Kunida singan ko‘za
Xalqimizda «Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik» degan maqol bejizga aytilmagan. Zero, inson halol mehnati, peshona teri bilan ishlab topgan bir tishlam noni ham dunyodagi eng lazzatli taomlardanda shirinroq tuyuladi. Azal-azaldan ota-bobolarimiz bizlarni halol mehnat qilishga, birovning haqidan qo‘rqishga o‘rgatishgan. Biz ana shunday e’tiqodli xalqning farzandlarimiz.
Ana shu tarbiyaning uzviy davomi sifatida mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlarning qonun himoyasiga olingani ularga erkin faoliyat yuritish imkonini berdi.
Ammo, ming afsuski «guruch kurmaksiz» bo‘lmaganidek, qonun himoyasini noto‘g‘ri tushunib uni buzib, birovning haqidan qo‘rqmasdan faoliyat yuritadigan «ishbilarmon» tadbirkorlar ham uchrab turadi.
Toshkent shahar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi I.Cattorov (izoh: ism-familiyalar o‘zgartirilgan holda berilmoqda) ana shunday «olg‘ir»lik qilib boylik orttirish yo‘liga o‘tib oldi. 2000 yildan beri xo‘jalik mollari sotishga ixtisoslashtirilgan do‘kon ochib o‘z faoliyatini boshlagan I.Cattorov avvaliga yaxshigina ishlab turgan edi. Ammo nafsi hakalak ota boshlagach, topayotgan daromadiga qanoat qilmay qo‘ydi va endi qing‘ir yo‘lga o‘ta boshladi. Avvaliga savdodan tushgan pulning ozroq qismini bankka topshirmasdan cho‘ntagiga ura boshladi. Borib-borib umuman davlatga pul topshirgisi kelmay qolgan I.Cattorov davlatdan iloji boricha ko‘proq pul yashirishga harakat qila boshladi.
Ammo, «Ko‘za kunda emas, kunida sinadi» deganlaridek I.Cattorovning qilmishlari ham huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan fosh qilindi. Umumiy hisobda ko‘zbo‘yamachi «tadbirkor» chakana savdodan tushgan jami 77,607,823 so‘m naqd pulni 2010 yil 18 noyabrdan 2013 yil 3 mart kuniga qadar xizmat ko‘rsatuvchi bank muassasiga kirim qilmay, savdodan kelib tushgan kunlik naqd pul tushumini tegishli tartibda nazorat kassa mashinasidan o‘tkazmay, soliq idoralaridan yashirib davlat qonunlarini qo‘pol ravishda buzgan.
Sudda sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan I.Cattorov aybiga to‘liq iqrorligini bildirib, ko‘rsatma berdi.
Shuningdek, sudlanuvchi I.Cattorovning aybi tushuntirish xatlari, voqea joyini ko‘zdan kechirish, guvohlarni so‘roq qilish va yuzlashtirish bayonnomalari, daliliy ashyo, Toshkent shahar DSB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan qisqa muddatli tekshiruv dalolatnomasi va unga ilova qilingan hujjatlar va hujjatli tekshiruv dalolatnomasi bilan hamda jinoyat ishidagi to‘plangan boshqa dalillar bilan isbotlandi.
Sud I.Cattorovning jinoiy harakatlarini ko‘rib chiqib unga JKning 189-modda 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 57-moddasiga asosan har oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolish sharti bilan 3 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi va JKning 45-moddasiga muvofiq qo‘shimcha jazo tariqasida bir yil muddatga rahbarlik hamda moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan muhrum qilish jazosi tayinlandi.
“Toma-toma ko‘l bo‘lur” deydi dono xalqimiz. Halol mehnati bilan tomib turgan nasibasiga rozi bo‘lmagan I.Cattorov qing‘ir yo‘l bilan boylik orttirish yo‘liga o‘tdi va natijada qilmishi fosh bo‘lib, el-yurt oldida yuzi shuvut bo‘ldi. Agar sabr va qanoat bilan mehnat qilganda o‘zi orzu qilgan barcha narsaga erishardi. Axir bejizga «Halollikda hikmat ko‘p» deyishmaydi.
Aziz ABDULLAYEV,
Yunusobod tuman prokurorining katta yordamchisi