Maqom – asrlar osha bardavom
Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi.
Asrlar davomida ulug‘ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san’at nafaqat yurtimiz va Sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida ham katta shuhrat va e’tibor qozongan.
“Ustoz-shogird” an’analari asosida asrlar davomida yashab kelayotgan xalqimizning madaniy merosi, xalq tafakkuri mahsuli bo‘lgan maqom yo‘nalishi yosh xonanda Quvonchbek Do‘stmurodov ijodida ham muhim o‘ringa ega.
Bolaligidan musiqa san’atiga o‘zgacha ixlos bilan ulg‘aygan Quvonchbek dastlab musiqa kollejida, so‘ng O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining musiqali drama aktyorligi bo‘limida tahsil oldi. Talabalik davrida Quvonchbekka ustozlari tomonidan yuksak ishonch bildirildi. Buning natijasi o‘laroq, u ko‘plab, tadbirlar va tanlovlarda faol ishtirok etdi. Xususan, 2011 yil o‘tkazilgan “Eng yaxshi ijrochi talaba”, “Eng yaxshi ovoz sohibi” ko‘rik-tanlovlarining g‘olibiga aylandi. Umidli hofiz bu yutuqlar bilan to‘xtab qolmadi. Oliy o‘quv yurtini tugallash arafasida, aniqrog‘i, 2013 yil O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining “Ijodkor yoshlar” festivalida “Yilning eng yaxshi qo‘shiqchi yigiti” nominatsiyasi bo‘yicha birinchilikka sazavor bo‘ldi. Xuddi o‘sha yili o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan” respublika ko‘rik-tanlovida ham munosib ishtirok etdi.
Hozirda Quvonchbek Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli yakkaxon xonandasi sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
– Insonning o‘zi tanlagan sohasida erishgan har bir yutug‘ida ustozning o‘rni beqiyos. O‘zbek milliy ashula va qo‘shiqchilik san’ati, Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishidagi maqomlarni o‘zlashtirishimda ustozim O‘zbekiston xalq hofizi Beknazar Do‘stmurodovning hissasi katta, – deydi suhbatdoshimiz. – Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori biz kabi soha ijodkorlari ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Zero, xalqimiz va navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ular qalbida milliy mumtoz kuy va ashulalarga mehr uyg‘otishda maqom san’ati muhim o‘rin tutadi.
Umidli hofiz davlat tadbirlarida, xalq konsert va bayramlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Yaqinda “Istiqlol” san’at saroyida o‘tkazilgan “Maqom kechasi” dasturida rost maqomidan “Navro‘zi-sabo” (Ogahiy g‘azali) ashulasini Sunnatilla Yunusov bilan birgalikda ijro etib, muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, xususan, maqom san’atini rivojlantirish yo‘lida o‘zining yorqin ijodi bilan mehnat qilib kelayotgan yosh hofiz Quvonchbekka kelajakdagi ishlarida zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz.
Xurshida TOLIPOVA