O‘zbekistonda ilk bor odam jigar bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi

O‘tgan yildan boshlab akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazida yaqin qarindoshlar o‘rtasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda.

Kuni kecha markazda mamlakat tibbiyoti tarixida birinchi marta bemorga tirik donor qarindoshdan jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Operatsiya akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi direktori, akademik Feruz Nazirov va Rossiyaning akademik V. I. Shumakov nomli Transplantologiya va sun’iy a’zolar Milliy tibbiy tadqiqot markazi direktori, akademik Sergey Gotye rahbarligida o‘tdi. Bugun shifokorlarimiz o‘z mahorati, bilim va amaliy tajribasi bilan bir inson hayotini saqlab qoldi va kelgusida shunday bemorlarga tibbiy yordam berish tajribasini yo‘lga qo‘ydi.

– Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ushbu soha rivojiga davlat darajasida e’tibor qaratib kelayotgani ham uning naqadar muhimligini isbotlaydi, – deydi akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi direktori, akademik Feruz Nazirov. – Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemor hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li – transplantatsiya amaliyotini o‘tkazish hisoblanadi. Markazimizda o‘zbek va rus jarrohlari hamkorligidagi guruh bilan ilk bor jigar sirrozi bilan og‘rigan 26 yoshli bemorga uning akasi 30 yoshli Hayot Dadaxo‘jayev donorligida jigar bo‘lagi transplantatsiyasi bajarildi. Jarayonda 21 nafar shifokor, 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Aytib o‘tish lozim, amaliyotga katta tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lib, markazning texnik imkoniyatlari yaxshilanib, mutaxassislarimiz AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveysariya va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda ayni shu soha bo‘yicha malaka oshirib qaytishdi. Avvalo donor va retsipiyent (bemor) ushbu amaliyotga 3 oy davomida tayyorlandi. Transplantatsiyaga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalar to‘liq o‘rganildi va amaliyotni o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi. Operatsiya jarayoni qariyb 15 soat davom etdi. Hozirgacha olingan barcha tahlillar bemor va donorning umumiy salomatligi yaxshi ekanini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda ayta olamizki, birinchi marta o‘tkazilgan ushbu murakkab operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, transplantatsiyadan keyin donor va retsipiyent kamida uch yil davomida profilaktik dispanser ko‘rigi bilan ta’minlanadi. Hududdagi oilaviy poliklinikada ham ularga alohida ko‘riklar tashkil etilib, doimiy patronaj nazoratiga olinadi. Bundan tashqari, qonunchilikda belgilangan tartibda ular tegishli dori vositalari bilan ham ta’minlanadi.

Yana o‘qing:  Britaniya muzeyidagi 94 ta miniatyurada “Boburnoma” manzaralari aks etgan

Ma’lumot uchun, jigarning terminal bosqichdagi surunkali diffuz kasalliklari, o‘tkir jigar yetishmovchiligi, rezeksiya qilinmaydigan manbali jigar kasalliklari kabi holatlarda faqatgina shu a’zo transplantatsiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun yurtimiz ushbu mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: