Mas’uliyat hissi – bilimlar cho’qqisiga yetaklaydi

Orzular insonga parvoz uchun berilgan mustahkam qanotdir. Ana shu tuyg’ular bor ekan, insoniyat doimo harakatda, intilishda, yuksalishda bo’ladi. Axir umrning butun ma’nosi mavhumlikni to’xtovsiz zabt etish, tobora va hamisha ko’proq bilishga intilish emasmi?

Men ham Vatanimning musaffo osmonida o’z orzulari ila qanot qoqib parvozga shay­lanayotgan kabutar misolidirman. Katta orzuim kelajakda bolalar shifokori bo’lish. Ustozimning so’zlariga qaraganda bu kasb nihoyatda mas’ulyatli soha bo’lib, unda bola ko’nglini topib, uning kasalligiga aniq va tezkorlik bilan tashxis qo’ymoq lozim ekan. O’z kasbining mohir mutaxassisi bo’lmoqlik uchun chuqur bilim egasi bo’lish darkor. Shuning uchun bor diqqat-e’tiborimni aniq fanlarni chuqurroq o’rganishga qaratyapman.

Bunda menga onajonim – Dilshoda Abdulhakimova yaqin­dan yordam beradi. Ham volidam, ham ustozim menga fanning qizi­qarliligini, u hayotiy fan ekanligini turli misollar bilan o’rgatib bordi.

O’qituvchining qizi bo’lish mazza, a’lo baholar naqd, deyayotgandirsiz? Men bunday o’ylamagan bo’lar edim. To’g’risini aytsam, o’zingga saboq beradigan ustozning farzandi bo’lish qiyin. Sinfdoshlarim ham meni boshqa fanlardan ko’ra aynan shu biologiya fanidan o’zlashtirishimga e’tibor qaratishardi. Ammo men nafaqat biologiyaga, balki boshqa fanlarga ham chuqur tayyorgarlik ko’rib, hamisha sinfning faol o’quvchisi bo’lishga intilardim. Sababi menga qo’yilayotgan baholar o’qituvchining qiziga emas, Sarvinoz Abdualimovaning egallagan bilimiga qo’yilishini istayman. Adolat bo’lsagina, ha­mi­sha taraqqiyot va yuksalish bo’ladi. Oyijonim ham ana shu mas’uliyatni his etgan holda menga qattiqqo’llik bilan fanlarni o’zlashtirishimni nazorat qiladi.

Insondagi mas’uliyat uni kamolotga erishishida katta xizmat qilar ekan. Men ham maktabda yaxshi bilim egallab, faol o’quvchi nomini olishimda ana shu mas’uliyat hissi katta saboq vazifasini o’tadi.

Maktabni bitirdim-u, o’z maqsadim sari asta yaqin­lasha­yotganimdan yuragim yana bir bor entikib ketdi. Chunki, maktabni tugatib o’z bilim va malakamni Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi 1-sonli Yunusobod akademik litseyida tahsil olish jarayonida oshir­moq­chiman.

Istardimki, ana shu mas’uliyat va orzularga intilish tuyg’usi meni va bitiruvchi tengdoshlarimni aslo tark etmasin.

Sarvinoz Abdualimova,

Yunusobod tumani, 258-maktabning 9-sinf o’quvchisi

Яна ўқинг:  Istiqlolning istiqbolli farzandi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: