Issiqxonadagi tansiq ne’matlar
Mamlakatimizda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, yer maydonlaridan samarali foydalanish dolzarb masalalardan biridir.
Jumladan, issiqxonalar qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan bo‘lib, xalqimizni qish-qirovli kunlarda sarxil, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Buxoro viloyati, Kogon tumanidagi “TABIAT NE’MATI” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi mirishkor dehqonlarlardan iborat. 3,5 gektar maydonda tashkil etilgan ikkita issiqxonada 50 ming tupga yaqin pomidor ko‘chatlarini ekib, mo‘l hosil yetishtirayotgan dehqonlar ayni paytda qizarib yetilayotgan pomidorlarni parvarishlash bilan band.
2014 yilda 8 nafar ishchi bilan o‘z faoliyatini boshlagan korxonada bugun 40 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan. Jamoa asosini esa yoshlar tashkil qiladi.
– Issiqxonamiz Koreya texnologiyasi asosida tashkil qilingan, – deydi korxona rahbari Marat Sultonov. – Sabzavot ekinlarining parvarishi murakkab jarayon bo‘lib, yerga ishlov berish, urug‘ni undirish, niholni qadashdan tortib, ularni o‘z vaqtida sug‘orish, harorat, yorug‘lik, havo, tuproqning namligi muhim ahamiyatga ega. Ekinlarni bir tekis o‘sishini ta’minlashda issiqxonadagi harorat kunduzi 20-25S, kechasi 17-18S, havo namligi esa 85-90 foiz bo‘lishi zarur. Haroratning oshib yoki pasayib ketishi ekinlarning rivojlanishi, kasallik va zararkunandalardan asrashga salbiy ta’sir etadi. Shu bois, pomidor gullariga maxsus dori vositalari eritmasi bilan o‘z vaqtida ishlov beriladi. O‘sish davrida ko‘chatlarning o‘suv nuqtasi 7-8 bandidan keyin chilpib chiqiladi, vaqtida sug‘oriladi, ishlov beriladi. Bularning bari hosildorlikning yuqori bo‘lishida muhim ahamiyatga ega.
Aytish joiz, issiqxona maydoni tuprog‘ining sho‘rligi tufayli ko‘chatlarning har biri alohida-alohida yelim chelaklarga ekilgan. Bu ortiqcha sarf-xarajat va qiyinchilik tug‘dirsa-da, nihollar ekilgach, ildizini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Buning uchun chelak ichidagi biogomos porsiyali tuproqning tarkibiga sholi qipig‘i, daryo bo‘yi unumdor tuprog‘i, makro va mikroelementlar solinadi. Qolgan foydali o‘g‘itlar tomchilab sug‘orish orqali nihollarga yetkaziladi.
Koreya texnologiyasi jamlanmasida havo haroratini nazorat qilib turuvchi isitgich va sovutgichlar kompyuter orqali boshqarilib, avtomatik tarzda ishlaydi. Bunda issiqxonaning iqlimi mo‘tadil saqlanadi. Shu orqali parvarishlanayotgan nihollarning barchasiga birdek e’tibor qaratish imkoniyati tug‘iladi.
Ishning murakkab tomoni shundaki, ozgina e’tiborsizlik yoki ishlovni kechiktirish hosildorlikka katta zarar yetkazadi. Kuz-qish mavsumida pomidor yetishtirishda sifatli ko‘chat tayyorlash, ularni qulay muddatda ekish muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda viloyatdagi issiqxonalarda sarxil pomidorning ertapishar “F1-Bella”, “F1-Vindetta”, “F1-Bona”, “F1-Menxir”, “F1-Vilasko”, “F1-Elpida”, “F1-Sayxun” kabi duragaylarini ekish ommalashgan. Bu borada esa Koreya texnologiyasi asosida tejamkor va kam energiya sarflovchi usuldan samarali foydalanilmoqda.
Issiqxonaning issiqsuv tizimi orqali isitilishi esa arzon va qulayligi bilan gazdan farq qiladi. Viloyat hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari San’at Hikmatovning ta’kidlashicha, tuman energomarkaz xodimlari yaqin kunlarda qo‘shimcha transformatorni ishga tushirgach, haroratni yana 5-60 S darajaga ko‘tarishga erishiladi. Bu esa issiqsevar poliz va sabzavot ekinlarini yetishtirishga ham imkon yaratadi.
“TABIAT NE’MATI” MCHJ jamoasi o‘tgan yilda MDH davlatlariga eksportni yo‘lga qo‘yib, 70 ming dollarlik pomidor mahsulotini sotishga erishdi.
Joriy yilda jamoa har tup pomidor ko‘chatidan 6-7 kilogramdan mahsulot yetishtirib, chet davlatlarga 100 ming dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotini sotishni rejalashtirgan.
Jamiyatda mehnat qilayotgan ishchilarning ijtimoiy himoyasi to‘liq ta’minlangan. Ularga issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh beriladi.
Mamlakatimiz Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jalik ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosining ta’minlash maqsadida qabul qilingan Davlat dasturi qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolarni hal etishda barcha fermer va tadbirkorlarga dasturilamal bo‘lmoqda.
Maryam AHMEDOVA