Oromgohlar bag’rida shodlik mujassam

Qushlarning chug'ur-chug'uri barobarida esayotgan mayin sabo dilga huzur bag'ishlaydi. Huv olis tog'lar boshi uzra suzayotgan oq bulutlar zangor samo bag'rini to'ldiradi. Chor-atrof yashillikka burkangan. Dimoqqa xush yoquvchi musaffo havodan to'yib-to'yib nafas olayotgan bolajonlar ta'til kunlarini so'lim Samarqandning «Ohalik» mahallasida joylashgan «Sitora» nomli oromgohda o'tkazishayapti. 750 o'ringa mo'ljallangan ushbu oromgohda 9 turdagi to'garaklar faoliyat ko'rsatmoqda. Viloyatdagi «Mehribonlik uy»lari tarbiyalanuvchilari hamda tumanlardan kelgan o'quvchilar yaratilgan sharoitlardan mamnun bo'lishmoqda.

Shuningdek, Samarqand viloyati Yong'in xavfsizligi boshqarmasiga qarashli tumanlardagi Kasbiy­lash­tirilgan yong'in xavfsizligi qismlari ishchi-xizmatchilarining farzandlari ham ushbu oromgohda mazza qilib hordiq chiqarishmoqda. – Xodim­larimizning farzandlari uchun viloyat Yong'in xavfsizligi boshqarmasi Kasaba uyushmasi qo'mitasi tomonidan oromgohlarga yo'l­lanmalar ajratiladi. Kasaba uyushma qo'mitasi raisi Rahmatjon O'zbekov bu xayrli ishga bosh-qosh bo'lmoqda. Joriy yilda ham bolajonlar uchun «Sitora» nomli oromgohga yo'llanmalar berildi. Farzandlarining bahavo oromgoh qo'ynida maroqli hordiq chiqa­rayotganidan barcha ota-onalar mamnun, – deydi Ingichka qo'rg'oni 7-sonli Kasbiylashtirilgan yong'in xavfsizligi boshqarmasi boshlig'i Rustam Saidov.

Oromgohda o'tkazilayotgan turli sport musobaqalari, qiziqarli bellashuvlar, savol-javob kechalari o'quvchilar uchun qo'l kelmoqda. Kun davomida maroqli mash­g'ulotlar, ko'ngilochar o'yinlar bilan band bo'lish bolajonlarga o`tayotgan har daqiqa zavq-shavq bag'ishlaydi.

– Bizning jamoamiz o'tkazilgan «Quvnoq startlar» musobaqasida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Bunga sabab har kungi sport mashqlarini bekamu ko'st bajarib, chiniq­qanimizda. Ustozimiz Botir Hasanov boshchiligida turli-tuman sport musobaqalarini o'tkazamiz, – deydi ko'zlari quvonchdan porlagan 7-sinf o'quvchisi Nilufar Saidova.

– Oromgohdagi shaxmat-shashka to'garagi mashg'ulotlari qiziqarli o'tadi. Ustozimiz, bu qiziqarli o'yinlar aqlni charxlaydi, – deya har birimiz bilan alohida shug'ullanadi. Ulardan ko'p narsani o'rgandik, – suhbatimizga qo'shiladi Marjona Musayeva.

Oromgohda hordiq chiqa­ra­yotgan ijodkor bolajonlar uchun «Gulobod tongi» tuman gazetasi xodimlari bilan bo'lgan uchrashuv mahorat maktabi vazifasini o'tagan bo'lsa, xalqaro toifadagi hakam Ibrohim Karimov bilan bo'lgan maroqli, suhbat sportsevar bolajonlar uchun g'oyat qiziqarli kechdi. Birgina bu emas «Sport sog'lik garovi», «Ertaklar olami» nomli bayram kechalari bolajon­larning sho'x raqslari va quvnoq qo'shiqlariga ulanib ketdi.

– Oromgohda o'quvchilarning yozgi ta'tilni maroqli o'tkazishlari uchun reja asosida tuzilgan dasturga binoan ish olib borayapmiz. Barcha qulayliklarga ega bo'lgan «Turizm», «Bichish-tikish», «Kompyuter texnologiyalari», «Tasviriy san'at» shuningdek turli sport to'garaklari bolajonlar ixtiyorida. Shinam oshxona, gigenik xonalar bolajonlar uchun beminnat xizmat qilmoqda. Mavjud cho'milish havzasi, ko'rkam sport maydonchasi dam oluv­chilarning sevimli hordiq maskaniga aylangan. Botir Hasanov, Yelena Guliyeva, Bahodir Majidov singari tarbiyachilarning say'i-harakati bois oromgoh bag'rida o'tayotgan har bir kun bolajonlarning uzoq vaqt yodida qoladigan bo'ldi. Huku­mat­ga qa­rashli bo'lmagan «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'ar­masining Samarqand viloyat mintaqaviy filiali bilan hamkorlikda viloyatdagi «Mehribonlik uylari» tarbiya­la­nuvchilari hamda kam ta'minlangan oilalarning farzandlarini ham oromgohda hordiq chiqa­rishlarini tashkil etganmiz. Ularning maroqli dam olishlari uchun barcha im­koniyatlar bisyor. Zero, Yurtboshimiz­ ta'kid­la­ganidek farzandlarimiz qanchalik sog'lom bo'lsa yurtimiz shunchalik qudratli bo'ladi, – deydi oromgoh rahbari Zokir Davronov.

Яна ўқинг:  СУКУТНИНГ ХОСИЯТИ

Ha, ko'hna va qadimiy Samar­qandning «Ohalik» mahallasi tog'lari bag'rida joylashgan «Sitora» nomli oromgoh qator yillardan buyon bolajonlarning sevimli maskaniga aylangan. Bu yerning so'lim tabiati, sharqiroq buloq suvlari ming bir dardga davodir. Yozgi ta'tilda mazza qilib hordiq chiqarib qaytayotgan bolajonlar kelgusi yil ham bu so'lim maskanga kelishni diliga tugib qaytishadi. Oromgoh bag'rida kechgan kunlar zavqu shavqi dilda mujassam, tilda esa shukrona so'zlari yangraydi. Axir tanni toblash, aqlni charxlash shukuhi kimga yoqmaydi deysiz.

* * *

– Biz tomosha qilgan ertak qahramonlari bilan qo'l berib salomlashdik. Chunki, ular Tosh­kent davlat Sirk artistlari ekan. Ayniqsa, ilon o'rgatuvchi opamizning chaqqonligini ko'rib lol qoldik. Uning har bir harakati bo'ynidagi ilon harakatiga mos kelar ekan, – deydi hayratini yashirolmay 6-sinf o'quvchisi Abdulaziz Abdukomilov.

– Shifokor opalarimiz bizni tibbiy ko'rikdan o'tkazishdi. Ularning shirin so'zlarini tinglab katta bo'lganimda shifokor bo'lishni dilimga tugib qo'ydim, – deya ta'kidlaydi Diyora Karimova.

Bu ziyrak bolajonlar «Sog'lom avlod» kunduzgi bolalar sog'lom­lashtirish markazida yozgi ta'tilni maroqli o'tkazayotgan tengdosh­laringizdan. Ular uchun kun ora tashkil etilgan Toshkent davlat Sirkining ko'ngilochar tomoshalari, «Orom» nomli bolalar raqs dastasining konsert dasturlari dillariga bir olam zavq bag'ish­lamoqda. Ta'til davomida ushbu markazda 200 nafar bolajonlar dam olib sog'lig'ini tiklaydi. Ayni vaqtda hordiq chiqarayotgan 50 nafar bolajonlar malakali shifokorlar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, ularda turli darajada umurtqa pog'onasi qiyshiqligi (skalioz) kasalligi aniqlanganlariga tegishli tartibda muolajalar amalga oshirilmoqda. Hukumatga qarashli bo'lmagan «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi tizimidagi mazkur markazda o'quvchilarning dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Dam olishi to'rt smenada tashkil­lashtirilgan bo'lib, bolajonlar uchun 2 ta cho'milish havzasi, sport maydonchasi mavjud. Muzdek suvda mazza qilib cho'milish tanga huzur bag'ishlaydi. Kim o'zarga suzish musobaqasi esa bolajon­lardan yanada chaqqonlik talab qiladi.

Bu yerda o'tkazilayotgan «Rasmlar tanlovi», «Quvnoq bolalik», «Kim chaqqon?» kabi ko'rik-tanlovlar yangi nomlarni kashf etmoqda. Tabiat manzaralari, gullarning maftunkor jamoli, sayroqi qushlar siymosini ranglar jilosida tasvirlagan bolajonlarning ijodkorligi tahsinga sazovor. Kimdir ertak qahramonlarini chizishga usta bo'lsa yana kimdir kashtalar tushirilgan palak rasmini chizgan. Yam-yashil vodiylar, quyosh nurlarini ko'z-ko'z etayotgan maysalar, multfilm qahramonlari bularning barchasi kichik rassomlarning ijod mahsuli. «Rasmlarda dunyo aksi» deya nomlangan ko'rgazmali stendlardagi rangtasvirlar go'yo olam mo'jizalaridan so'zlayotgandek.

Яна ўқинг:  “Уста бузар”нинг ихтироси жамиятга фойда келтиради

Bolajonlarning o'zaro ahilligi va do'stligini ko'rib ularga havasimiz keldi. Ayniqsa, jamoa sifatida guruhlarga bo'linib turli sport musobaqalarini o'tkazayotgan o'quvchilarning chaqqonligi, ziyrakligi, bir-birini qo'llab-quvvatlashi mohir sportchilarga o'xshaydi. Ularning dam olish barobarida tanni toblab obdon chiniqishlari yana yangi marralar sari undaydi. G'oliblarni esa har galgidek musobaqa yakuni aniqlaydi.

– Mamlakatimizda Yurtboshimiz rahbarligida har bir bolaga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik tahsinga sazovor. Bolajonlarning yozgi ta'til kunlarini maroqli o'tkazishlari uchun tashkil etilgan dam olish maskanlari, xushhavo oromgohlar bag'ri bugun bolalar bilan gavjum. Ertamizning munosib vorislarining sog'lig'ini tiklash, ularning iqtidorini kashf etish borasida ko'plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

«Sog'lom avlod» kunduzgi bolalar sog'lomlashtirish markazida Olmazor tuman hokimligi, «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi Olmazor tuman tayanch maskani homiyligida ushbu tumandan kelgan kam ta'minlangan oilalarning 50 nafarga yaqin farzandlari ham sog'lig'ini tiklab hordiq chiqarishmoqda. Ayniqsa, bolajonlar uchun tashkil etilgan turli sport musobaqalari ularning sog'lig'ini tiklasa, tashkil etiliyotgani konsert dasturlarining shukuhi esa ko'ngillariga quvonch ulashadi. Shuningdek, markazda dam olib sog'lig'ini tiklayotgan bolajon­lar­ning o'zlari ham ko'plab tadbirlarni tashkil­lashtirmoqda. Ular ijrosidagi turli sahna ko'rinishlari, quvnoq qo'shiqlar va jozibali raqslar guldastasi o'tkazilayotgan tad­birlarga bayramona kayfiyat bag'ishlamoqda, – deydi Hukumat­ga qarashli bo'lmagan «Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg'armasi Olmazor tuman tayanch maskani rahbari Ma'suda Toshpo'latova.

Markazda dam olayotgan o'quvchilar uchun poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bo'ylab uyushtirilgan sayohat ular qalbida Vatanga muhabbat tuyg'ularini uyg'otmoqda. Buyuk ajdod­larimizning bosib o'tgan shonli yo'llari bolajonlar uchun ibrat maktabini o'tashi shubhasiz. Zero, yurt tarixini bilgan yoshlar uni asrab-avaylab kelgusi nasllarimizga yetkazishi shubhasiz.

Ha, bugun yurtimizda har bir bola e'tiborda, har bir bola e'zozda. Chunki, bolajon xalqimizning bola kulgusi yangragan har bir go'shasi baxt sururi ila limmo-lim. Ana shu yosh nihollarning gurkirab o'sib kelgusida barkamol avlod bo'lib voyaga yetishi shubhasiz bugungi tarbiyamizga bog'liq. Qolaversa, yozgi ta'tilni bahavo oromgohlar bag'rida o'tkazayotgan o'quvchilar yangi o'quv yilini yangi kuch bilan boshlashadi. Buning uchun serzavq oromgohlar bag'ri kulgularga kon, shodlikka makon.

Sahifani Jamila HAYDAROVA tayyorladi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: