Bir mushtning “baho”si qimmatga tushdi
Samandar Toshkent sanoat va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi. U o‘n yetti yosh. Tengdoshlari kabi u ham o‘zining qobiliyatini ko‘p narsalarga qodir ekanini yon-atrofdagilarga ko‘rsatib qo‘yishga intildi. Samandarning yoshidagi o‘smirlar psixologiyasida bunday o‘zgarishlar kuzatilishi, tabiiy.
Biroq, yoshgina yigit mamlakatimizda yaratib berilgan bilim olish, sport bilan shug‘ullanishdek imkoniyatlardan foydalanib, el-yurt manfaatlari uchun xizmat qiladigan yetuk inson bo‘lishni o‘ziga “ep” ko‘rmadi. U qing‘ir yo‘ldan yurishni afzal bildi. Mamlakatimizdagi huquqiy hujjatlarda belgilangan inson huquqlarini mensimadi.
Samandar Salmenov 2017 yilning 12 may kuni soat taxminan 11: 30 larda Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani Shahriobod ko‘chasida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzdi. U hech bir sababsiz tengdoshi bo‘lgan, voyaga yetmagan G‘. Hamidullayevning yuz qismiga bir marotaba musht bilan urib, unga tan jarohati yetkazdi.
O‘tkazilgan sudga oid tibbiy ekspertizaning 2017 yil 31 may kunidagi xulosasiga ko‘ra jabrlanuvchining bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, yuqori jag‘ning 1-tishlarini o‘ng va chap tomonlaridan to‘liq chiqishi, pastki labning shilliq qavatining ezilib, yirtilgan yarasi bilan bog‘liq jarohatlari borligi aniqlandi. Bu tan jarohati og‘irlik darajasiga ko‘ra sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati deb topildi.
Mazkur ish yuzasidan 2017 yilning 24 avgustida Mirzo Ulug‘bek tumani “Shalola” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sayyor ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda jabrlanuvchi G‘. Hamidullayev qonuniy vakili X. Alimov ishtirokida sudga ariza taqdim etdi. Arizada ular ayblanuvchi S. Salmenov bilan o‘zaro yarashgani, unga nisbatan moddiy va ma’naviy jihatdan da’vosi yo‘qligi bayon etilgan edi. G‘. Hamidullayev ixtiyoriy yarashuv munosabati bilan jinoyat ishini harakatdan to‘xtatishni so‘radi.
Sud S. Salmenovning chin dildan pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, yarashuvga roziligi, jabrlanuvchiga nisbatan yetkazgan zararni to‘liq qoplagani, jabrlanuvchining unga nisbatan moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligini, yarashuv ixtiyoriy ekani hamda yarashuv haqidagi arizalarni qanoatlantirishni so‘ragani inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi talablariga asosan jinoyat ishini harakatdan tugatishni lozim deb topdi.
Ha, xalqimiz kechirimli. Birovning bolasigada og‘ir bo‘lmasin, hayotda qiynalib qolmasin, deb aybiga ko‘z yumadi. G‘. Hamidullayev ham ana shu yo‘ldan yurdi. U unga nisbatan tan jarohati yetkazgan S. Salmenov bilan yarashdi. Ammo Samandar mamlakatimizda qonun ustuvor ekani, har qanday jinoyat jazosiz qolmasligini tushunib yetdi. Bu unga yaxshigina saboq bo‘ldi.
Yoqutxon HAYDAROVA,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi raisi