O‘zbekiston – chorak finalda!
Turkiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining nimchorak final uchrashuvlari ham o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqaning mazkur bosqichida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Yevropa vakili bo‘lgan Gretsiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda 3:1 hisobi qayd etilib, o‘zbekistonlik futbolchilarning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Musobaqa kashfiyoti deya e’tirof etilayotgan jamoamiz kutilganidek hujumkor o‘yin boshladi. Qanotlarda amalga oshirilgan hujumlarimiz xavfli tus olib turdi. 26-daqiqaga kelib, Abbosbek Maxstaliyev chiroyli tarzda hisobni ochdi. Chap qanotda raqib futbolchilaridan o‘tib ketgan Vladimir Kozak, to‘pni havodan jarima maydonchasiga yetkazib berdi. Maxstaliyev to‘pni darvozaga yo‘lladi.
Ushbu goldan so‘ng futbolchilarimiz bir oz xotirjamlikka berilishdi va bu o‘z navbatida greklarga shiddatli hujumlar uyushtirish imkonini berdi. Tez orada bu o‘z samarasini bera boshladi. 33-daqiqada futbolchilarimiz o‘z jarima maydonchalarida qo‘pol o‘ynashdi. Belgilangan penaltini Stafilidiz mahoratli ijro etib, oradagi farqni yo‘qqa chiqardi, 1:1. Birinchi bo‘lim shu hisobda yakuniga yetdi.
Ikkinchi bo‘limning boshlarida greklar tashabbusni o‘z qo‘llariga olishga harakat qilib turishdi. 50-daqiqada xavfli hujum bartaraf etildi. O‘zbekiston futbolchilari ham raqiblariga qarshi imkon qadar havfli vaziyat sodir etishga harakat qilishdi, yakuniy zarbalar yoki uzatmalar manzilga qadar yetmadi. 62-daqiqa vakillarimiz uchun omadli keldi. Kozak jarima zarbasini ijro etayotgan paytda gretsiyalik Kourmpelis Igor Sergeevni ushlab qolgandi. Hakam darhol unga sariq kartochka ko‘rsatib, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Igor Sergeev penaltini ajoyib tarzda ijro etib, O‘zbekistonning ikkinchi golini kiritdi. Shundan so‘ng 10ta bo‘lib qolgan greklar asosan himoya va qarshi hujum taktikasi ostida o‘yinni davom etirishdi. Bizdan Turopov – Kozak – Sergeev triosi ancha ishonchli harakatlarni amalga oshirdi. Maxstaliyev ikki-uch vaziyatda to‘pni qizg‘onib qoldi, aks holda hujumchilarimiz qulayroq vaziyatda turishgandi. 83-daqiqada O‘zbekiston uchinchi golini ham kiritdi. Zahiradan maydonga tushgan Zabihullo O‘rinboyevga nisbatan jarima maydonchasida qo‘pollik ishlatildi. Sardor Rahmonov penaltini chiroyli tarzda amalga oshirib, jamoasining muhim golini kiritdi. 85-daqiqada Boburbek Yo‘ldoshevga qizil kartochka ko‘rsatildi. Aytish kerakki, jamoamiz chorak finalda mazkur ikki markaziy himoyachilarsiz o‘ynashga majbur.
Yoshlarimizning chorak finaldagi raqibi Yevropaning yana bir vakili Fransiya terma jamoasi bo‘ladi. Fransiya yoshlar terma jamoasi musobaqa mezboni bo‘lgan Turkiya yoshlar terma jamoasini yirik 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Shunday ekan futbolchilarimizni oldinda murakkab o‘yin kutib turibdi. Yigitlarimizga kelgusi o‘yinlarda ham omadlar tilab qolamiz.
F.TOLIPOV