlarim mehnatda toblanib boradi. Kelinchaklar uchun tikkan yopinchiqlarim, kashta bilan bezatilgan joynamoz va quroqdan tayyorlangan ro‘zg‘or buyumlarimizni chet elliklar, ayniqsa, turklar va arablar sevib xarid qilishadi. Navro‘z bayramlarida mahallamiz keksalariga, yosh oilalarga o‘z mahsulotimizdan sovg‘alar ulashamiz. Bu ham e’tibor ham xayriya, – deydi Gulnora.

Qishloq oilalari tajribasini butun jahon o‘rgansa arziydi. Unda insoniylikka, bir-birovning dardini, tashvishlarini his etish fazilatlariga e’tibor kuchli.

– To‘y egasi marosimni boshlashdan oldin birinchi kimlarni yo‘qlaydi? Avvalo qo‘sha-qarigan, farishtali qariyalarning huzuriga ikkita issiq non olib kirib, oq fotiha oladi. So‘ngra, yotgan kasallarni yo‘qlaydi. Mahallada azador bo‘lsa, kirib ko‘ngil so‘rab, to‘yga rozilik oladi. Uning haqqi hurmati musiqani balandlatmaydi. Oliyjanoblik oddiy tuyg‘ulardan boshlanadi. Mehr-muhabbat, e’tibor kimni quvontirmaydi?! Xalqimizning yana bir yaxshi odati bor. Xayrli ish boshlashdan oldin ko‘pchilikning duosini oladi. Men ikkala qizimni uzatganimda ana shu qadriyatlarga rioya qildim. Ana shunday paytda qizlarim bilan to‘qiganlarimni ulashdim. Bu qadriyatlar respublikamizning har bir mahalla va qishlog‘ida mavjud. Men ana shunday o‘zbek mahallasida ulg‘aydim. Chevarlikni onamdan o‘rgangan bo‘lsam, bellashuvlarda qatnashishni davr o‘rgatdi, – deydi u.

Yana o‘qing:  ChORCHINORGA SAYOHAT

Darhaqiqat, u 2009 yil «Bazar art» ko‘rgazmasida qatnashib, diplom olishga erishdi. 2010 yili «Qo‘li guldir o‘zbek ayolining» tadbirida sovrindorlar safidan o‘rin oldi. «Tashabbus – 2010» tadbirida viloyatda g‘olib bo‘lib respublika bellashuvida qatnashdi.

Bu yilgi «Asrlar sadosi» festivali ko‘rgazmasida kashtali bezak berilgan ko‘ylak, xalat, sumka, joynamozlarini namoyish qildi.

– Ikki kun ichida deyarli barcha mahsulotimni sotib bo‘ldim. Bu sayl men uchun ham tijorat, ham ziyorat bo‘ldi. Har yili ayni ko‘klamda biz oilamiz, yaqinlarimiz bilan tabiat qo‘yniga chiqamiz. Umumxalq sayli dilni yayratadi. Bu yerda go‘zal tabiat bag‘rida bo‘lish bilan birga kasbdoshlar bilan uchrashib, suhbatlashish, tajriba almashish imkoniyati bor. Yana badiiy xalq dastalarining chiqishlari ko‘ngillarni yayratadi. Shahardan kelganlarni bilmadim-u, biroq bizning bolalarimiz bunday ulug‘vor tadbirlarning hamisha ham guvohi bo‘lishavermaydi. Shuningdek, fes­tival bizni biznesga ham o‘rgatdi, – deydi o‘z ishi va oilasidan mamnun Gulnora.

Tadbirkor hamda muallima Gulnora Fayzullayevaning sa’y-harakatlarini kuzatib, so‘zlariga quloq tutib mamlakatimizdagi har bir kishining taqdiri millatimizning, xal­qimizning taqdiriga uzviy bog‘lanib ketishini his qilamiz. Uning falsafiy fikr­lari, orzu intilishlari, hunarining gullab yashnayotgani, turmushining obodligi mamlakatimiz tinchligi, xalqimizning ahlligi va qadriyatlarimizning go‘zalligidan ekanligini yana bir bor yurakka tuyamiz.

Ra’no ZARIPOVA,

Navoiy viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: