Onalik baxti ostonasida

Davomi, boshi: 1, 2, 3

Homilaning rivojlanish bosqichlari

Odatda homiladorlik davri 280 kun davom etadi. Ushbu muddatni kalendar oyi bilan 9 oy, akusherlik oyi bilan esa 10 oy hisoblanadi, ya’ni 40 hafta deb aytiladi. Shu muddat davomida urug‘langan tuxum hujayradan dastlabki oy ichida odam embrioni, so‘nggi oylarda esa homila shakllanadi. Homilaning asosiy yoshi yuqorida qayd qilganimizdek, hayz sikli bilan belgilanadi(ovulyasiya muddatini aniq bilish ba’zan qiyin bo‘ladi). Homiladorlikning birinchi oyida tuxum hujayra bo‘linadi, embrion va uning pardalari vujudga keladi. Embrionning birinchi ikki oyidagi hayotida inson embrioni deb hisoblash mumkin bo‘lmaydi. Ya’ni, uni hayvonlar embrionidan ajratish qiyin bo‘ladi. Uchinchi oyning oxirida embrion asta-sekin odam ko‘rinishiga kirib, homila nomini ola boshlaydi. Uning tanasidagi dumga o‘xshash qism kaltalashadi. Tanasiga nisbatan katta boshida ko‘z, burun va og‘izning boshlang‘ich qismi va tashqi jinsiy a’zolar bilina boshlaydi. Qorin bo‘shlig‘i bekilgan bo‘ladi

Homiladorlikning uchinchi oyida homilaning uzunligi 8-9 sm va og‘irligi 20-25 gr. bo‘ladi. Uning oyoq – qo‘llari shakllanadi. Boshi bilan tanasining uzunlik nisbati normallasha boradi. Oyoq-qo‘l barmoqlari va tirnoqlarining boshlang‘ich alomatlari ko‘rina boshlaydi. Tashqi jinsiy a’zolar shakllanadi. Homila oyoq-qo‘llari bilan qimirlash qobiliyatiga ega bo‘ladi. Lekin bu harakatlar hali sust bo‘lgani uchun ona buni sezmaydi.

4-oyning oxirida uning uzunligi va og‘irligi 120 gr. jinsi aniq bilinadi. Homilaning qo‘l va oyoqlari faolroq qimirlaydigan bo‘ladi. Lekin onaga hali bu bilinmaydi. Homilaning terisi juda yupqa qizg‘ish rangda bo‘lib, teri osti yog‘ qavati butunlay bo‘lmaydi.

Homiladorlikning 5-oyi oxirida homilaning uzunligi 25 sm (oy-kuni yetgan homila uzunligining yarmi), og‘irligi taxminan 300 gr. bo‘ladi. Boshining uzunligi homila umumiy uzunligining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Paydo bo‘lgan yog‘ bezlaridan yog‘ moddasi ajrala boshlaydi. Ajralgan yog‘ bilan ko‘chgan teri epidermisi, qazg‘oq aralashib, kul rang yog‘ vernix caseosani hosil qiladi. Bu yog‘ homilaning tanasi, peshonasi, orqasi va oyoq-qo‘llarini qoplaydi. Bu davrda homilaning terisi to‘q qizil rangga kirib, u mayin tuklar bilan qoplangan bo‘ladi.

Homilador ayolning qorin devori orqali stetoskop yordamida homilaning yurak urishi eshitiladi. Homilaning oyoq-qo‘llari endi onasiga sezilarli darajada ancha kuchli qimirlaydi. Uning ichaklarida o‘t bilan bo‘yalgan axlat (mekoniy) bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Bolalikdagi ruhiy siqilish uzoq vaqtgacha salbiy asoratini qoldiradi

Homiladorlikning 6-oyi oxirida homilaning terisi qarilarnikiga o‘xshab burishgan, boshi va tanasining hamma yuzasi tuk bilan qoplangan, quloq va burun tog‘aylari yumshoq, tirnoqlar barmoq uchlariga yetmagan bo‘ladi. Tug‘ilajak o‘g‘il bolalar va qizchalarda hali jinsiy a’zolar yetarlicha rivojlanmagan bo‘ladi.

7-oylik homilaning uzunligi 35 sm, og‘irligi 1000–1200 gr. bo‘ladi. Agar go‘dak shu oyda tug‘ilsa, tibbiy muassasada juda yaxshi parvarish qilinganda yashab ketishi mumkin.

8-oy oxirida homila terisi ancha tekis va mayin tuklar bilan qoplangan bo‘ladi. Homila uzunligi 40 sm, og‘irligi 1500–1600 gr. ga yetadi. Bu muddatda tug‘ilgan chaqaloq ham xuddi yetti oy oxirida tug‘ilgan mittivoy kabi yaxshi sharoitda parvarish qilinsa, yashab ketishi mumkin.

9-oy oxirida homilaning teri ostidagi yog‘ qatlami ancha ko‘payishi natijasida terisidagi burishgan joylar tekislanib, uning ranggi och pushti bo‘lib qoladi. Tuklar kamayadi, boshdagi sochlar uzunlashadi, tirnoqlar o‘sib, barmoqlar uchlariga yetadi. Quloq, burun tog‘aylari ancha qattiqlashadi. Homila yetila boshlaydi. Sog‘lom tug‘ilgan homila qattiq qichqiradi, ko‘zini bemalol ochadi va odatda onasini ema oladi. Bunday chaqaloq deyarli yashashga qobiliyatli bo‘ladi. Bu vaqtda homilaning uzunligi 45 sm, uning og‘irligi 2400–2500 gr. ga yetadi.

Akusherlik hisobi bo‘yicha 10-oyda homila yetarli darajada rivojlanadi. Uning terisi och pushti rangda, tekis, tirnoqlari o‘sib, barmoqlari uchiga yetgan bo‘ladi. 5-oyda homilaning boshi uning gavda uzunligining uchdan bir qismini tashkil qiladi. 10-oy oxirida esa bu ko‘rsatkich to‘rtdan birini tashkil qilib, homila boshi bilan gavdasining nisbati normal holga keladi. Bu muddatda homilaning bo‘yi 50 sm. ga, og‘irligi 3200-3500 gr. ga yetadi.

Homiladorlik davri akusherlik hisobi bo‘yicha 3 trimestrga bo‘linadi. Bu davrning 1–homila 12-13 haftalik bo‘lguncha, 2–esa – 26-27 haftagacha va 3–trimestr – 28–40-(42) haftagacha deb hisoblanadi.

Tug‘ilajak farzandning to‘rt muchasi sog‘lom tug‘ilishi uchun oilada barcha kattayu kichik bo‘lajak onani ruhan va jismonan qo‘llab-quvvatlashi zarur. Uning og‘ir yuk ko‘tarishi mumkin emas. Chunki, homila tushish ehtimoli mavjud. Ona asabiylashsa bolaga salbiy ta’sir etadi. Bu esa kelajakda uning asab tizimiga jiddiy ta’sir etadi. Go‘dak tug‘ilgach injiq va yig‘loqi bo‘ladi. Ona qornidalik vaqtidayoq homilaga tashqaridan ta’sir etgan turli zararli va salbiy omillar albatta, uning kelgusi hayotida depressiya (tushkunlik), stress ( ruhiy zo‘riqish) shaklida o‘z aksini ko‘rsatadi. Shu sababli nafaqat bo‘lajak ota-ona ichish, kashandalik va giyohvand moddalarni iste’mol qilish, toksimaniya kabi zararli odatlardan xoli bo‘lishi kerak, balki homilador onaning atrofidagi boshqa oila a’zolari ham sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilishlari shart. Zero, kashandalar uning yonida cheksa bo‘lajak ona passiv chekuvchiga aylanadi. Bu esa homilaga jiddiy va salbiy ta’sir etadi.

Yana o‘qing:  Butunjahon olimpiadasi yakuniga yetdi

Yana homilador ayol o‘z vaqtida to‘yib uxlashi shart. Shuningdek, u sifatli, to‘yimli va to‘g‘ri ovqatlanishi muhim ahamiyatga ega. Bo‘lajak ona faslga mos ravishda tabiiy tolali, havo o‘tkazuvchan matolardan kiyim kiyishi kerak.

Past va qulay oyoq kiyim kiyishi esa uning yurishini yengillashtiradi.

Ochiq havoda sayr etish homilador ayol qonini kislorodga to‘yintiradi. Bo‘lajak onani qabziyat bezovta qilmasligi darkor. Ko‘proq u meva-sabzavotlarni iste’mol qilishi lozim. Chunki, bu mahsulotlar ichni ravon qilishga yordam beradi. Ammo ichni dam qilib, yel to‘playdigan dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat, yasmiq) va sarxil uzum, turshak, sut iste’mol qilganda homilador ayol albatta, arpabodiyon o‘simligi urug‘idan choy o‘rnida damlama ichishi maqsadga muvofiq. Bu damlama yel haydaydi.

Shuningdek, homilaning suyaklari normal shakllanishi uchun tarkibida kalsiy moddasi mo‘l bo‘lgan sut va sut mahsulotlari hamda chala pishirilgan tuxum, pishloq tanovul etishni homilador ayolga tavsiya etamiz. Qattiq qaynatib pishirilgan tuxum ichni qotiradi. Ich qotishi esa bo‘lajak onaga ham homila uchun ham zarar.

Yulduz JABBOROVA,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: