OAV – demokratiya ko‘zgusi
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Respublika tovar-xomashyo birjasi, Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi Zarafshon kino-konsert zalida “Ommaviy axborot vositalari xalqning eng yaqin ko‘makchisi va demokratiya ko‘zgusi” mavzuida konferensiya tashkil qildi.
Tadbir Prezident Sh. Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruza va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan jurnalistika sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga bag‘ishlandi.
Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yili madaniyat, adabiyot va san’at, ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli 12 ta muhim hujjat qabul qilindi. Konferensiyada Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida OAV oldida turgan vazifalar keng muhokama qilinib, “Matbuot va axborot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni: yutuq va muammolar”, “Davlat Dasturini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tezkor va tahliliy yoritish masalalari”, “Global tarmoqda mamlakat hayotida amalga oshirilayotgan yangilanishlar jarayoni yoritilishi: ustuvor vazifalar” mavzularida ma’ruza va munozaralar bo‘lib o‘tdi.