O‘zbekiston pediatriyasi: yechimini topgan muammolar va rivojlanish istiqbollari
Millat genofondini yaxshilash, salomatlik ko‘rsatkichlarini ijobiy tomonga o‘zgartirish ona va bola salomatligi muhofazasidan boshlanadi. Bu tibbiyotning o‘zgarmas qonunidir. Shu nuqtai nazardan onalik va bolalik muhofazasi hamisha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “O‘zbekiston hududlarida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish holati va istiqbollari. Pediatriyada innovatsion masalalar” mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi fikrimizning yaqqol dalilidir. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 250 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning respublikada sog‘liqni saqlash tizimi muammolarini bartaraf etish va rivojlanish istiqbollariga yo‘naltirilgan topshiriqlari ijrosi, bolalarga ko‘rsatilayotan tibbiy yordamni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amaliy natijalari, tizimda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar va istiqbolli rejalar tahlil qilindi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari viloyat, tuman miqyosidagi tibbiyot muassasalari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash uchun, vertikal boshqaruv sifatini oshirish va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni muvofiqlashtirish uchun Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari Hududlararo bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazlari (BKTTM) deb belgilandi. Ushbu BKTTMlarni alohida markazlar sifatida ajratilishi, eng avvalo, bu hududlarda oliy o‘quv yurtlarining mavjudligi, shuningdek, markazlarning tashkiliy va kadrlar potensiali asos bo‘ldi. Bolalarga tibbiy yordamni tashkillashtirish va muvofiqlashtirish Kengashi tuzildi.
Hududlararo markaz oliy tibbiy o‘quv yurtlari bilan birgalikda biriktirilgan BKTTMlar faoliyatini muvofiqlashtirib, ushbu hududlarda barcha yordam ko‘rsatish bosqichlarida bolalarga samarali tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Hududiy tibbiyot muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatish rejasi asosida Markaz mutaxassislari o‘ndan ortiq hududlararo bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazlari, 150 ga yaqin tuman/shahar tibbiyot markazlari, 90 ga yaqin QVP/OPlarga amaliy yordam ko‘rsatdi. Quvonarlisi, ushbu tadbirlar doirasida asosiy e’tibor uzoq va chekka hududlarda joylashgan tibbiyot muassasalariga qaratildi.
Davlatimiz rahbarining ixtisoslashtirilgan yordamni viloyatlarga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida 70 ga yaqin seminar va ma’ruzalar o‘tkazildi va ularda 3 ming 200 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari qatnashdi. Hududiy VBKKTMning mutaxassislari Rossiya, AQSH, Germaniya, Belarus, Koreya Respublikasi, Litvaning yirik klinikalarida malaka oshirdilar. Markaz va hududiy VBKTTMlari mutaxassislari uchun Markazda Germaniya, Rossiya, Litva, AQSHning yetakchi mutaxassislari tomonidan seminar, ko‘rgazmali jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslari o‘tkazildi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda 2014–2018 yillarda onalar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish, aholi reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosini amalga oshirishda erishilgan yutuqlar bilan birga, respublikadagi bolalar salomatligi ko‘rsatkichlari, onalar, bolalar va go‘daklar o‘limi darajasi, birinchi navbatda, bolalar kasalliklarini davolash va diagnostikasi bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, ayollar va bolalar patronaj tizimini takomillashtirish, shuningdek, kadrlar bilan ta’minlanish va ularning potensialini oshirish masalalarini yaxshilash va qo‘shimcha tabdirlarni ishlab chiqish zarurligi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda birlamchi bo‘g‘in va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatning o‘zaro hamkorligi natijalari bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Darhaqiqat, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofazalash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimining joriy etilishida ham ayni shu maqsad ko‘zlangan. Shuningdek, bolalarda genetik sindromlarni erta tashxislash, tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kabi nasliy kasalliklarga chaqaloqlarni ommaviy (95 foiz qamrovli) skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari tarkibida bolalar anesteziologiyasi va reanimatsiyasi bo‘limlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumki, qishloq oilaviy poliklinikalarida ginekolog va pediatr vrachlarning ishlayotgani aholi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Hozirda ehtiyoj o‘rganilgan holda shtatlar jadvali qayta ko‘rib chiqilayotganligi onalar va bolalarga tibbiy-profilaktik yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishi, shubhasiz.
Konferensiyaning yana bir yo‘nalishi pediatriyada innovatsion masalalariga bag‘ishlandi. Bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni barcha tarmoqlarida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni tatbiq etish natijalari va ularni bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirishdagi ahamiyati ko‘rib chiqildi. Gepatologiya markazi faoliyatining ilmiy yutuqlari, bolalarga ko‘rsatilayotgan ambulator-poliklinika xizmatining rivojlanish istiqbollari, O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarida tibbiy xizmatni yaxshilashdagi istiqbollar, erta neonatal davrda chaqaloqlarning kritik holatlarida tibbiy yordam ko‘rsatish, erta yoshdagi bolalarda respirator kasalliklar, bolalarda me’da ichak tizimi, yurak qon-tomir tizimi kasalliklari, surunkali jigar kasalliklari, LOR kasalliklari, bolalar yuqumli kasalliklarini zamonaviy muammolari hamda bolalar va o‘smirlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish istiqbollari yoritib berildi.
Xurshida HUSENOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri