Musiqa va tarbiya
Odamzod kuy bilan birga yaratilgan degan aqida bor. Hayot tarzimizni teran kuzatsak bu so‘zlarga to‘la-to‘kis qo‘shilish mumkin. Chunki, bizning kulgumiz ham, yig‘imiz ham kuy, musiqa, lirika asosiga qurilgan. Aytishlaricha Alloh Odam Atoga sokin kuy bilan ruh kiritgan ekan.
Milliy kuylarimizdan bo‘lmish “Cho‘li iroq” va “qadim Segoh” kuylarini tinglaganimizda bu fikrlarning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilamiz. Asabni dam oldiruvchi kuy ko‘proq mumtoz musiqamizda mavjuddir. Ayniqsa, milliy musiqa asboblaridan – nay, g‘ijjak, dutor, tor, rubob, chang, qo‘biz, jahon musiqa asboblaridan – skripka, saksafon, pianino, organ kabilarda ijro etilgan lirik kuylar asablarning dam olishiga, tinch-sokin holatga kelishiga kuchli ta’sir qiladi. Musiqiy asboblarning mazkur turlarini misol qilib keltirishimiz shartli bo‘lib, bir asbobni o‘zida chalingan kuy turiga qarab asabni dam oldiruvchisini ham va yoki aksincha asabiy holatga keltiruvchisini ham uchratamiz. Yuqorida sanab o‘tilgan musiqa asboblaridan bizdagi childirma, ya’ni doira G‘arb mamlakatlaridagi barabanlardan farqli ravishda mushaklarni harakatga keltiruvchi emas, balki, qalbni allalovchi mayin kuy ijrosi kishining asab tizimiga, emotsional holatimizning tinchlanishiga samaraliroq ta’sir ko‘rsatadi.
Asabni dam oldirish va tinchlantirish ko‘proq musiqa asbobigina emas, balki ijro etilayotgan musiqa turiga, cholg‘uchining ijro mahoratiga, kuy ohangi mazmuniga, uning qay darajada shaxsni emotsional holatiga mos tushishiga bog‘liq. Aniqlanishicha, asabni tinchlantiruvchi musiqa bu – lirik kuy bo‘lib, baland – bo‘lmagan ovozda bir maromda ijro etilishi kerak. Asabni tinchlantiruvchi, kishini ruhiy zo‘riqish holatidan chiqaruvchi, ruhiy holatiga orom beruvchi, ya’ni xush kayfiyat ulashuvchi maxsus musiqa kuylari psixologlar tomonidan targ‘ib qilinadi.
G‘arb dunyosini faqat qora bo‘yoqlarda ko‘rsatish ham adolatdan emas, albatta. Shu ma’noda jahonga mashhur bastakorlar: Betxoven, Motsart, Bax, zamondosh bastakorlar yaratgan musiqa holat va kayfiyatga qarab insonga turlicha ta’sir qilishi aniqlangan. Ular bastalagan kuylar ezgulik va insonparvarlik ruhida bo‘lgani uchun ham hanuz muxlislar tomonidan sevib tinglanadi. Hatto ba’zi mukammal kuylar umidbaxsh va xayotbaxshligi bilan farqlanib, tibbiyotda qo‘llanayotgani hamda yaxshi samara berayotgani ham e’tiborga loyiqdir.
Zamondosh olimlar musiqani suv kristallariga qanday ta’sir qilishini o‘rganib hayratlanarli natijaga kelganlaridan xabaringiz bordir. Suv unsurlar ichida o‘z ta’sirchanligi bilan ajralib turadi va bu ba’zi sohalardagi eksperimentlarda qo‘l kelmoqda. Rep, rok kabi “taqir-tuqur” musiqa sadosi ostida qolgan suv kristali xunuk, g‘alati, qo‘rqinchli manzara kasb etgani holda, yoqimli, sokin musiqa sadosi eshittirilgan suv kristali xuddi sovuqda derazamiz oynasiga gul yasaydigan qor uchqunlaridek rang-barang naqshlarga aylangani aniqlangan. Modomiki, suv shunday ta’sirchan ekan, yarmi suvdan va nozik to‘qimalardan iborat inson qalbi, yosh, murg‘ak farzandlarimiz yuragi musiqa eshitib qanday manzara kasb etarkin? Yoqimsiz musiqalar qalbga qanday naqsh solarkin?
Musiqaga oid milliy mumtoz adabiyotni Abu Nasr Forobiyning musiqa to‘g‘risidagi asarlarini o‘qish va shu asosda yoshlarimizning musiqiy saviyasini oshirish lozim.
Kishi qanday musiqa tinglagani ma’qul? Psixologik nuqtai nazardan yondoshadigan bo‘lsak, ko‘ngillarga orom baxsh etib, ko‘z oldingizda tabiat go‘zalligini, yomg‘ir shivirlashi-yu, qor parchalarining o‘ynoqlab yog‘ayotgan manzaralarini gavdalantiradigan musiqa tinglash asablar uchun nihoyatda foydalidir.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA