Odamlar dardiga malham bo‘lish baxti

Mamlakatimizda tibbiyot sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, oilaviy poliklinikalar faoliyatini rivojlantirish, mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bu jarayonda tajribali mutaxassislarning malaka va bilimiga tayanish maqsadga muvofiq. Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 37-markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika bosh vrachi o‘rinbosari Shohida Jalilova ana shunday boy kasbiy tajribaga ega shifokorlardan. 65 yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramasdan bu fidoyi inson hamon el dardiga kamarbasta. Uning tinib-tinchimasligi, o‘z ustida tinimsiz izlanishi sohaning yosh kadrlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Opa 40 yil ushbu sohada samarali faoliyat olib borib, o‘tgan yillar mobaynida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi.

Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning davolash fakultetini tamomlagan qahramonimiz faoliyatini 1976 yilda Shayxontohur tumanidagi 9-teri-tanosil dispanserida boshladi. So‘ng o‘sha paytdagi O‘rta Osiyo temir yo‘llari markaziy poliklinikasida amaliy-uslubiy ishlar bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari lavozimida mehnat qildi. 1995–2015 yillarda Toshkent shahar teri-tanosil kasalliklari dispanserining bosh shifokori sifatida el salomatligi kamarbasta bo‘ldi.

Ezgu niyatlar ila oq halat kiygan, shifokorlik kasbini sharaf deb bilgan opa hamon bemorlardan mehrini, bilimini ayagani yo‘q. Bugun hamkasblari orasida opaning nomi hurmat bilan tilga olinishining boisi ham shunda.

 

– Hayotning o‘zi katta maktab, – deydi Shohida Jalilova. – Uzoq yillik faoliyatim davomida ko‘plab insonlar bilan muloqotda bo‘ldim. Bildimki, insonlar bir-biriga ustoz, bir-biriga shogird ekan. Odamlardan yordamga muhtoj insonlarga umid bera olishdek saodat zavqini o‘rgandim. Bu esa meni doimo tanlagan kasbimga sadoqat bilan yondoshishga undadi. Ayniqsa, bemorlar umidli nigohi bilan qarab turganida zimmamdagi mas’uliyatni yanada teranroq anglayman. Ehtimol, shundandir tanlagan kasbimdan baraka topdim. Tinch va farovon oilaning bekasi sifatida kam bo‘lmadim.

 

Shohida opa o‘zining e’tiqodi, kasbiga sobitligi tufayli elning duosini oldi. U qanday sharoitda bo‘lmasin, doimo bemorlarni ochiq chehra bilan qarshi oladi. Ularga o‘zining ko‘p yillik qadrdonidek mehr beradi, davolaydi. O‘zining qimmatli maslahatlarini ayamaydi.

 

Oygul RAZZOQOVA,

jurnalist

Yana o‘qing:  Parisi bor uy

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: