Britaniya muzeyidagi 94 ta miniatyurada “Boburnoma” manzaralari aks etgan
“Boburnoma” Zahiriddin Muhammad Boburning olamga mashhur memuar asari. Uning qo‘lyozma nusxalariyoq jahonga yoyilgan edi. Ushbu asar nafaqat mazmun-mohiyati, balki noyob rasmlari bilan ham juda qimmatli.
Britaniya muzeyidagi “Boburnoma” qo‘lyozmasida 94 miniatyura va kitobning boshlanishida 2 sahifali zarvaraq bor. Rasmlarga qo‘yilgan imzolardan shu narsa aniqki, ularni ishlashda Akbar saroyidagi 41 nafar yirik san’atkor qatnashgan.
Musavvirlar orasida Kesu Kujaroti, Ras, Dahniroj, Sangar Kujaroti, Sarun, Taryo, Bahvoniy, shuningdek, Markaziy Osiyo va eronlik Ustod Mansur, Ibrohim Naqqosh, Abdulloh, Farruxbek, Jamshid, Ibrohim Qahhorlarning ishlari, ayniqsa, yuqori bahoga loyiq.
Miniatyuralardan faqat 21 tasi harbiy yurish va jang lavhalarini ifodalaydi, 73 tasida Hindistonning hayvonot va o‘simliklar dunyosi, ziyofat, ov, turmush manzaralari, tarixiy voqealar yorqin va ishonarli tasvirlangan. Sharq miniatyuralarining shartliligidan, ya’ni kichik bir sathda (kitob varag‘i yuzasida) butun bir voqea yoki epizodlar turkumini gavdalantirish zaruriyatidan “Boburnoma” rassomlari mohirona foydalanishgan. Murakkab voqealarni to‘liq ifodalash uchun dastlab ular uch-to‘rt epizodga ajratiladi. Har biri mustaqil kompozitsiyaga ega. Ular kitob sahifasining pastidan yuqorisiga qarab joylashtiriladi.
Shu asnoda bir-biri bilan mantiqiy bog‘lanib, asar mazmunini ochib beruvchi yaxlit polotnoni tashkil qiladi.
Masalan, Boburning opasi Xonzodabegim bilan uchrashuvi (7-miniatyura)ni olaylik. Birinchi epizod – Bobur va uning kuzatuvchisi – Muhammad Ko‘kaldoshlarning otini xizmatkor ushlab turgani; ikkinchisida – Bobur va Muhammad Ko‘kaldoshning Xonzodabegim bilan suhbati; uchinchisida – yuqorida, o‘ng tomonda saroyning ko‘rinishi, to‘rtinchisida – Hindiston tabiati berilgan. Boburning kasalligini ifodalovchi 16-miniatyurada esa birinchi epizod – mehmonlarga darvozada peshvoz chiqish; ikkinchisida – saroyning yarmi; uchinchisida saroyning Bobur xasta yotgan joyi; to‘rtinchisida – tabiat manzaralari.
“Boburnoma” qahramonlari orasida ko‘pchilikni tarixiy shaxslar egallaydi. Xususan, shoh Bobur obrazi asosiy o‘rinda turadi. 46 ta miniatyurada shoh va shoir siymosi turli holatlarda chizilgan. Shunisi muhimki, Bobur taxtda o‘tirganda, jang maydoni, ov, ziyofat, odamlar bilan suhbat chog‘ida, Hindiston bo‘ylab sayohatda bir kishi qiyofasida namoyon bo‘ladi. Barcha miniatyuraning markazida buyuk kuch – qudratga to‘la, irodali, jasur, dovyurak, ayni mahalda ruhiy dunyosi boy, mehribon qalbli va munis nigohli dilbar shaxs siymosini ko‘ramiz.
Bobur siymosini yaratishga bel bog‘lagan turli davrdagi san’atkorlar ham albatta “Boburnoma” qo‘lyozmalari miniatyuralaridagi portretlarga asoslanganlar. Xususan, noma’lum rassom tomonidan yaratilgan Boburning bog‘da kitob mutolaasiga berilib o‘tirgan portreti etalon sifatida qabul kilingan.
Muazzam MAMAJONOVA,
Nodira TURDALIYEVA,
Farg‘ona olimpiya zaxiralari kolleji o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari