Besh foizli imtiyozli kredit

Chorvachilik fermasi va issiqxona

Bu hayotda kimki ezgu maqsad sari olg‘a intilsa, izlansa, albatta, orzusiga yetadi. Bu haqiqatni endigina 17 yoshni qarshilagan to‘raqo‘rg‘onlik Maftuna Mo‘minova ham yaxshi anglaydi.

Qizimga yoshligida “Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?”, deya savol berganimda, “Tadbirkor bo‘laman” degan javobini eshitib, hayron bo‘lganman. O‘zimcha, “Bu gapni kimningdir og‘zidan ilib, bolalarcha aytdi qo‘ydi-da”, deganman, – deydi Mohirajon Mo‘minova.

Maftuna yoshligidanoq, maktabda a’lo baholarga o‘qish bilan birga, opalari, xola va ammalaridan bichish-tikish, to‘qish va pazandalik sirlarini puxta o‘rgandi. Qo‘g‘irchoqlariga kiyimchalar, paypoqcha-yu qo‘lqopchalar to‘qiy boshladi. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 52-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinfini tugallagan Maftuna o‘qishini 17-ixtisoslashgan maktab-internatida davom ettirdi. Matematika, fizika kabi aniq fanlarga qiziqishi sababli kelajakda yetuk iqtisodchi bo‘lishni maqsad qildi. Maktab-internatini tugallagach, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi iqtisodiyot kollejining “Bank ishi” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi. Kollejda o‘qib yurgan kezlarida u “Eng yaxshi tadbirkor”, “Soliq bilimdonlari”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Mening biznes g‘oyam” kabi ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etdi.

 Agar yurakda da’vat, qalbda maqsad bo‘lsa, albatta marraga yetish osonlashadi.

Maftuna zamondan ildamlashni niyat qilgan yoshlardan. Shu maqsadda, u olgan bilim va ko‘nikmalari asosida biznes loyihaga qo‘l urdi. Loyihasi bilan tanishgan guruh rahbari bu biznes bilan katta yutuqlarga erishish mumkinligini aytdi. Shundan so‘ng Maftuna “Eng yaxshi tadbirkor qiz loyihasi” ko‘rik-tanlovining tuman va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublikaga yo‘llanma oldi. Yakuniy bosqichda ham hakamlar hay’ati bir ovozdan qahramonimizni g‘olib deb topdi va unga tanlov sertifikati toshirildi. Yosh tadbirkor bu sertifikat bilan bankdan 5 foizli imtiyozli kredit olish huquqini ham qo‘lga kiritdi. Ushbu mablag‘ evaziga 5 gektar yerda chorvachilik fermasi va issiqxona tashkil etdi. Unga bu mashaqqatli yo‘lda tadbirkor onasi doimo ko‘makdosh.

Maftuna hozirda kollejning 3-bosqichida tahsil olish bilan birga, 4 nafar dugonasini ham ish bilan ta’minlagan. Hozirda yosh tadbirkor echki yungidan turli milliy, bejirim sumkachalar, qopchiq, bo‘yinbog‘, nimcha, kostyum kabi liboslar yaratib, ularni Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xiva kabi turistlar ko‘p tashrif buyuradigan shaharlardagi ziyoratgohu milliy matolar sotiladigan do‘konlarga yetkazib bermoqda.

Yana o‘qing:  Ijtimoiy tarmoqdagi tomosha yoxud qiz bolaning qadrini to‘kish kim(nima)ga kerak bo‘ldi?

Maftuna Mo‘minova kelajakda o‘z mahsulotlari bilan xorijiy davlatlardagi hunarmandchilik ko‘rgazmalarda ishtirok etishni, mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Biz esa navnihol qizning orzulari ushalishiga tilakdoshmiz.

Mayram QODIROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: