Kameraga aylana oladigan modulli dron
“Eyedea” kompaniyasi taqdim etayotgan “Eyedea Pitta” uchish apparati ekshn-kamera, dron va kuzatuv kamerasi vazifalarini o‘zida mujassamlashtirgan.
“Eyedea Pitta”ning markazida sharsimon kamera va uning atrofiga dron o‘rnatilgan. Agar drondan ekshn-kamera sifatida foydalanishga ehtiyoj tug‘ilsa, sharsimon kamera undan ajratib olinadi. Magnitlar yordamida maxsus metall asosga biriktiriladi. Shundan so‘ng kamerani qo‘lda olib yurish yoki moslama oyoqlarga o‘rnatish mumkin.
Kamera 4K formatida sekundiga 30 ta videokadr va 13 megapikselli suratga olish imkoniyatiga ega. Unda ekran bo‘lmasa-da, foydalanuvchilar iOS Android maxsus ilovalari yordamida har qanday qurilmada surat va videolarni ko‘rishlari mumkin.
“Eyedea Pitta” uchish apparati sifatida 15 daqiqa uchishi, havoda harakatlanayotgan yoki harakatsiz nishonni avtomatik tarzda kuzatishi ko‘zda tutilgan. Qurilma uchgan joyiga avtomatik tarzda qaytishi va qo‘nishi mumkin. Unga litiy-polimer batareyasi o‘rnatilgan bo‘lib, quvvatlanish uskunasi yordamida elektr tarmog‘idan quvvat oladi. Quvvatlanish vaqtida esa foydalanuvchining Wi-Fi tarmog‘iga ulanadi. Ushbu funksiya orqali foydalanuvchi o‘z uyini nazorat qilishi mumkin. Hozircha uning narxi 269 AQSH dollariga teng bo‘lishi aytilmoqda.