Dunyo e’tirofidagi dilbar shaxs
Shuni aytish kerakki, Bobur xazinasidagi “Ko‘hi nur” olmosi tarixda qanchalik shuhrat qozongan bo‘lsa, G‘arb mamlakatlarida Bobur shaxsi, “Boburnoma” shu darajada mashhur bo‘lgan. Alisher Navoiy dovrug‘i uning adabiy ijodi munosabati bilan bo‘lsa, Bobur ovozasi uning “Boburnoma”si va odil shohligi tufaylidir.
Boburning eng mashhur asari “Boburnoma” bo‘lib, u quyidagi satrlar bilan boshlanadi: “Tangri taoloning inoyati va hazrati on Sarvai koinotning shafoati bilan va chahoriyori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining beshida tarix sakkiz yuz to‘qson to‘qqizda Farg‘ona viloyatida o‘n ikki yoshda podshoh bo‘ldum”. Bir o‘qishda bu so‘zlarning asl mohiyatiga yetib bo‘lmaydi, kimlar uchundir bu bir inson hayotining oddiygina boshlanishi va davom etishidir. Lekin bu…
Har bir ishimiz “Bismilloh” bilan boshlanar ekan, Tangri taolo inoyati bilan men ham shu inson to‘g‘risida sharafli so‘zlar bilan fikr yuritmoqni istadim. Insoniyat yaralibdiki, uning bu dunyoda yashashdan maqsadi nima ekanligi hammani o‘yga toldiradi. Xuddi, shu savolni men mumtoz inson, tariximizning eng murakkab, eng jozibador, eng dramatik va haqli ravishda o‘tmish hamda hozirgi kunning ideal siymosi bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayotidan javob topishni xohladim.
U bu foniy dunyoga kelib, qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa ham, fazilat bobida tengi yo‘q inson bo‘lib kamol topdi. Intizorlik bilan kutilgan farzandga ota-bobolari suyub, erkalab yaxshi ism berishdi. Odatda ism va jism bir-biriga uzukka ko‘z qo‘yganday mos kelishi kamdan-kam hodisa. Lekin Zahiriddin Muhammad Bobur timsolida bu hol o‘zining yorqin ifodasini topdi. Aslida, uning umr yo‘li boshdan oyoq taqdir imtihonlaridan iborat edi. O‘n ikki yoshida otadan yetim qoldi. Ko‘z yoshlari tinmay turib, qismat uning boshiga toju taxt minnatini soldi. O‘n to‘qqiz yoshida tug‘ilgan diyorini mangu tark etdi. Adovat va fitnalar, isyon va suiqasdlar tufayli u umr bo‘yi qilichning domida turgandek beorom, behalovat kun kechirdi. U nodir iste’dodi, beqiyos insoniy salohiyati bilan jahon ahlining hayrat va ehtiromiga musharraf bo‘ldi, millatimizni, xalqimizni butun olamga tanitdi.
Hindistonning buyuk donishmand farzandi, davlat arbobi Javoharla’l Ne’ru o‘zining “Hindistonning ochilishi” va “Jahon tarixiga bir nazar” asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida samimiyatga to‘liq ushbu fikrlarni izhor etgan: “Bobur – dilbar shaxs. Uyg‘onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam bo‘lgan. Bobur o‘ta madaniyatli va jozibali insonlar orasida eng yetuk insonlardan biri edi. U mazhabparastlik cheklanishidan va mutaassiblikdan yiroq edi”. Haqiqatan ham, unga berilgan bu ta’rif rostdur. U Hindistonda temuriylarga xos ulug‘ bunyodkorlik an’analarini davom ettirdi: muhtasham qasrlarni tikladi, ariq va zovurlar qazdirdi, bog‘-rog‘lar bunyod etdi, adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qildi, elni adolat bilan boshqardi.
“Boburnoma”ning kotibi Boburning ulug‘ podshohlarga xos sakkiz shaxsiy fazilatlarini qayd etgan:
U qudratli podshohning yaxshiliklarini aytgan bilan va yozgan bilan tugatish maholdir. Lekin qisqasi buki, sakkiz asl sifat uning zotiga xos edi, biri bukim iqboli baland edi, ikkinchisi – himmati yuksak edi, uchinchisi – viloyat olmoq, to‘rtinchisi – viloyat saqlamoq, beshinchisi – ma’murlik, oltinchisi – Alloh bandalariga farovonlik niyati, yettinchisi – lashkar ko‘nglini qo‘lga olmoq, sakkizinchi – adolat qilmoq.” Bobur bir necha jihatdan kamolot sohibidir.
Chunki u qarindosh-urug‘larga emas, begonalarga ham mehr-muruvvat va hadyalar qilgan saxovatpeshalik shariatpanohlilik, jismoniy yetuklik, kechirimlilik, mutafakkirlik fazilatlariga egadir.
XX asrda boburshunoslik chinakam jahon miqyosida tus oldi. Bobur shaxsi dunyo sharqshunos tarixchi olimlari diqqat e’tiborini o‘ziga jalb etgan. Ingliz tarixchisi Eduard Xoldin Boburni mashhur Yuliy Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi: “Bobur – fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan”.
Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va o‘smirlik yillari haqida roman yozgan, “Boburnoma”ni ingliz tiliga tarjima qilgan Uilyam Erskin esa Boburni shunday tariflaydi: “saxovatli va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmagan edi”.
Bundan tashqari Xarold Lemblning “Bobur-yo‘lbars”, Uilyam Rashbrukning “XVI asr bunyodkori”, Anna Flora Stilning “Toj kiygan darvish” asarlarida Boburning hayratomuz badiiy timsoli yaratilgan. XIX asrdayoq G‘arb mamlakatlarida boburshunoslik shakllangan edi. Bugungi kunda jahonning eng yirik davlatlari va ilmiy markazlarida boburshunoslik bilan shug‘ullanayotgan juda ko‘plab olimlar nomini tilga olish mumkin.
O‘zbek va jahon olimlari sa’y-harakatlari, zahmatli mehnatlari tufayli Bobur shaxsi butun barkamolligi bilan tarixiy va adabiy siymo sifatida baralla qad ko‘tardi.
O‘zDJTU talabasi Yulduz XAYRULLAYEVA manbalar asosida tayyorladi.