Jahon chempionati kubogi Toshkentda
Futbol bo‘yicha jahon chempionati kubogi mamlakatimiz tarixida birinchi marta Toshkentga olib kelindi.
Mazkur kubokning dunyo uzra aylanishi ilk marotaba 2006 yili Germaniyada o‘tkazilgan jahon chempionatida boshlangan edi. Bu galgi chempionat kubogi 221 kun davomida 90 ta shahar bo‘ylab olib o‘tilishi rejalashtirilgan. Kubok mazkur tur doirasida jami 149 ming 576 kilometr 780 metr masofani bosib o‘tadi.
Jahon chempionati kubogini Toshkentga 1998 yilgi jahon chempioni Kristian Karambyo olib keldi. Jahon chempionati kubogi kutib olingandan so‘ng, poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirdan so‘ng kubokni namoyish etish marosimi tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu kubokning og‘irligi 6,175 kilogrammni tashkil qiladi. Unda jahon chempionatida g‘alaba qozongan barcha mamlakatlarning nomi va yili o‘yib yozilgan bo‘lib, ushbu davlatlar uzra olib o‘tiladi.