Farzandlari sog‘lom yurt

«Jamiyatning haqiqiy boyligi, bu – inson, inson avlodidir. Kishilik jamiyati el-yurtiga, Vataniga sadoqatli, iymon-e’tiqodi butun, mard va jasur, malakasi yetuk, ma’naviyati yuksak insonlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bu ulug‘vor, betimsol boylik har qaysi davlatning qudratli salohiyat manbaidir».

Prezidentimiz Islom Karimovning mustaqil davlatimiz tarixidagi ilk yuksak nishon – «Sog‘lom avlod uchun» ordenini topshirish marosimidagi bu so‘zlarida mamlakatimizning strategik maqsadi, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi o‘z ifodasini topgan.

Albatta, bunday ulug‘vor maqsadga birdaniga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun uzoq vaqt va keng miqyosdagi ko‘pdan-ko‘p vazifalarni bajarish talab etiladi.

«O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobida qayd etilgan quyidagi fikrlar bu haqda yaqqol tasavvur beradi. 1990 yil 4 iyunda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston rahbari Islom Karimov o‘sha paytdagi dolzarb masalalarga e’tiborni qaratgan edi: «Ijtimoiy in­frastruktura tarmoqlari: sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, maktabgacha bolalar muassasalari juda og‘ir ahvolga tushib qolgan. Maktab va kasalxonalarning 60 foizi nobop binolarda joylashtirilganini aytishning o‘zi kifoya. Juda o‘tkir iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Buni avvalo shundan ko‘rsa bo‘ladiki, insonning har tomonlama uyg‘un kamol topishi, uning shaxs sifatida ma’naviy rivojlanishi u yoqda tursin, ko‘pincha yashashi uchun kerak bo‘lgan eng oddiy narsalar ham yetishmayapti».

Bu o‘sha davrda iqtisodiy-ijtimoiy ahvol, xalq dardi, inson qadr-qimmatiga e’tiborsizlik qay darajada bo‘lganini ko‘rsatadi.

…Yaqinda farzandlarimning sho‘x-shodon o‘yinlarini kuzatib, zavq tuygan otam «Xudo meni shu kunlarni ko‘rishim uchun qaytib bergan ekan-da», deb qoldi. Sababini so‘rasam, chuqur xo‘rsinib javob berdi:

– Ilgari hamma ayollar dalada ishlar edi, – deya bolalik yillarini xotirladi otam. – U paytlar hozirgidek ona va bola salomatligi, tug‘ruq ta’tili degan gaplar yo‘q, onalar chaqalog‘ining chillasi chiqar-chiqmas yana dalaga chiqib ketardi. Men ham dala chetidagi tolbelanchakda katta bo‘lganman. Momong rahmatlining aytishicha, ikki oylik chog‘imda meni qattiq issiq urgan, qandaydir mo‘jiza tufayli omon qolgan ekanman. Onam bechora shundan keyin ham daladan beri kelolmay, zahar sepilgan paxtazorda ishlab, meni emizib ketavergan. Chunki u paytlar sharoit shunday bo‘lgan. Odamlar erkin fikrlash, erkin kasb tanlash huquqidan mahrum, adolatsiz mehnat sharoitlarida ishlashga mahkum edi.

Yana o‘qing:  BEG‘UBORLIK, AHILLIK, XOTIRJAMLIK TARANNUMI

Tabiiyki, bunday og‘ir vaziyat aholi salomatligiga, yosh avlod kamolotiga ta’sir etmay qolmagan. O‘tgan asrning 80-yillarida aholining kasallanish ko‘rsatkichlari, ayollar va bolalar o‘limi g‘oyat yuqori darajaga yetgan.

Yurtboshimiz mustaqilligimizning ilk kunlaridan aholi salomatligini mustahkamlash, millat genofondini sog‘lomlashtirish masalasini davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. O‘zbekiston farzandlarining sog‘lom tug‘ilishi va sog‘lom ulg‘ayishiga sharoit yaratish uchun katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirildi.

O‘tgan yillar davomida bu olijanob maqsad yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalar sportini rivojlantirish kabi yo‘nalishlardagi izchil islohotlar bir-birini to‘ldirib, uzviy tizim shaklini oldi. Bugun yurtimizning barcha hududlarini qamrab olgan zamonaviy tibbiy markazlar, ta’lim muassasalari, sport inshootlari har jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, sog‘lom oilani shakllantirish, irsiy kasalliklarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida tashkil etilgan zamonaviy skrining markazlari, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Reproduktiv salomatlik markazi, ularning mintaqaviy filiallarida onalar va chaqaloqlarga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Yosh avlodni komil insonlar etib tarbiyalash, jamiyatda sog‘­lom muhitni qaror toptirishning asosiy vositasi sifatida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tomonidan asos solingan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jam­g‘armasining faoliyati umummilliy harakatga aylandi. Ayni paytda bu jarayon ta’lim-tarbiya tizimi bilan mutanosib ravishda olib borilayotgani uning ahamiyatini yanada oshirmoqda.

Barcha hududlarda, xususan, chekka-chekka qishloqlarda ham zamonaviy sport majmualarining bunyod etilayotgani va zarur anjomlar bilan ta’minlanayotgani natijasida bolalarning sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari tobora kengaymoqda. Bugungi kunda ta’lim tizimidagi sport inshootlari, maktab sport zallari va suzish havzalarining umumiy soni 10 mingdan oshib ketdi.

Ularning sifati, jihozlanishi va foydalanish samaradorligi kabi masalalar ham borki, bu jihatlarni ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Sport majmualarimiz 120 turdagi sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlangan. 1 million 800 ming nafardan ziyod bola sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Bu boradagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar samarasi farzandlarimizning salomatligida, jismoniy ko‘rsatkichlarida ham namoyon bo‘lmoqda. Har yili maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida o‘tkaziladigan profilaktik ko‘rik natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalar, pnevmoniya, bronxit, skolioz bilan kasallanish holatlari keskin kamaygan.

Yana o‘qing:  Sog‘lom avlod tarbiyachilariga ehtirom ramzi

O‘rtacha vazn ko‘rsatkichi 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida 43 kilogrammdan 47 kilogrammga, qizlar o‘rtasida esa 44 kilogrammdan 48 kilogrammga ortgan. Bolalarning bo‘yi o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘rtacha 3 santimetrga, qizlar o‘rtasida esa 2,9 santimetrga o‘sgan. Hozirgi vaqtda 92 foiz o‘g‘il-qizlarimizning vazni va bo‘yiga doir ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik: bundan 20-25 yil oldin bolalar salomatligi qay ahvolda edi-yu, bugun qay darajaga yetdi? Ilgari bolalar qay holatda ulg‘ayardi-yu, bugun qanday sharoitlarda voyaga yetmoqda? Kecha kim edig-u, bugun kim bo‘ldik?

Bu savollar bizni bir haqiqat sari boshlaydi – mustaqillikning qadr-qimmatini, bu ne’mat bugunimiz va kelajak avlodlarimiz uchun naqadar muhim ekanini teranroq anglaymiz, his etamiz.

Yaqinda internet tarmog‘ida shunday ma’lumot o‘qib qoldim. MDH davlatlarining birida armiya yoshiga yetgan yigitlarning uchdan ikki qismi harbiy xizmatga yaroqsiz, deb topilibdi. Boshqa bir mamlakatda esa bor-yo‘g‘i 15 foiz yoshlarning sog‘lig‘i harbiy chaqiruv talablariga javob berar ekan. Ular ham imkon qadar armiyaga bormaslikka harakat qilayotgan, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun politsiya xodimlari jalb etilayotgan ekan.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy armiyamizning jangovar imkoniyatlari, harbiy jamoalardagi ma’naviy-axloqiy muhit tubdan o‘zgardi. Qurolli Kuchlarimiz yoshlarda mustahkam iroda va xarakterni shakllantiradigan, jismoniy chiniqish va yuksak insoniy fazilatlar kamol topadigan o‘ziga xos maktabga aylandi.

Yoshlarimiz orasida armiyada xizmat qilishga qiziqish va intilish tobora kuchayib borayotir. Buning natijasida askar bo‘lish uchun o‘ziga xos sog‘lom raqobat yuzaga keldi. Harbiyga chaqiriluvchilar muddatli harbiy xizmatga tibbiy, jismoniy va intellektual ko‘rik asosida saralab olinmoqda.

E’tiborlisi shundaki, mamlakatimizda bu talablarga javob beradigan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Xususan, 2003 yilda harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan yigitlar 67,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yilda bu ko‘rsatkich 82,5 foizga yetgan.

Bu shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mustaqillik yillarida yurtimizda dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil ishlar, tinimsiz mehnat mujassamdir. Ayni paytda bu sport yosh avlodning salomatligi va jismoniy rivojlanishiga naqadar hayotbaxsh ta’sir ko‘rsatayotganining yana bir yorqin dalilidir.

Yana o‘qing:  ASOSIY DORI VOSITALARI RO‘YXATI

Albatta, bugun sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning hammasi ham harbiy kasb­ni tanlamas yoki yetuk sportchi bo‘lmas. Ammo jismoniy mashqlarda toblangan har bir o‘g‘il-qiz kelajakda hayotning turli sinovlariga chidamli, mard va qat’iyatli bo‘lib kamolga yetadi. O‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishadi. Turmushidan, Vatanidan rozi bo‘lib yashaydi, bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kelajakda o‘z farzandlarini ham ana shunday ruhda tarbiyalaydi.

Bunday noyob fazilatlarga ega avlodni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan xalq kelajakka ochiq ko‘z, katta ishonch bilan qarashi tabiiy. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘ladi.

Anvar SAMADOV,

O‘zA sharhlovchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: