4 oylik egizaklarning onasi shifoxonada hamon hushsiz yotmoqda
Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasida 28 yoshli bemor Laziza Karimova to‘rt oydan beri hushsiz yotibdi. U nega to‘rt oydan beri komada? Ayolning sog‘lig‘i tiklanadimi? Bunday holatlar yurtimizda kuzatilganmi, yo‘qmi? Shunga o‘xshash savollar bizni tinch qo‘ymadi. Vaziyat bilan yaqindan tanishish maqsadida Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasiga yo‘l oldik. Shifokorlar va bemorning yaqin qarindoshlari bilan muloqotda bo‘ldik.
Ikki farzandning onasi, Laziza Karimova uch egizakka homilador bo‘lgandi, uning xursandchilik onlari yaqin edi. Biroq, taqdir hukmi o‘zgacha bo‘ldi. Hamma tashvish homilalar yetti oylik bo‘lganida boshlandi. Shifokorlar onaga uch homiladan birining nobud bo‘lgani sababli, unga zudlik bilan poytaxtda zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi lozimligini tayinlashdi. Shuningdek, homilalarni olib tashlash zarurligini ham ta’kidlashdi.
Poytaxtdagi tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, nobud bo‘lgan homila yo‘ldoshi boshqa homilalar yo‘ldoshi bilan ayri ekanligi hamda ayolga tug‘ishi mumkinligi aytiladi. Tavsiyada yana ta’kidlanadiki, uning tibbiy nazoratda turishi hamda homilalar yetti oyligida Kesarcha kesish usuli bilan ularni muddatidan oldin tug‘dirib olish lozim. Shundan so‘ng Laziza Ohangaron tumani tibbiyot birlashmasining Homiladorlar patologiyasi bo‘limiga yotqiziladi. Bunday holatda jarrohlik amaliyotini ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun bo‘limda yetarli sharoit yo‘qligi sababli Laziza rejali ravishda “Tez yordam” mashinasida Chirchiq shaharidagi Toshkent viloyat perinatal markaziga jo‘natiladi.
Bu muassasada esa Laziza Karimova operatsiya qilinmay, toki homilalar to‘qqiz oy bo‘lguniga qadar shifokorlar qaramog‘ida qoladi. Homilalar rivojlanib, o‘z vaqti-soati yetgachgina ular jarrohlik yo‘li bilan dunyoga keltiriladi. Garchi, bitta homila nobud bo‘lgan bo‘lsada, Laziza juda baxtiyor edi. Tabiatan xushchaqchaq, hazil-huzulni xush ko‘ruvchi ona shodligini butun olam, yaqinlari bilan bo‘lishishga urinardi. Barcha onaning kayfiyatidan uning ham chaqaloqlarning ham sog‘lig‘iga shubha qilishmaydi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Lazizaning ahvoli og‘irlashadi. Ayolning bachadonidan kuchli qon keta boshlaydi. Ko‘p qon yo‘qotgan bemorni shifokorlar zudlik bilan qayta operatsiya qilish zarurligini anglab yetishadi. Aks holda uning hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi. Bemor ikkinchi bora operatsiya qilinadi. Afsuski, jarrohlik amaliyotidan so‘ng Laziza koma holatiga tushadi.
Hozirda Laziza Karimova Appalik sindromi tashxisi bilan Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasining terapiya bo‘limida davolanmoqda. Shu o‘rinda kishida bemorning shu holga tushib qolishida aynan qaysi holat sabab bo‘ldi va uning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgaradimi, yo‘qmi, degan savollar tug‘ilishi, tabiiy. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasiga yo‘l oldik. U yerda esa bemorni ko‘rib, uning ahvoli chindan-da og‘irligiga guvoh bo‘ldik. Nevrologik xastalik bilan yotgan ayolni yaqinlari va bo‘lim shifokorlari parvarish qilishmoqda.
Ayni paytda uning yonida bo‘lgan singlisi opasining ahvolidan jiddiy tashvishdaligini va tez orada jigarining ahvoli yaxshilanishidan umidvorligini ta’kidladi.
Xasta ayolning ahvolini chuqurroq o‘rganish maqsadida boshqa shifokorlar bilan ham uchrashdik. Bemor ayolning ahvolidan mutasaddi va mas’ul tashkilot vakillari ham xabardor, ammo, uni kelajakdagi taqdiri mavhumligicha qolmoqda.
Mohira ABDURASHIDOVA,
terapiya bo‘limi boshlig‘i:
– Bemor Toshkent viloyat perinatal markazidan bizning shifoxonaga jo‘natilgach, ma’lum vaqt jonlantirish bo‘limida yotdi. So‘ngra u terapiya bo‘limiga o‘tkazildi. L. Karimova bo‘limimizda 3 oydan buyon yotibdi. Aslida bu bo‘limda uning yotishi noto‘g‘ri. Ushbu tibbiyot birlashmasida nevrologik bo‘lim yo‘qligi sababli ham bemor shu yerda shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda. Unga qarash uchun nevropatolog shifokor tayinlangan. Lekin, shuni ta’kidlashim kerakki, bo‘limda turli yoshdagi va jinsdagi ichki kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar davolanadi. Ko‘pincha ushbu bemorlar Lazizaning ahvolidan xabar topgach, bu yerda davolanishdan bosh tortishga harakat qilishadi. Chunki xasta ayol ko‘p bezovta bo‘ladi va yig‘laydi, baqiradi. Bu holga esa barcha bemorlar ham dosh berishi mushkul. Shu sababli L. Karimovani kasalligi bo‘yicha davolanishi mumkin bo‘lgan tibbiy-amaliy markazlarga yuborish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘p bora murojaat qildik. Lekin, murojaatimiz inobatga olinmayapti.
Muborak HAMINOVA,
Homiladorlar patologiyasi bo‘limi ginekologi:
– Lazizani homiladorlik davridan bilaman. U bo‘limimizda ikki marta davolangan. Uch egizakning tug‘ilishini biz ham intizorlik bilan kutayotgan edik. Toshkentda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvdan so‘ng, u bo‘limimizga yotqizilgan. Homilalarining biri nobud bo‘lgan edi. Bunday holatda operatsiya jarayonini o‘tkazilishiga muassasamizda sharoit yo‘qligi tufayli Lazizani Chirchiqqa yubordik. Shundan keyin uni og‘ir ahvolga tushganidan so‘ng shu yerda ko‘rdik. To‘g‘risi, Hayotda xushchaqchaq ayolni koma holatida ko‘rib, to‘g‘risi yig‘lab yubordim.
Zarifa HAMROYEVA, nevropatolog:
– Unga appalik sindromi tashxisi qo‘yilgan. Ya’ni, bosh miyaning inson hatti-harakatlariga javob beradigan po‘stloq osti qobig‘i faoliyati jiddiy izdan chiqqani sababli miya hujayralarini boshqarmay qo‘ygan. Bu ayol yosh bo‘lgani sababli uning boshqa a’zolari yaxshi ishlayapti. Biroq, miyasi to‘liq ishlamayapti. Ammo, shuni aytish mumkinki, ayol hushida. U shifoxonamizga kelgan kunlarga qaraganda ahvoli ancha yaxshi. Bemor beixtiyor yig‘laydi, birov qattiq gapirsa, ko‘zini ochadi. Ovqatni mustaqil yuta oladi, hazm qilishi ham me’yorda. Ayni paytda u shifokor tavsiya etgan dori-darmonlarni qabul qilmoqda. Aytish mumkinki, bu kabi bemorlar tibbiyot amaliyotida kamdan-kam uchraydi. Ko‘pincha ularning ahvoli o‘nglanishi xastalarning organizmiga, irodasiga hamda atrofdagilarning parvarishi va e’tiboriga ham bog‘liq. Bu holatdan bemor chiqishi ham mumkin, chiqmasligi ham. Juda kam holatlardagina bemorlar ushbu holatdan chiqib, o‘ziga kelishadi. Ular oylab, yillab koma holatida yotishi mumkin. Qachon o‘ziga kelishini esa hech kim ayta olmaydi. Xasta ayolning ikkita qo‘li qotib qolgan, buni biz shifokorlar spastika deb ataymiz, oyoqlaridagi tonus (mushaklar tarangligi) ham baland. So‘nggi muolajamizda unga shu tonuslarni tushiradigan hamda miya faoliyatini yaxshilaydigan dorilarni yozib berdik. Biroq, buning natijasini bir oydan so‘ng bilishimiz mumkin. Shuni aytishim mumkinki, Laziza Karimovaga o‘xshash bemor avval ham uchragan. Avariyadan so‘ng Appalik sindromi bilan miya faoliyati buzilgan yigitni davolaganmiz. Lekin tibbiyot xodimlari va yaqinlarining yaxshi parvarishi sababli u shu holatdan chiqib ketgan.
Shifokor xulosasidan kelib chiqib aytish mumkinki, L. Karimovaning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarishiga oz bo‘lsada umid bor. Barchamiz xushxabarni kutib qolamiz. Chunki, bemor yaqinlari, ayniqsa, farzandlari uchun ham hali ko‘p yashashi kerak. Hozirda Lazizaning to‘rt bolasi ham otasi qaramog‘ida. Sanjar aka egizaklarga enaga yollab, chaqaloqlarning sun’iy sutli va qimmat ozuqasi uchun kecha-yu kunduz mehnat qilmoqda. Sanjar aka rafiqasi og‘ir ahvolda yotganiga qaramay, umid bilan uning tuzalishi va farzandlari yoniga qaytishini kutib yashamoqda.
Xurshida KARIMOVA, singlisi:
– Opamni shu ahvolda ko‘rishning o‘zi ayanchli. Uning to‘rtta farzandi ayni paytda ona mehriga, e’tiboriga muhtoj. Bizning esa kutishdan boshqa choramiz yo‘q. Shifokorlar umid yo‘qligini, faqat ma’lum vaqt o‘tgachgina u o‘ziga kelishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Sanjar RAHMATULLAYEV,
xasta ayolning turmush o‘rtog‘i:
– Hech yodimdan chiqmaydi. Birinchi operatsiyadan so‘ng ayolim bilan xush kayfiyatda ko‘rishgan edik. Uning ahvoli nazarimda yaxshi edi. Laziza xushchaqchaq ayol bo‘lgani uchun, biroz hazil-huzul qilib, u bilan suhbatlashib o‘tirdim. Rafiqam bilan so‘nggi marotaba gaplashganim shu bo‘ldi. Shundan so‘ng uning holati salbiy tomonga keskin o‘zgargani sababli ikkinchi marta operatsiya qilishadigan bo‘lishdi. Shifokorlar yana operatsiya qilinmasa, ayolimdan ajrab qolishim mumkinligini aytishgach, men rozi bo‘ldim. Afsuski, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tmadimi yoki boshqa sabablar bormi, bilmadim, Laziza operatsiyadan koma holatida chiqdi. Oradan 16 kun o‘tgachgina, u ko‘zini ochdi. Ammo, uning miya faoliyati jiddiy buzilgan edi. Chunki jarrohlik amaliyoti jarayonida Laziza juda ko‘p qon yo‘qotdi. Shuningdek, bu vaqtda uning yuragi ham bir necha daqiqaga to‘xtab qolgan edi. Shu vaqt davomida bosh miya juda qonsizlanadi. Shifoxonaning o‘zidayoq shifokorlar Toshkentdan malakali va tajribali mutaxassislarni chaqirib turmush o‘rtog‘imni konsilium qilishdi. Ushbu shifokorlar zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlarni tavsiya qilib ketishdi. Chirchiqdagi shifoxonada 43 kun yotdik. Shundan so‘ng uni Ohangaronga o‘tkazishdi. Shundan beri ahvol shu, o‘nglangani yo‘q.
Jo‘jabirday oila bekasi bo‘lmish Lazizaning ahvoli qay tomonga o‘zgarishini esa kutishdan boshqa chora yo‘q. Faqatgina yaxshi niyatlar qilib, unga Ollohning o‘zi shifo bersin, deb qolamiz.
Taassufki, tez orada Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasining Laziza Karimova davolanayotgan bino qismi ta’mirlash ishlari sabab butunlay yopilish arafasida. Bemorning bundan keyingi ahvoli qanday kechishi va uni qaysi bo‘limga o‘tkazish bo‘yicha shifokorlar bosh qotirishmoqda. O‘ylaymizki, bu borada ham mutasaddi tashkilotlar bir yechim topib, Laziza Karimovani maxsus davolash muassasasiga o‘tkazishadi.
Mayna HASANOVA,
Toshkent – Ohangaron – Toshkent