Sergaklik inson umrini uzaytiradi
Halima xola o‘g‘li Qodirjonning barvaqt uyg‘onmaganiga hayron bo‘ldi.
“Kecha ishdan toliqib, kech kelgandi, shunga uxlab qolgan bo‘lsa kerak”, deya xayolidan o‘tkazdi. Oradan yarim soat o‘tgach, ona o‘g‘lining uyg‘onmaganidan taajjublanib, u yotgan xonaga bosh suqdi. Eshikni ocharkan, dimog‘iga gazning achchiq hidi urildi. Xayoliga kelgan dahshatli fikrdan darhol sergak tortib, to‘shakda chalqancha yotgan o‘g‘lini turg‘izishga urindi. Biroq, Qodirjon uyg‘onay demasdi. Xola jon holatda uydagilarni yordamga chaqirdi. Yaqinlari kelgunicha sabri chidamay, o‘g‘lini dahlizga bor kuchi bilan sudray boshladi. Qodirjon oila a’zolarining sa’y-harakatlariga qaramay, o‘ziga kelmadi. Faqat “Shoshilinch tibbiy yordam” brigadasi shifokorlarining o‘z vaqtida ko‘rsatgan muolajalari sababligina u omon qoldi. O‘sha kuni Qodirjon xonani isitish maqsadida tuni bilan yoqib qo‘yilgan gaz uskunasidan chiqqan is gazi oqibatida hushini yo‘qotgan edi…
Yurtimizda kunlar soviy boshlashi bilan aholi o‘rtasida turli isitish uskunlaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi. Bu esa afsuski, ayrim hollarda turli noxush holatlarga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida turli tashviqot-targ‘ibot va profilaktik tadbirlarni muntazam ravishda olib borilishiga qaramay, yurtimizda ba’zan fuqarolarning is gazidan zaharlanishi hamda ayrim hududlarda havo-gaz aralashmasi chaqnashi natijasida portlash va yong‘in holatlari kuzatilmoqda.
– Yoqilg‘i mahsulotlari orasida nisbatan xavflirog‘i tabiiy gaz hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi FVV “Qamchiq” MQQB RKB(b)M bo‘linmasi boshlig‘i Sherzod Qudratov. – Tabiiy gazdan foydalanganimizda go‘yoki, u to‘liq yonayotgandek tasavvur uyg‘onadi. Aslida tabiiy gaz to‘liq yonmasligi natijasida xona ichida zaharli gaz to‘planib, uning oqimi bexosdan uzilib qolishi ehtimoldan xoli emas. Ayrim fuqarolarimiz gaz plitasini yoqib qarovsiz qoldiradi. Isitish tizimlariga gazni ulashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida portlash, yong‘in kabi noxush holatlar sodir bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda is gazi (SO) iste’molchilar foydalanayotgan tabiiy gazning to‘liq yonmasligi, ko‘mir va organik moddalarning chala yonishidan vujudga keladi. Tutun tarkibida 3 foiz, ishlangan gazda 13 foiz, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60 foizgacha is gazi bo‘ladi.
Shuningdek, is gazining 0,1 foiz konsentratsiyasi ham insonning o‘limiga sabab bo‘ladi. U yuqori nafas yo‘llari va tana a’zolariga kuchli ta’sir qilib, butun organizmni, xususan, markaziy asab tizimini zararlaydi. Zaharlanish is gazining havodagi konsentratsiyasi va ta’sir muddatiga bog‘liq bo‘lib, yengil, o‘rta va og‘ir darajada kechadi. Ushbu gaz gemoglabin va kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma karboksigemoglabinni hosil qiladi. Natijada gemoglabinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiya, (to‘qimalarda kislorod yetishmovchiligi)ga, og‘ir holatlarda esa anoksiya va o‘lim holatiga olib kelishi mumkin.
– Qaysi darajada bo‘lishidan qat’iy nazar zaharlangan odamning boshi qattiq og‘riydi va aylanadi. Shuningdek, uning ko‘ngli aynib, qayt qiladi, – deydi mutaxassis Sh. Qudratov. – Ba’zan bemor hushidan ketib, uning nafas olishi sekinlashadi. Yana insonning a’zoi badani qizib ketadi, tana holsizlanadi va bemorning ko‘ziga uyqu keladi. Ayniqsa, is gazi kasalmand kishilar, keksalar va bolalarga tez ta’sir qiladi. Agar insonda zaharlanish kuzatilsa, unga tezlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kerak. Bemorni zudlik bilan toza havoga olib chiqish zarur. Agar u yuzaki nafas olayotgan yoki nafas olishi to‘xtab qolgan bo‘lsa, xastaning sun’iy nafas olishi uchun sharoit yaratiladi. Bemor hushida bo‘lsa, tanasining yuqori qismidagi kiyimlarning tugmasini yechish kerak. Unga issiq choy yoki qahva ichiriladi.
Shuning uchun ham aholi qish mavsumi boshlanishi bilan mavjud pechlar, qozonxonalar, suv isitish kolonkalarining sozligi, mo‘rilarning tozaligiga e’tibor berishlari, nosoz, nostandart, qo‘lbola yasalgan isitish va gaz moslamalaridan foydalanmasliklari lozim.
Unutmang, agar xonada tabiiy gaz yig‘ilib qolsa, zudlik bilan derazalarni ochib, uyni shamollatish, elektr jihozlarini yoqmaslik, agar ular yongan bo‘lsa o‘chirmaslik lozim. Gaz jo‘mraklarini berkitish, yorilgan, singan joylar aniqlansa, gaz ta’minoti idorasi yoki avariya-qutqaruv xizmatiga zudlik bilan xabar berish kerak.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri