Ayol omon bo‘lsa, oila charog‘on
Tibbiyot sohasi xodimi bo‘lish insondan katta kuch, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashish va fidoyilikni talab etadi. Boisi, odamlar salomatligi, hayoti bevosita ular bilan bog‘liq.
Shifokor bemor dardini yengillatishi uchun unga kerakli tavsiyalar beradi, har bir xasta inson bilan shirin muomalada bo‘ladi. Ayniqsa, u muolaja jarayonida kasal odamning salomatligini nazorat qiladi. Shunday ekan ushbu kasb egalarini har qancha e’zozlasak oz.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 35-oilaviy poliklinikasida faoliyat yuritayotgan malakali va tajribali ginekolog Nargiza Qilicheva ham ana shunday o‘z kasbining fidoyilaridan. U mana 23 yildirki, ushbu sohada samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Lavhamiz qahramoni o‘zining mehribonligi, to‘g‘riso‘z va jonkuyarligi bilan hamkasblari orasida alohida ajralib turadi. Ushbu tibbiy muassasadan ro‘yxatdan o‘tgan tug‘ruq yoshidagi ayollar uning doimiy nazoratida.
– O‘tib borayotgan yil muassasamizda 600 nafardan ortiq homilador ayol ro‘yxatga olingan, – deydi Nargiza Qilicheva. – Bilasizmi, ginekologning mas’uliyati og‘ir. U hali yorug‘ dunyoni ko‘rmagan homilaning salomatligi uchun ham javobgar. Shuning uchun tug‘ruq yoshidagi ayollar bilan do‘stona suhbatlashaman. Ularga o‘z salomatligini asrashi haqida hayotiy misollar asosida tushuntirish ishlarini olib boraman. Ularda kasallik alomatlarini sezsam, darhol chora ko‘rish zarurligini uqtiraman. Zero, ona salomat bo‘lsagina, homila yaxshi rivojlanadi. Sog‘lom bola dunyoga keladi.
Uch farzandning onasi Nargiza opadan farzandlar tarbiyasida ham o‘rnak olsa arziydi. Katta o‘g‘li Kamoliddin Samarqand iqtisodiyot universitetining 3-bosqich talabasi. Farzandlari orasida kasbining davomchilari ham bor. Ikkinchi o‘g‘li Azizbek Sochi tibbiyot instituti davolash bo‘limining 1-bosqich talabasi.
Aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar zamirida sharafli soha vakillarining mashaqqatli mehnati yotadi. Tibbiyot xodimlarining ezgu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlari sabab shifokorlik kasbi bugun yuksak maqomga erishdi. Nargiza Qilicheva kabi fidoyi tibbiyot xodimlari bor ekan, yurtdoshlarimizning bu kasb egalariga ishonchi, mehri va hurmati kun sayin ortib boraveradi.
Charos XUSHVAQTOVA