Sen keltirgan g‘alaba
Dam olish kuni erta tongdan novvoyxonaga bordim. Yo‘lda borayotib, havo sovuqligidan yuz-qo‘llarim muzlab qoldi.
Uyimiz oldidagi katta stadion oldidan o‘tayotganimda qulog‘imga bolalarning “qiy-chuv”i eshitildi. Bu yerda dam olish kunlari futbol maktabi tarbiyalanuvchilari mashg‘ulot o‘taydi. O‘sha kuni ham havo ancha sovuq bo‘lishiga qaramay, baland ovozda “menga oshir!”, “to‘pni ber!” deya hayqirayotgan bolalarning harakatlarini bir zum kuzata turib, o‘zimdan uyalib ketdim. So‘ng bir chetda shogirdlariga ko‘rsatma berayotgan murabbiy yoniga borib, “Shunday sovuq ob-havoda bolalar bilan mashg‘ulot o‘tash shartmi?” deya uni savolga tutdim:
– Aslida bugungi mashg‘ulotni qoldirgandik, – deydi murabbiy. – Lekin kuni kecha Xitoyda yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati bahslarida g‘olib bo‘lgan yosh futbolchilarimizning shijoatidan ilhomlanib, shogirdlarim “Ustoz, ertaga mashg‘ulot o‘ting. Biz ham chempion bo‘lishni xohlaymiz”, deyishdi. Shuning uchun bugun ham mashg‘ulotlarni qoldirmadik.
Darhaqiqat, Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu kun quvonchi yil bo‘yi, balkim butun umr yodimizdan chiqmasa kerak. Ko‘p sonli futbol muxlislarining ta’biri bilan aytganda chinakam “qor jangi”ga aylangan final bahsi mard va jasur, mashg‘ulotlarda chiniqqan chinakam vatanparvar futbolchilarimiz borligini butun dunyoga ko‘rsatib berdi. Qishning qahratonida ona yurtimizga bo‘lgan cheksiz muhabbatini ko‘ksida mash’aldek yoqib, maydonda to‘p surgan vatandoshlarimiz o‘sha kunni o‘zbek futboli tarixida zarhal harflar bilan bitilishiga erisha oldi.
Havo sovuq. Tun yarmida poytaxtimiz aholisi va viloyatlardan kelgan yurtdoshlarimiz qahramonlarni kutib olishdi. Sovuq harorat hech kimni cho‘chitmadi. Chunki barcha quvonchdan “qaynadi”. Hammaning yuzidagi tabassum dillarni ilitdi.
Futbolchilarimiz poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida o‘tgan g‘olib sportchilarimizni sharaflashga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. Karnay-surnay sadolari yoshlarning “O‘zbekiston!” degan takror va takror hayqirig‘iga ulanib ketdi. Ularni hayajon bilan ota-onalari, yaqinlari, tengdoshlari qizg‘in tabrikladi. Qalblarimizdan cheksiz g‘urur va iftixorga yo‘g‘rilgan samimiy dil izhorlarimiz, ezgu tilaklarimiz beixtiyor tilimizga, ko‘zimizga ko‘chadi: “G‘alaba muborak, yosh chempionlar! Sizlar butun dunyoga O‘zbekiston yoshlarining yuksak salohiyatini namoyon qildinglar!”.
Aslida butun dunyoda katta qiziqish bilan tomosha qilinadigan millionlar o‘yini hisoblangan futbol bo‘yicha har qanday nufuzli musobaqada yuqori natijaga erishish oson emas. O‘zbek futboli tarixida ham bunday yuqori natijalar har yili ham qayd etilavermaydi.
Osiyo chempionatida qit’amizning o‘n olti davlatidan terma jamoalar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari xalqaro sport jamoatchiligiga o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatdi, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ne-ne ulug‘ zotlarning munosib vorislari, O‘zbekistondek buyuk yurtning munosib farzandlari ekanini isbotladi.
O‘zbekiston futbolchilari 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida va 2011 yil Eronda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatining keskin va murosasiz bahslarida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari shijoatu matonatda, iste’dodu mahoratda raqiblaridan har tomonlama ustun ekanini isbotlab, haqli g‘alabaga erishdi.
Musobaqaning og‘ir ob-havo sharoitida o‘tgan final bahsida futbolchilarimiz Vyetnam yoshlar terma jamoasi ustidan 2: 1 hisobida zafar quchib, Osiyo chempioni bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Odiljon Hamrobekov OFK tomonidan musobaqaning eng foydali futbolchisi, deb topildi. Unga “Toyota” kompaniyasi tomonidan 20 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli berildi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolariga Prezidentimiz sovg‘asi – “Malibu” avtomobillari topshirildi.
Yosh futbolchilarimizning tarixiy g‘alabasi xalqimizga ulkan quvonch va shodlik baxsh etganini, ularning qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirib yuborganini his etish qiyin emas. Butun xalqimiz bu g‘alabani katta hayajon va xursandchilik bilan qarshi oldi.
G‘olib sportchilarimizga ushbu quvonchli lahzalarda shunday so‘zlarni baralla aytgim keldi:
Sizlar keltirgan g‘alaba – bugun elimiz dardiga darmon, og‘riqli yaralarimizga malham bo‘lishi uchun kerak edi. Sizlar keltirgan g‘alaba – o‘zbek futboli kelajagiga ishonch, ancha paytdan buyon g‘alabalarni sog‘inib qolgan o‘zbek futbol muxlislari qalbiga quvonch baxsh etishi uchun kerak edi. Sizlar keltirgan g‘alaba – yurtimizda yosh avlodning barkamol shaxs bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lidagi xayrli ishlarning samarasi hamda xalqimizning ezgu orzu-istaklari ro‘yobi uchun kerak edi…
Navro‘z NORBOBOYEV