Sportchilarimizning Incheondagi muvaffaqiyati
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha o‘tgan IV Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Osiyo Olimpiya kengashi shaf’yeligida tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada qirq besh mamlakatdan 2400 nafar sportchi 12 sport turi bo‘yicha bahs olib bordi. O‘zbekistonlik sportchilar kurash, kompyuter o‘yinlari, kikboksing va muaytay bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda 3 oltin, 4 kumush va 3 bronza, jami o‘n medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida kuchli o‘ntalikdan joy oldi.
Istiqlol yillarida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida tanildi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillikning ilk yillaridan barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir.
Yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlari dasturidan rasman joy olgan o‘zbek kurashi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilgani qalbimizni faxru iftixorga to‘ldirdi. Kurash bahslarida O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy Taypeyi, Tailand, Vyetnam, Yaman, Suriya, Iroq, Eron, Livan, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikistondan 50 nafar polvon jami sakkiz vazn toifasida g‘oliblik uchun bellashdi.
– Olijanob xislatlarni o‘zida mujassam etgan va insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan o‘zbek kurashi jahon xalqlarida katta qiziqish uyg‘otayotgani yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlarida yana bir marta o‘z tasdig‘ini topdi, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Murod Do‘simbetov. – O‘zbek kurashi bellashuvlari qit’amiz vakillariga unutilmas lahzalar, yorqin taassurotlar hadya etdi. Bir necha kun davomida Osiyo o‘yinlari maydonlarida kurash qoidalariga kiritilgan o‘zbekcha atamalar baralla yangragani, xorijlik polvonlarning milliy kurashimiz usullarini mohirona qo‘llab bel olishgani ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi.
Bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan xalqaro sport turi maqomini olgan o‘zbek kurashi umuminsoniy qadriyat sifatida Olimpiya o‘yinlari safidan munosib o‘rin olishga haqli ekanligining tasdig‘idir.
Kurash bo‘yicha o‘tkazilgan keskin va murosasiz bellashuvlarda sportchilarimiz ikkita oltin, bitta kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida Sanjar To‘xtashev Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Uning sharafiga davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. 57 kilogrammgacha bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasidagi bahsda iqtidorli sportchimiz Gulyor Otajonova qit’ada tengsiz ekanini isbotladi. Polvonlarimizdan Suhrob Xudoyberdiyev kumush va G‘iyosjon Boboyev bronza medal bilan taqdirlandi.
– Yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritganimdan faxrlanaman, – dedi Sanjar To‘xtashev. – Xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarimizda Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va iqtidorini namoyon etishiga qaratilayotgan ulkan e’tibor muhim omil bo‘lmoqda. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarish bizning farzandlik burchimizdir.
Nufuzli musobaqaning kompyuter o‘yinlari bahslarida vakillarimiz yuksak mahorat ko‘rsatib, aqlu zakovatda, iqtidor va salohiyatda yurtimizda hech kimdan kam bo‘lmagan va kam bo‘lmaydigan avlod voyaga yetayotganini isbotladi. Ushbu sport turi bo‘yicha Pavel Saprikin shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Sardor Abdullayev kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Kikboksing va muaytay bellashuvlarida ham sportchilarimiz sovrindorlar qatoridan joy oldi. Kikboksing bo‘yicha Azamat Abduraimov va Ahmad Alimbekov o‘z vazn toifasida finalgacha bo‘lgan bahslarda raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, xotin-qizlar o‘rtasida Shahnoza Xo‘janiyozova bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Muaytay bo‘yicha 75 kilogrammgacha og‘irlikdagi sportchilar bahsida iqtidorli sportchimiz Saidahmad Oripov bronza medalga ega bo‘ldi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri