Yurt sharafini ardoqlab

O'zbekiston bayrog'i maydon uzra mag'rur hilpiraydi. Dilga to'lgan hayajon zavqi yuzu ko'ziga ko'chgan g'olib yigitni yuzlab tomoshabinlar olqishlaydi. Joriy yilning iyun oyida Ukrainada sportining penchak-silat turi bo'yicha bo'lib o'tgan YevroOsiyo chempionatida I o'rinni egallab yurt ishonchini oqlagan hamyurtimiz Husenbek Sayfullayevga topshirilgan oltin medal uning tinimsiz mehnatlari samarasidir.

Husenbekning sportga bo'lgan qiziqishini o'z vaqtida anglagan ota-onasi uni Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi «Toshkuch» sport majmuasiga yetaklab keladi. Tajribali murabbiy Qayum Mahmudov bosh­chiligida u kikboksing sport turining nozik sirlarini qunt bilan o'rgana boshlaydi. Ushbu murakkab sport turida nafaqat chaqqon harakat va kuch, balki chidam hamda raqibning har bir harakatini nazardan chetda qol­dirmaydigan chinakam aql-idrok zarur. Buni o'z vaqtida teran anglagan Husenbek ustozining har bir ko'rsatmasini aniq va puxta bajarishga intilardi.

– Husenbek o'z ustida tinimsiz ishlaydi. Belgilangan mashqlarni a'lo darajada uddalashga intiladi. Uning kelajakda mohir sportchi bo'lib yetishiga ishonaman, – deydi sport murabbiyi Q.Mahmudov.

Husenbek Sayfullayev poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 114-maktabda o'qish bilan birgalikda o'zi sevgan sport turiga ham muntazam ravishda qat­­nashadi.

– Sportning qaysi bir turi bo'lmasin u bilan shunchaki shug'ullanib bo'lmaydi. Har bir mashqni to'g'ri baja­rishing uchun esa soatlab harakat qilishing zarur. Tanni chiniqtirish, idrokni bir joyga to'plash, raqib harakatlarini oldindan tushuna bilish sportchidan ko'p mehnat talab qiladi, – deya ta'kidlaydi H.Sayfullayev.

Yillar yillarni quvib o'tar ekan. Husenbek ham sport sohasida toblanib bordi. Kikboksingning murakkab mashqlarini bekamu ko'st uddalayotgan o'spirinning mohirligi tajribali murabbiylar nazariga tushdi. Ko'plab sport musobaqalarida qatnashib faxrli o'rinlarni qo'lga kiritgan yigitni yana yangi marralar kutardi.

Sportning penchak-silat turi bo'yicha joriy yilning may oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston chem­pionatida o'z vazni toifasida I o'ringa sazovor bo'lgan Husenbek 1-iyun – Xalqaro «Bolalarni himoya qilish kuni»ga bag'ishlab o'tkazilgan Toshkent shahri va Farg'ona viloyati sport klublarining kik – boksing hamda penchak-silat turlari bo'yicha o'rtoqlik uchra­shuvlarida g'oliblar safidan joy oldi. Birgina bu emas, Sirdaryo viloyatida yoshlar o'rtasida kikboksing bo'yicha o'tka­zilgan respublika birin­chiligida ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan sportsevar yigit Andijon viloyatida bo'lib o'tgan ochiq chempionatda birinchi o'ringa sazovor bo'ldi.

Яна ўқинг:  BOBOM YASAGAN BESHIK

Ko'rinib turibdiki halol mehnat chinakam g'alabalar sari yetaklaydi. O'ziga bo'lgan ishonchi va qat'iyati ortib borayotgan Husenbek endi xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko'rmoqda. U mohir sportchilar kabi jahon arenalarida yuksak marralarni quchish uchun tinimsiz mashq qiladi.

Demak, umrning har bir lahzasi umid va ishonch tuyg'ulari bilan kechmoqda. Husenbek Sayfullayev esa ana shu yuksak tuyg'ularni ulug'lab yurt sharafini himoya qilish uchun olg'a intilib yashayveradi.

Farrux BAFOYEV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: