Sog‘lom farzand – yurt kamoli
Homilador ayollar viloyat yoki respublika skrining markaziga kelib vaqt sarflamaydi.
Yurtimizda tibbiyot sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibordan ko‘zlangan eng asosiy maqsad ona va bola salomatligini muhofaza qilishdan iborat. Bu borada Respublika “Ona va bola skriningi” markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Bugungi suhbatdoshimiz ushbu markazning oliy toifali shifokor genetigi, Toshkent pediatriya instituti tibbiy genetika kafedrasi assistenti Muhammadjon BOSIMOV bo‘ldi.
– “Ona va bola skriningi” markazining bugungi kundagi faoliyati haqida aytib o‘tsangiz.
– Skrining markazining asosiy vazifasi irsiy kasallik bilan tug‘ilgan bolalarga maxsus tibbiy-genetik xizmat ko‘rsatish va homilani rivojlanish nuqsoni bilan tug‘ilishini oldini olish maqsadida homilador ayollarni tekshiruvdan o‘tkazishdan iborat.
Skrining markazi zamonaviy tibbiy jihozlar va malakali xodimlarga ega bo‘lib, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni tug‘ma gipoterioz va fenilketonuriya kasalliklariga ommaviy, mukovitsidoz va galaktozemiyaga selektiv skriningdan o‘tkazish, tug‘ruqqacha bo‘lgan davrda homilada rivojlanish nuqsonini aniqlash va uning oldini olish tadbirlarini o‘tkazish (tug‘ruqqacha irsiy kasalliklar skriningi), irsiy va tug‘ma kasallik bilan tug‘ilganlarga va shunday farzandlari bor oilalarga tibbiy-genetik maslahat berish kabi ishlarni amalga oshiradi.
– Homilaning rivojlanish nuqsoni va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tekshiruvlar qanday tartibda o‘tkaziladi?
– Skrining tekshiruvlari homiladorlikni 11-haftasidan boshlab amalga oshiriladi. Homilador o‘zi istiqomat qiladigan hudud poliklinikasida hisobga olinadi. Agar homilador ayolga skrining tekshiruvidan o‘tishga ko‘rsatma bo‘lsa, u skrining markazlariga yuboriladi.
Ma’lumot o‘rnida
O‘zbekiston Respublikasida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklar natijasida kelib chiquvchi nogironlikni oldini olish, hamda homilani tug‘ma rivojlanish nuqsoni bilan tug‘ilishi xavfini kamaytirish maqsadida 1998 yilda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan “Ona va bola skriningi” Davlat dasturi ishlab chiqildi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yildagi qarori bilan tasdiqlandi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan esa Toshkent shahri va viloyatlarda “Ona va bola skriningi” markazlari tashkil qilinib, zamon talablariga mos ravishda jihozlandi.
Bu kabi markazlarda homiladorlikni 14-20 haftasida UTT, qonning biokimyoviy tahlili va perenatolog ko‘rsatmasiga binoan invaziv tekshiruvlar o‘tkaziladi. Homilani xromosoma kasalligi yoki boshqa rivojlanish nuqsoni bilan dunyoga kelishi aniqlansa, homilador va uning oila a’zolariga ushbu holat tushuntiriladi. Shundan so‘ng homiladorlikni to‘xtatish yoki uni rivojlanishini davom ettirish bo‘yicha tushuncha beriladi.
– Yaqinda internet tarmoqlarida 65 ming nafar homilaning abort qilinganligi to‘g‘risidagi mavzu “shov-shuv”larga sabab bo‘ldi. Tarmoq foydalanuvchilari bu voqeaga nisbatan keskin fikrlar bildirishdi. Shu mavzuga izoh berib o‘tsangiz?
– Bu maqolani men ham o‘qidim. E’tibor bergan bo‘lsangiz, 65 ming abort besh yil davomida amalga oshirilgan. Yurtimizda o‘tgan 2017 yilning o‘zida 712 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan. Yil sayin chaqaloqlar tug‘ilishi ko‘paymoqda. Homiladorlarning yarim foizidagina tug‘ma nuqson aniqlanadi va ota-onaning istagi bilan abort qilinadi. Chunki nuqsonli bola o‘lik holda tug‘ilishi ham mumkin. Onaning to‘qqiz oy salomatligi og‘irlashib, nobud bo‘lgan bolani dunyoga keltirishi ayanchli hol emasmi? Shu sabab homilaning to‘rtinchi oyida tekshiruvlardan so‘ng qat’iy bir xulosaga kelinadi. Ta’kidlab o‘taman abort majburiy emas, ixtiyoriy bo‘lib, ota-ona roziligi bilan amalga oshiriladi.
Hamma ham sog‘lom farzand ko‘rishni istaydi. Nogiron bola umrbod to‘shakka mixlanadi, yashashga qiynaladi. Uning ota-onasi ichki azobda yashaydi. Bu holat esa oiladagi boshqa bolalarga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shularni inobatga olgan holda ota-onaning o‘zi abortga rozi bo‘ladi.
– Prezidentimizning “2018–2022 yillar davrida bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Ona va bola skriningi” markazi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan?
– Bu bo‘yicha respublikamizdagi barcha poliklinikalar zamonaviy ultratovush apparatlari bilan taminlanadi. O‘z navbatida bu quyidagi imkoniyatlarni yaratadi. Ya’ni, barcha homilador ayollarning o‘z vaqtida to‘liq 100 foiz skriningdan o‘tishini ta’minlaydi (shu davrgacha 35-40 foiz homilador bunday tekshiruvdan o‘tkazilgan). Homiladorlikda bir emas kamida 3-4 marta UTT tekshiruvlaridan o‘tkaziladi (oldinlari 1 marta kamdan kam holatlarda ba’zilarga xavf guruhiga kiritilganda 2 marta). Barcha homilador ayollar viloyat yoki respublika skrining markaziga kelib vaqt sarflamaydi. Faqat biror bir nuqson yoki maxsus tekshiruv talab qilinsagina murojaat qiladi. Shuningdek, 4 ta hududda mintaqaviy sitogenetik laboratoriyalar tashkil qilinadi (Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va Nukus skrining markazlari qoshida). Bu xromosoma kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi. Oldinlari fuqarolar tashxisni tasdiqlash maqsadida Toshkent shahriga kelishga majbur bo‘lishardi. Nima uchun aynan 4 ta sitogenetik laboratoriya degan savolingizga ushbu laboratoriyalar barcha bemorlarni aniqlash uchun yetarli bo‘ladi.
Dildora FAYZIYEVA cuhbatlashdi.